Bir necha kundan so‘ng yurtimizga qish fasli kirib keladi. Havolar esa allaqachon pasayishni boshlagan. Bunday sovuq havoda bolani to‘g‘ri kiyintirmaslik uning sovqotishi va betob bo‘lishiga olib keladi. Hatto yoz mavsumida ham bola osongina sovuq qotishi mumkin. Qish haqida esa gapirmasayam bo‘ladi! Ammo bundan qo‘rqish, uyda berkinib o‘tirish yoki qavat-qavat kiyinishga hojat yo‘q. O‘z harakatlaringizni o‘ylab qiling va shunda kasallik sizni chetlab o‘tadi!
Sovuq paytda kichkintoy uchun yaxshi kiyinish juda muhim. Bu qimmat po‘stin, shuba, bosh kiyimi va qo‘lqop bo‘lishi shart emas. Avvalo bolani uning temperamentiga va sayr chog‘ida nimalar bilan shug‘ullanishiga qarab kiyintirish lozim. Masalan, aravachada uxlayotgan go‘dakka issiq kombinezon va oyoqlarini issiq tutadigan kiyim kiydirsa bo‘ladi. Giperfaol ikki-uch yashar bolani esa issiq kiyintirishga hojat yo‘q. Termokombinezon (yaxlit yoki ajratilgan) va uning ostidan minimum kiyim o‘yinqaroq kichkintoyning sovuq qotishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar bunday kiyimda u skameykada o‘tirib, zerikadigan bo‘lsa, unda sovuq qotishi turgan gap.
Bola sovuq qotganini anglab yetishingiz bilan uni tezroq uyga olib kiring. Uyda uni isituvchi protseduralarni bajarish kerak bo‘ladi. Ular tomirlarni kengaytiruvchi ta’sir ko‘rsatadi va qon aylanishini tezlashtiradi, organizmning himoya kuchlari esa oshadi. Demak, iloji boricha tezroq oyoqlarni isitish kerak. Bu uchun zarur usullar haqida keyingi maqolalarimizda batafsil ma’lumot beramiz.