Bolalar uchun to‘yintirilgan non
2024 yil 1 yanvardan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning 2023 yil 11 sentyabrdagi tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga ko‘ra, kelgusi yil boshidan Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlanadi, mazkur tajriba keyinchalik respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Qarorda 1 yanvardan onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hamda Bolalar milliy tibbiyot markazida gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etilishi, virusli gepatitning «S» turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolash yo‘lga qo‘yilishi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, mazkur qaror bilan 2024 yil 1 yanvardan boshlab og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi, shuningdek, bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda «Mahalla budjeti» tizimi joriy etiladi.