x

Maktabgacha ta'lim muassasalari va maktablarda bolalarga tarqatilgan yod preparatini iste'mol qilgan bolalarda kuzatilgan nojo`ya holatlar “peredozirovka” va Sog`liqni saqlash vazirligi bu xatoni tan oladi. Bu haqda vazir Amrillo Inoyatov bugun, 14 noyabr' kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig`ilishida 2023 yilning uch choragida amalga oshirilgan ishlar bo`yicha bergan hisobotida aytib o`tdi. 

“Yaqinda bo`lib o`tgan “antistrumin voqeasi”da vazirlik buning 100 foiz “peredozirovka” ekanini tan olyapti”, deydi Inoyatov.

Uning alohida urg`ulashicha, aynan antistrumin dori vositasi bilan bog`liq bo`lgan barcha mas'ul xodimlar ayni vaqtda qonun oldida javob berishni boshlayapti va “javob beradi ham”. 

“Tan olib aytaman, biz kech bilganmiz, bu xatomiz va takrorlanmasligini alohida aytib o`tmoqchiman”, deydi vazir. 

U so`zida davom etarkan, tibbiyot sohasini boshqarish og`irligi, mas'uliyat yuqoriligi va hatto, birinchi o`rinbosar lavozimida ishlab yurgan davridan hozirgi mas'uliyat orasida er bilan osmoncha farq borligini aytib, deputatlardan faoliyatida yordam so`ragan. 

Antistrumin ishi

Joriy yilning 20 sentyabridan boshlab, har chorshanba kuni barcha maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotlarida yod preparatlarining bepul tarqatilishi yo`lga qo`yilgan edi. Bu bo`yicha Prezidentning tegishli qarori imzolangan va Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan 15 sentyabrda e'lon qilingan. Ammo atigi 5 kunda ta'minlangan qaror ijrosi 3 yoshdan 15 yoshgacha bo`lgan maktab va bog`cha bolalarida ommaviy zaharlanishga sabab bo`ldi. Namanganda 71 nafar bola yoddan zaharlandi. Huddi shunday vaziyat Toshkent shahri va Andijon viloyatida ham takrorlandi. Biroq Sog`liqni saqlash vazirligi yoddan zaharlanish sifatida faqat Namangandagi holatni tan oldi, xolos.

Namangandagi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgandi.

O`sha vaqtda esa masalani atroflicha yoritish, surishtiruvlar o`tkazishni maqsad qilgan jurnalistlarga vazir yordamchisi "chuqurlashmaslik"ni, savollarga javob bermaslik bo`yicha topshriq Prezident Administratsiyasidan berilganini aytib, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga ta'sir o`tkazmoqchi bo`ldi. Vazirlik Prezident Administratsiyasidan bunday topshiriq berilmaganini aytib chiqdi-yu o`zini vazir o`rinbosari deb tanishtirgan shovvoz vazirlikka qanday aloqasi borligi, qaysi lavozimda ishlashi va unga bu tarzda gapirish huquqini kim bergani, yolg`on ma'lumot tarqatgani uchun qanday chora ko`rilganiga aniqlik kiritmadi. 

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Sog`liqni saqlash vazirligi ta'sischiligidagi “O‘ZMEDIMPEKS” MChJ “Antistrumin” yod preparatini etkazib berish evaziga “Samo” MChJ bilan jami 21 mlrd so`mlik to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzganini tasdiqlovchi hujjatlarning rasmi tarqaldi

Hujjatga ko`ra, SSV ta'sischiligidagi tashkilot kaliy yodid 1 mg (0,001 g) №100 (Antistrumin) dori vositasini xarid qilish uchun 2022 yil iyun' oyida “Samo” MChJ bilan 5 mlrd 644 mln so`mlik to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzgan. 2023 yil 11 yanvarda esa ushbu shartnomaga 956 mln so`mlik qo`shimcha kelishuv qilingan.

“O‘ZMEDIMPEKS” MChJ 2023 yil 4 mayda yana mazkur dori vositasini xarid qilish uchun “Samo” MChJ bilan 15 mlrd 275 mln so`mlik to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzgan. Ushbu shartnomalarga ko`ra, jami 21 mlrd 875 mln so`m mablag` evaziga “Samo” MChJ 3 mln 550 ming miqdorda “Antistrumin” etkazib berishi ko`rsatilgan.

Ma'lumotlarga ko`ra, “Antistrumin” dori vositasini xarid qilish uchun hech qanday tender o`tkazilmagan, shartnomalar to`g`ridan-to`g`ri tuzilgan.

AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati rasmiy saytida “Samo” MChJ rahbarining qidiruvda ekani to`g`risidagi ma'lumot e'lon qilingan

Unga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligining maktablar va bolalar bog`chalariga “Antistrumin” preparatini etkazib berish bo`yicha ko`p milliard dollarlik tenderda g`olib chiqqan MChJ asoschisi Nodir Yunusovga odam savdosi, majburiy mehnat, firibgarlik va korruptsiyaga uchragan tashkilot tuzish ayblovlari qo`yilgan. 

Mazkur holat yuzasidan SSVning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati bayonot berdi.

Ma'lum qilinishicha, SSV huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi tomonidan “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “SAMO” MChJ korxonasining faoliyati bo`yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

To Top ↑
To Top ↑