x

Shu kunlarda kelajak avlod tinchligi yo`lida qurbon bo`lganlar xotirlanmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, faxriylar holidan xabar olinmoqda. Shu tariqa moziyga nazar solinib, tinchlik ne'mati ulug`lanayotir. Ayniqsa, urush qatnashchilariga ko`rsatilayotgan e'tibordan butun xalqimiz xursand bo`lmoqda va minnatdorlik bilan e'tirof etmoqda. Lekin yaqin besh-o`n yildan buyon mamlakatimizda 9 may arafasida ayrim “ko`zga ko`rinmas kuchlar” tomonidan Georgiy lentasini tarqatish holatlari ko`zga tashlanmoqda. Avval kattalar orasida kuzatilgan bu harakatning endilikda bog`cha bolalari orasida ham yoyilayotgani kishini hushyor tortiradi. Ayrim fuqarolarimiz, tarbiyachilarimiz bu lentaning asl ma'nosidan bexabar bo`lib, o`zlarining xatti-harakatini Ikkinchi jahon urushidagi g`alaba bilan bog`lashga harakat qilishmoqda.

Ho`sh, Georgiy lentasi nimani anglatadi? Uning ikkinchi jahon urushi va g`alabaga qanday bog`liqligi bor? Avvalo, shuni aytish kerakki, Georgiy lentasi uch qator qora va ikki qator to`q sariq yo`lli bog`ich bo`lib, ushbu ranglar qanday ma'no tashishi haqida turli qarashlar mavjud. Tarixdan yaxshi bilamizki, Yekaterina II 1769 yilning 26 noyabrida rus-turk urushi davrida avliyo Georgiy ordeni va tasmasini joriy etadi. Orden va tasma bilan ilk bor shu urushda jasorat ko`rsatgan ofiser va askarlar taqdirlangan. Ushbu bog`ich bilan bezatilgan orden taqish odati chor Rossiyasining Turkiston o`lkasiga bosqinchilik yurishlari davrida boshqacha ma'no kasb etadi. Qo`qon xonligi, Hiva xonligi va Buxoro amirligini g`orat qilgan bosqinchi zobitlar va generallar uchun maxsus – “Qo`qon xonligini zabt etgani uchun”, “Markaziy Osiyoga yurishi uchun”, “Hiva xonligiga yurishi uchun” kabi medallar ta'sis etiladi. Medal va uni ilon kabi chirmab turgan Georgiy lentasi mardlik va jasorat ko`rsatilgani uchun emas, aksincha, aynan bosqinchilik qilgani, bizning Ona Vatanimizni qonga botirgani, obod maskan va manzillarimizni kultepaga aylantirgani, mard bobolarimizni o`ldirgani uchun bosqinchi harbiylarga berilgan.

O`zbek xalqining boshiga balolar yog`dirgan, cheksiz ofat, achchiq kulfat, og`ir musibat keltirgan chor harbiylarining bunday “qahramon”lari o`zining hukumati tomonidan Georgiy tasmasi ila chirmalgan ordenlar bilan mukofotlangan. Bugun “G`alaba” bog`iga olib kelingan o`nlab bog`cha yoshdagi jajji farzandlarimizning ko`kraklariga mana shunday bog`ichlarning taqib qo`yilgani qalbimizni bezovta qildi. Bunday aksiyalar zamirida qanday siyosiy maqsadlar yashiringan? Nega endi bizning farzandlarimiz bu mash'um lentani taqib yurishi kerak? Yosh bolalarning ko`ksiga Georgiy tasmalarini qadab, ommaviy tadbirlarga jalb qilish holatini ta'lim va tarbiyaga mas'ul idoralar qanday izohlaydi?

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi 

Matbuot xizmat

To Top ↑
To Top ↑