Bola ko`plab omillar ta'siri ostida o`sadi. Ulardan ba'zilari irsiydir, ammo yashash sharoitlari hamda atrof-muhit omillari kuchli ta'sirga ega va bolaning o`sishi va rivojlanishiga sezilarli ta'sir ko`rsatishi mumkin.
Irsiy omillar
Bolaning o`sishiga irsiy omillarning ta'siri ko`pchilikka ma'lum. O`g`il va qiz bolalarning tana vaznidagi farqni tug`ilgandanoq kuzatish mumkin.
Bir xil jins va yoshdagi sog`lom bolalarning bo`yi orasidagi farq katta bo`lishi mumkin. Shuningdek, sog`lom bolaning o`sishi hayotning uchinchi yilidan boshlab va undan keyin asosan ota-onalarning o`rtacha bo`yiga bog`liq bo`ladi. Bu hodisa irsiy o`sish potentsiali deb ataladi.
Irsiy kasalliklar ham Daun sindromi, Shereshevskiy-Tyorner sindromi (xromosoma kasalligi) yoki Prader-Villi sindromi (gen kasalligi) singari holatlarda bolaning o`sishiga ta'sir qiladi va bolalarda o`sish potensialini kamaytiradi.
Atrof-muhit omillari
Oziqlanish har bir bolaning o`sishiga katta ta'sir ko`rsatadi.
— Bola immunitetini mustahkamlash va energiyaga bo`lgan asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun muvozanatlangan ratsionga ega bo`lishi kerak.
— U oqsillar (ayniqsa, hayot uchun muhim aminokislotalar), yog`lar, uglevodlar, vitaminlar (ayniqsa, A va D), yod, temir, rux kabi elementlarni iste'mol qilishni o`z ichiga oladi.
— Kichik yoshli bolalarda etarlicha oziqlanmaslik o`z vaqtida oziq-ovqat etishmovchiligini bartaraf etishni va bolalarning o`sishdan orqada qolishining oldini olish uchun ovqatlanishning etarli chastotasini talab qiladi. Bu esa shu davrda bolalarning alohida sezuvchanligi bilan bog`liq uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bolaning hayotidagi stressli vaziyatlar, masalan: qashshoqlik, oiladagi muammolar, bolalarga nisbatan zo`ravonlik va e'tiborsizlik kabilar, agar ular uzoq vaqt davom etsa, bolaning o`sishi va rivojlanishiga muntazam salbiy ta'sir ko`rsatishi mumkin.
— Ba'zi dorilar, masalan, kortikosteroidlar yuqori dozalarda va uzoq vaqt davomida berilsa, o`sishni sekinlashtirishi mumkin.
Iqlim va ekologik sharoitlar ham o`sishga ta'sir ko`rsatadi.
Bolaning o`ziga bog`liq bo`lgan omillar
— O`sish sur'atlariga gormonlar, ayniqsa, o`sish gormoni va qalqonsimon bez gormonlari, shuningdek, balog`at davridagi jinsiy gormonlar bevosita ta'sir qiladi.
— Butun bolalik va balog`at davrida o`sish gormoni normal o`sish sur'atini saqlab turishda muhim rol o`ynaydi.
— Boshqa gormonlar: kortizol, insulin, paratgormon, ovqat hazm qilish gormonlari va to`qimalarning o`sish omillari almashinuv jarayonlarida muhim rol o`ynaydi, ular almashinuv jarayonlari orqali o`sishga ta'sir ko`rsatadi.
Buyrak, ichak, o`pka, yurak, jigar va immun tizimining orttirilgan surunkali kasalliklari paydo bo`lish vaqti, kasallikning og`irligi va davomiyligiga qarab, vaqtincha (kamdan kam holatlarda) yoki doimiy ravishda bolaning o`sishini sekinlashtirishi mumkin.
— Bola tunda, uxlab yotganida o`sadi; shuning uchun o`sish bolaning faolligiga va uyqu davomiyligiga bog`liq. Olimlar ta'kidlashicha, inson tanasining o`rtacha bo`yi hali ham o`sib bormoqda, bu o`sish ayollarga qaraganda erkaklarda ko`proq namoyon bo`ladi, bu turmush sharoitining yaxshilanishi natijasi hisoblanadi.
Farzandingizning o`sishini kuzatib boring, zarur holatlarda pediatr va boshqa mutaxassislarga murojaat qiling.