x

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Sog`liqni saqlashni mustahkamlash bo`yicha direktori Rudiger Krech Global tamaki iste'moli bo`yicha hisobotini e'lon qildi.

Rudiger Krechning 16 yanvar kuni Jenevada so`zlagan nutqida tamaki iste'moli dunyo bo`ylab pasaygani, chekishni tashlash bo`yicha Afrika yetakchilik qilishini aytib o`tdi.

Unga ko`ra, agar 2000-yilda har 3 nafar katta yoshdagilardan biri chekuvchi bo`lsa, 2022-yilda bu ko`rsatkich 5 kishidan 1 nafarga kamaygan.

Yangi ma'lumotlar chekish global miqyosda pasayib borayotganini ko`rsatsa-da, JSST bu holat bolalar orasida elektron sigaretalar va veypinglardan foydalanishning oshishi bilan bog`liqligini bildirdi.

“So`nggi 4-5 yil ichida bu tashvishli o`sishdir. Qator mamlakatlarda biz elektron sigaretalar va veyping qurilmalaridan foydalanish maktab yoshidagilar orasida ommalashayotganini kuzatyapmiz. Buyuk Britaniya va AQShda kashandalikning yangi turi oldingi ko`rsatkichlarga qaraganda 150 foizga, shuningdek, bolalar orasida ikki barobarga ko`paygan”, deydi Rudiger Krech.

Krech tamaki sanoatini ayyorona usullar orqali xaridorlarini oshirishda ayblamoqda.

Uning so`zlariga ko`ra, tamaki korxonalari, hattoki, 8 yashar bolalarni ham elektron sigaret yoki filtrli sigaretdan foydalanishga undayapti.

“Bu harakatlar o`limga olib kelishini bilgan har bir inson ularni jinoyatda ayblashi aniq”, degan u.

Tadqiqotlar aksariyat mamlakatlarda 13-15 yoshli o`smirlar tamaki va boshqa nikotinli mahsulotlardan foydalanishini isbotlagan. JSST hisob-kitoblariga ko`ra, hozirda 13 yoshdan 15 yoshgacha bo`lgan kamida 37 million bola tamaki iste'mol qiladi va ko`plab mamlakatlarda elektron sigaretadan foydalanish xavotirli darajaga yetgan.

Shuningdek, tashkilot tamaki iste'moli darajasi Janubi-Sharqiy Osiyoda 26,5% va Yevropa mintaqasida 25,3% ekanini ta'kidladi. Bildirilishicha, Yevropadagi kashanda ayollar soni boshqa mintaqaga nisbatan ancha yuqori.

Ma'lumot uchun: 2023 yilda O`zbekiston aholisining 16,5 foizi tamaki chekishi aniqlangan edi. “World Population Review” nashriga ko`ra, 2024 yilga kelib O`zbekistonda aholining 12% sigaret chekadi va bu ko`rsatkich 4 % ga kamayadi. Unga ko`ra, ayni paytda 23,3%, o`zbekistonlik erkaklar, 1,3% ayollar tamaki iste'mol qiladi.

Tashkilot chekish 8 millionga yaqin bevaqt o`limga va saraton, yurak kasalliklari, insult, o`pka kasalliklari va diabetga sabab bo`layotganini misol qilib keltirgan.

To Top ↑
To Top ↑