Qo`rquv – mavjud bo`lgan tahlikadagi ta'sirlanish bo`lib, normal holat hisoblanadi. Bu o`z jonini saqlashga intilish sababli instinktiv ravishda yuzaga keladi. Bolalardagi qo`rquv esa kattalardan olingan ma'lumotlarga asoslangan bo`lib, keng tasavvur mahsulidir. Ho`sh, bu tasavvurga javoban kattalar o`zlarini qanday tutishlari kerak? Bu holatda bolaga qanday yordam ko`rsatish maqsadga muvofiq?
Bolaga munosabatingizni o`zgartiring
Bola o`z qo`rquvlari haqida gapirganida ota-onalar nima qiladilar? «Qo`rqma», «Nimadan qo`rqasan?», «Qo`rqadigan hech narsa yo`qku», «Ukoldan ham qo`rqadimi?»… kabi noto`g`ri gaplari bilan ularning his-tuyg`ulari o`zlari uchun qadrsiz ekanini namoyon etishadi. Oqibatda bola qo`rquvlari bilan yolg`iz qoladi. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, bola ko`pincha sodir bo`lgan voqeadan emas, balki kattalarning qo`pol munosabatidan, bee'tiborligidan, baqir-chaqirlaridan qo`rqadi.
Boladagi qo`rquvning sabablari
Qo`rquvning bir necha sabablari bor bo`lib, ulardan biri – shaxsiy tajriba. Bu qo`rquvning eng katta sababi hisoblanib, bola boshidan kechirgan biror real voqeaga asoslanadi. Masalan, it tishlab olgani, liftda qolib yoki qorong`i xonada yolg`iz qolib ketgani… kabi holatlar.
Bolalarcha xayol qilish. Bolalarda tasavvur, xayol juda keng rivojlangan bo`ladi. Kattalarning: «Katta ko`ppak kelib tishlab oladi», «Anavi do`xtir opa ukol qilib qo`yadi», «Yalmog`iz kampirni chaqiraymi?» kabi bolaning qalbiga qo`rquv soluvchi gaplari ham ularning tasavvurlarini yanada kengaytiradi.
Oilaviy mojarolar. Ota-ona o`rtasidagi kelishmovchiliklar, janjallar, do`q-po`pisalar, boshqa oila a'zolarining bir-birlarini quvvatlamay, bosim o`tkazishi kabi salbiy holatlar bolalarda qo`rquvning chuqur ildiz otishiga sabab bo`ladi.
O`zaro bog`liqlikning his etilmasligi. Agar bola ota-onasi katta suyanchiq ekanini va uni har qanday holatda himoya qila olishiga ishonch hosil qilmasa, unda atrofidagilarga nisbatan ishonch yo`qoladi.
Virtual reallik. Ota-onaning samimiy munosabatlaridan, mehridan mahrum bo`lgan bolalarda yolg`izlik hissi paydo bo`ladi. Bu esa o`z-o`zidan bolaning ruhan qiynalishiga, tarbiyasi butunlay o`zgarib ketishiga olib keladi.
Bunday qo`rquvlarni engishda ota-onaning hissasi juda katta. Eng asosiyi, bolalarga beparvo bo`lmaslik kerak. Bu bo`yicha psixologlar ota-onalarga quyidagi maslahatlarni beradilar:
– qanday bo`lishidan qat'i nazar qo`rquvlarga jiddiy qarash;
– aniq bir qo`rquvga urg`u bermagan holda bolani nimadan qo`rqishiga aniqlik kiritib olish;
– qo`rqoqlik qilgan vaqtida bolani urishmaslik va jazolamaslik;
– bolaning yonida siz bor ekansiz, demak, u kuchli himoya ostida ekanini unga uqtirish;
– qo`rquvni engishdagi o`z shaxsiy tajribasini bolaga gapirib berish;
– qo`rquvga o`rganib qolishiga yo`l qo`ymaslik;
– qorong`ulikdan qo`rqsa, uni qorong`u xonada yolg`iz qoldirmaslik;
– bolani biron mashg`ulot yoki o`yin bilan mashg`ul qilish.
Ota-onaning bola oldidagi asosiy vazifasi, qo`rquvni engishiga yordam berish bo`ladi. Bola qo`rquvni mustaqil ravishda engib o`tishi kerak, buning uchun esa ota-ona bolaga mehr-muhabbat berishi zarur.