Yevropa va Markaziy Osiyodagi bolalarning qariyb yarmi (taxminan 92 million) haddan tashqari issiqlik ta'siriga duchor bo`ladi. Bu global me'yoriy ko`rsatkichdan ikki baravar ko`p. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasi (UNICEF) hisobotida aytildi.
“Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim inqirozining jaziramasini boshdan kechirmoqda. Bolalar salomatligi va farovonligiga eng katta zarar etmoqda”, deydi UNICEF'ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy direktori Rejina De Dominitsis.
Hisobotda qayd etilishicha, bolalar issiqlik to`lqinlari ta'siriga juda sezgir, chunki, ularning tana harorati kattalarnikiga qaraganda ancha yuqori va tezroq ko`tariladi. Bu esa ularni jiddiy kasalliklar, jumladan, issiqlik urishi xavfi ostida qoldiradi. Chaqaloqlar va yosh bolalar ko`proq xavf ostida.
Tashkilot havo haroratining ko`tarilishi iqlim o`zgarishining oqibati ekanini ta'kidlab, Yevropa va Markaziy Osiyo hukumatlarini 2025 yilgacha iqlim o`zgarishiga moslashish uchun ajratiladigan mablag`ni ikki baravar oshirishga chaqirmoqda.
Mutaxassislarning bashorat qilishicha, 2050 yilga borib haroratning 1,7 darajaga ko`tarilishining eng konservativ stsenariysi ostida Yevropa va Markaziy Osiyodagi har bir bola haddan tashqari issiqlik ta'siriga duchor bo`ladi.