Epidemik parotit (xalq tilida “tepki” deb ataladi) – yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, umumiy intoksikatsiya (zaharlanish), so‘lak va sut bezlari, jinsiy, me’da osti va boshqa bezlar bilan bir vaqtda markaziy asab tizimining og‘ir asoratlari – meningit, meningoensefalit (talvasa va vasvasalar ko‘rinishidagi zararlanishi) bilan kechadi. Bu virusli xastalik bolalar o‘rtasida keng tarqalgan bo‘lib, ba’zan kattalar orasida ham uchrab turadi.
Infeksiya manbai va dardning kechish jarayoni
Bolalarda aniqlangan yuqumli kasalliklar orasida epidemik parotit salmog‘i sezilarli darajada ko‘p uchraydi. Infeksiyaning birdan bir manbai bemor hisoblanadi. U xastalik yashirin davrining oxiri, klinik belgilar yuzaga chiqishidan bir-ikki kun oldin atrofdagilar uchun xavfli hisoblanadi. Dardning yuqish davri kasallikning 9-kunida tugaydi. Ayniqsa, o‘g‘il bolalar qizlarga nisbatan 1,5 baravar ko‘p kasallanadi. Xastalik mavsumiy xarakterga ega. Uning yuqori ko‘rsatkichi mart-aprel oylariga to‘g‘ri kelsa, past ko‘rsatkichi iyul-avgust oylarida kuzatiladi.
Virus asosan havo-tomchi va ba’zan muloqot yo‘li bilan ham yuqadi. Epidemik parotitga moyillik juda yuqori. Inson 3 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan davrda kasallikka moyilligi yuqori bo‘lib, 2 yoshgacha va 40 yoshdan kattalarda xastalik kamdan kam hollarda uchraydi. Undan so‘ng turg‘un immunitet qoladi.
Burun-halqum shilliq qavati infeksiyaning kirish darvozasi bo‘lib hisoblanadi. Organizmning bu sohasidan virus qonga o‘tadi. Keyin qonda aylanib sekretor bezlarda (so‘lak, me’da osti, jinsiy bezlari) to‘planadi. Bundan tashqari miya pardalari va asab hujayralariga to‘planib, ularni zararlaydi. Kasallik qanchalik barvaqt aniqlansa, asoratlarning oldini olish imkoni shunchalik yuqori bo‘ladi. “Tepki”da harorat ko‘tariladi, majolsizlik, og‘iz qurishi, quloq atrofida og‘riq va shish paydo bo‘ladi. Bemor gapirganda, chaynaganda og‘riq hissi kuchayadi.
Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 12-26 kun davom etadi. Ba’zan jarayon bu muddatdan oshishi yoki 9 kungacha qisqarishi mumkin.
Xastalikning klinik ko‘rinishi uning shakliga bog‘liq bo‘ladi. Umumiy qabul qilingan tasnif bo‘yicha epidemik parotitning tipik va atipik shakllari farqlanadi. Tipik shakliga alohida bezli shakli faqat bezli a’zolarning shikastlanishi (quloq oldi, jag‘ osti, moyak va tuxumdonlar), alohida asab shakli, ya’ni faqat markaziy asab tizimining shikastlanishi, aralash shakli – asab tizimi va bezli a’zolarning shikastlanishi (quloq oldi, jag‘ osti, moyak va tuxumdonlar), alohida asab shakli – faqat markaziy asab tizimining shikastlanishi (seroz meningit, submaksillit, pankreatit, meningoensefalit) kuzatiladi. Atipik shakli noaniq va belgisiz shakllarga ajratiladi. “Tepki”ning noaniq shaklida zaharlanish belgilari bo‘lmaydi. Bemorning umumiy ahvoli o‘zgarmaydi. Uning tana harorati me’yorda yoki subfebril bo‘ladi. Quloq oldi bezi biroz kattalashganligi yoki shishganligi aniqlanadi. Boshqa a’zolarda o‘zgarish bo‘lmaydi.