x

Musulmonchilikda ham, tibbiyot nuqtai nazaridan ham o‘g‘il bolani xatna qilish zarurdir. Bugun ushbu holatga tibbiyot tomonidan nazar tashlaymiz.

O‘g‘il bolani kestirish tibbiyot tilida sirkusizatsiya deb ataladi. Tibbiyotda bu muolajani amalga oshirishning biror aniq muddati ko‘rsatilmagan. Psixologlarning fikricha, bola qancha vaqtliroq kestirilsa, uning psixikasiga zarar shunchalik kam yetkazilar ekan. Amalda bolani kestirish uchun eng yaxshi muddat deb 1 yoshgacha bo‘lgan davr belgilangan.

Agar 1 yoshgacha ma’lum sabablar bilan ulgurilmagan bo‘lsa, 3 yoshgacha kestirish zarur deyiladi. Keyingi kestirish uchun optimal davrni 7 yoshgacha qilib belgilashgan. Lekin 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan davrda bola ko‘p narsani anglay oladigan bo‘ladi, shunda bu muolaja uning psixikasiga salbiy ta’sir qilib, muolajadan so‘ng uning xarakteri o‘zgarib qolishida, injiqligida namoyon bo‘lishi mumkin.

Bolani qayerda kestirish lozim?

Ba’zilar haligacha tabiblarni (ustalar) chaqirtirib bolani kestiradilar. Hozirgi kunda bunday yondashuv to‘g‘ri hisoblanmaydi. Chunki tabib muolaja davomida shifokor kabi tozalik qoidalariga rioya qila olmasligi, uning tibbiy jihatdan bilimlari yetarli bo'lmasligi mumkin. Bu esa keyinchalik yallig‘lanish, yara bitmasligi, qo‘shimcha salbiy oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Shifoxonda bolani kestirganda og‘ritmaydigan ukol qilinadimi?

Bir necha oylik chaqaloqlarga hech qanday anesteziya qilinmaydi. Kattaroq bolalarda umumiy yoki mahalliy narkoz qo‘llaniladi. Muolaja ko‘pi bilan 15 daqiqa davom etadi.

Qaysi hollarda muolajadan so‘ng shifokorga murojaat qilish lozim?

– kesilgan joydagi shish ko‘payayotgan bo‘lsa;
– mesilgan joyda qizarish, yallig‘lanish namoyon bo‘layotgan bo‘lsa;
– kesilgan a’zodan suyuqlik ajralayotgan bo‘lsa;
– jinsiy a’zoda ko‘k dog‘lar paydo bo‘lgan bo‘lsa;
– tana harorati bir necha kundan keyin ham tushmayotgan bo‘lsa. (Kestirilgan kuni biroz oshishi normal holat)

Bolani kestirish mumkin bo‘lmagan holatlar qanday?

Bunga to‘sqinlik qiladigan biron holat mavjud emas. Muhimi bola shu payt shamollamagan, biron kasallik bilan kasal bo‘lib turmagan bo‘lishi lozim.

Kestirilgan bola qiynalmasligi uchun uy sharoitida nima qilsa bo‘ladi?

– ilk kunlari bolaning jinsiy a’zosi quruq bo‘lishini ta’minlash muhim;
– agar chaqaloq bo‘lsa, u holda kestirilgan joyiga mato yopishib qolmasligini nazorat qilish lozim;
– kestirilgan bolaning ichki kiyimlari badaniga yopishmaydigan, havo kirib turadigan bo‘lishi lozim, muhimi jisniy a’zoning uchiga hech qanday zarba yetkazilmayotgan bo‘lishidir.

To Top ↑
To Top ↑