x

Foydaning koni hisoblangan tuxumni bola ratsioniga qo‘shishdan avval ayrim ma’lumotlarga ega bo‘lish kerak.

Necha oyligidan yeyishi mumkin?

Aksariyat bolalar shifokorlari tuxumni qo‘shimcha ovqat sifatida 6 oylikdan avval bermaslik kerakligini ta’kidlaydi. Dastlab uncha katta bo‘lmagan porsiya bilan boshlash kerak. Agar bolada masalan, allergiya ko‘rinishida salbiy reaksiya kuzatilsa, yaxshisi yoshga to‘lmagunicha tuxumni doimiy yegulik sifatida bermay turgan yaxshi. Bolaning oshqozon traktida muammo bo‘lsa, tuxumni 1,5 yoshgacha ratsionga kiritmaslik kerak. Ushbu mahsulot qiyin hazm bo‘lgani hisobiga hazm a’zolari zo‘riqishi mumkin.

Bedana tuxumi foydalimi yoki tovuqniki?

Pediatrlar va parhezshunoslar bolaga tuxum berishni qo‘shimcha ovqat sifatida dastlab bedananikidan boshlashni tavsiya qiladi. Gap ularning shakli kichkinaligida emas. Bedana tuxumi tarkibda xolesterin deyarli yo‘q ekani sabab foydali va allergiya keltirib chiqarish xavfi kam sanaladi. Mineral moddalar serobligi jihatidan esa tovuqnikidan qolishmaydi.

Qanday tanlash kerak?

Mahsulotning sifatli bo‘lishi juda ham muhim. Bolaga tuxum berishdan avval uni sovuq suv solingan idishga soling. Idishning tagiga tushishi, mahsulotning yangi ekanidan darak beradi. Qolaversa, xarid jarayonida tirnalish va qirilishlar yo‘qligiga ham e’tibor berish kerak. Arzon aksiyaga uchib yoki notanish ishlab chiqaruvchidan sotib olish yaramaydi. Hamisha ishonchli joydan xarid qiling.

Qanday ko‘rinishda bergan yaxshi?

Xom va chala pishirilgan tuxum haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Tuxumni 10-15 daqiqa davomida yaxshilab pishirish kerak. Tuxumning oqini sarig‘idan ajratib bersa ham bo‘ladi. Sarig‘ini ona sutiga aralashtirib berish mumkin. Dastlab haftada bir marta bir choy qoshiqning o‘zi kifoya qiladi. Ertalab berilsa, ayni muddao. Tuxum iste’moli qabziyatga olib kelishi mumkinligi sabab ham ehtiyotkor bo‘lib, o‘z vaqtida e’tibor berib turish kerak. Sarig‘ining o‘zini bir yoshga to‘lgandan keyin bergan yaxshi. Allergik xususiyatga ega ekani sabab esa tuxumning oqini 1,5 yoshdan keyin bergan yaxshi. Uni sufle, zapekanka yoki yengil omlet ko‘rinishida bersangiz bo‘ladi. Avvalgisini yeb bitirmagan bo‘lsa ham har safar bolaga yangi tuxum qaynatib berish kerakligini esdan chiqarmang. Mahsulot tez aynishini inobatga oling va isrof qilmay deb bolangiz hayotini xavfga qo‘ymang.

To Top ↑
To Top ↑