x

Indoneziyada yo‘tal siropi tufayli 200 dan ortiq bolaning o‘limiga aloqador Afi Farma firmasining boshlig‘i va yana uch nafar amaldori qamoqqa olindi.

Ular ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilinib, 1 milliard Indoneziya rupiyasi (taxminan 63 056 dollar) miqdorida jarimaga tortilgan. Afi Farma firmasi tarkibida ortiqcha miqdorda zaharli moddalar bo‘lgan yo‘tal siroplarini ishlab chiqarishda ayblangan.

Kompaniya advokati ayblovni rad etib, apellyatsiya shikoyati berishni ko‘rib chiqmoqda. Prokurorlar Afi Farma bosh direktori Arief Prasetya Hharaapni to‘qqiz yilgacha, qolgan ayblanuvchilarni esa yetti yildan qamoq jazosiga hukm qilishni so‘ragan.

Prokurorning ta’kidlashicha, 2021-yilning oktyabridan 2022-yilning fevraliga qadar kompaniya yo‘talga qarshi sirop tayyorlash uchun ishlatiladigan propilen glikolning ikkita jo‘natmasini olgan. Ularda 96 foizdan 99 foizgacha etilen glikol bo‘lgan. Ikkala modda ham erituvchilarga qo‘shimcha sifatida ishlatilishi mumkin.

“Propilen glikol toksik bo‘lmay, dori-darmonlar, kosmetika va oziq-ovqatda keng qo‘llanilsa-da, etilen glikol zaharli bo‘lib, bo‘yoq, qalam va tormoz suyuqligida ishlatiladi”, — deyiladi xabarda.
Prokurorlarning ta’kidlashicha, kompaniya yo‘tal siropida ishlatiladigan ingrediyentlarni sinovdan o‘tkazmagan va buning o‘rniga yetkazib beruvchining sifat va xavfsizlik sertifikatlariga tayangan.

Afi Farmaning advokati Samsul Hidoyatning BBC’ga aytishicha, Indoneziyaning dori vositalarini tartibga soluvchi organi dori ishlab chiqaruvchilardan ingrediyentlarni qattiq sinovdan o‘tkazishni talab qilmagan.

Sharqiy Yavaning Kediri tuman sudi sudyasi to‘rt nafar ayblanuvchini xavfsizlik standartlariga javob bermaydigan farmatsevtika mahsulotlarini qasddan ishlab chiqarishda aybdor deb topdi.

2022-yildan beri 200 dan ortiq indoneziyalik bolalar, ularning aksariyati besh yoshga to‘lmagan, yo‘tal siropi bilan bog‘liq o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tufayli vafot etdi. Gambiya va O‘zbekistonda 100 ga yaqin o‘lim qayd etilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindiston va Indoneziyada ishlab chiqarilgan oltita yo‘tal siropi haqida ogohlantirgan.

To Top ↑
To Top ↑