x

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning qorni ochganda, tagi ho‘l bo‘lganda, uyqusi kelganida yig‘lashi me’yoriy holat va tabiiy jarayon hisoblanadi. Ammo ayrim hollarda chaqaloqlarning qorni to‘ymasligi, ich qotishi va qorni og‘rishi ham uning ko‘p yig‘lashiga sabab bo‘lishi mumkin. Demak, chaqaloq ba'zida sababsiz yig'layotgandek ko'rinsa, bunga jiddiy e'tibor qaratish lozim. Chunki yangi chaqaloqning haddan ziyod ko‘p yig‘lashi boshqa jiddiy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Go‘dak tug‘ilgandan so‘ng ayrim sabablarga ko‘ra paydo bo‘luvchi bosh miya ichki bosimi kasalligi va boshqa xastaliklar yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo'ladi. 

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, chaqaloqning 10 daqiqadan ortiq yig‘lashi miyada qon aylanishining buzilishiga sabab bo‘ladi. Bu esa keyinchalik jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bola yig‘laganda ona imkon qadar uni tezroq tinchlantirishga harakat qilishi lozim. Asosan bosh miya ichki bosimi kasalligi bilan tug‘ilgan chaqaloqlar orasida ko‘p yig‘lash kuzatiladi. Shuningdek, raxit kasalligi rivojlanayotgan pallada ham bolada ko‘p bezovtalik bo‘lishi mumkin. 

Quyidagi omillar chaqaloqning ko‘p bezovtalanishi, haddan ortiq ko‘p yig‘lashiga sabab bo‘lishi mumkin: Onaning boshidan o‘tkazgan kasalliklari, turli infeksion kasalliklarga chalinganligi, ayniqsa, u qizilcha, sil, qizamiq, tepki, suvchechak xastaliklari bilan og‘rigan bo‘lsa. Shu bilan birga irsiy kasalliklardan – gemofiliya, qandli diabet, ruhiy-asab va suyak-bo‘g‘im kasalliklari bilan og‘rigan ayollar farzandida yig‘loqilik ko‘p kuzatiladi. Tug‘ruq davrida bolaning kindik o‘qiga o‘ralishi va tug‘ruq jarayoni og‘ir kechganida, uzoq davom etishi ham chaqaloqlarda ko‘p yig‘lashga sabab bo‘lishi mumkin.

Chaqaloqlardagi yig‘loqilik, cho‘chish, qo‘rquv kuzatilgan vaqt­da ko‘pincha onalardan go‘dakning nechanchi homiladorlik davrida tug‘ilganligi va tug‘ruqning qanday kechganligi, ona biror marta homiladorlikni sun’iy to‘xtatganmi-yo‘qmi (ya’ni, abort haqida) so‘rab-surishtiriladi. Shuningdek, oiladagi boshqa bolalarda kuzatilgan kasalliklar, onada asab kasalliklari bor-yo‘qligi, kun tartibiga qay darajada rioya qilishi va to‘g‘ri ovqatlanishi haqida so‘raladi.

To Top ↑
To Top ↑