x

Bugungi kunda deyarli hamma ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi va bu odatiy holga aylanib bo`lgan. Ko`pchilik farzandiga kam vaqt ajratgani sababli ularning qo`liga telefon berib qo`yishadi. Ota-onalar bolalariga kam vaqt ajratishda ishlarini bahona qilib ko`satadilar. Kichik yoshdagi bolalar xarxasha qilganda uni yupatish uchun You tube dan qiziqarli multfilmlar qo`yib beradilar. Ko`z uzmay termulib turishidan bilish mumkinki, undagi rang barangliklar bolani o`ziga tobe qilib qo`yadi. 

 

Ba'zi bir insonlar «farzandimga to`g`ri tarbiya beryapman. Ularga ijtimoiy tarmoqlardan islomiy narsalarni qo`yib beraman»,- deyishadi. Ammo biz bilmaymiz bolalar nimani ko`proq ko`rishini. Ehtimol, ular faqat ota -onalarining oldidagina islomiy bo`lgan, insonni yaxshilikka etaklaydigan yoki fan bilan bog`liq bo`lgan videolarni ko`rishar. Lekin aslidachi? Aslida ham shundaymi? Afsuski, unday emas. 

 

Ushbu «vaqt qotillari» o`ziga ohanrabodek tortadi. Bir kirgan bola undan chiqib keta olmaydi. «Yana bitta video ko`ray. Bunisi undan ham qiziqroq ekan»,- deya uning quliga aylanib borayotganini o`zi ham sezmay qoladi. Hatto hali yoshiga to`lmagan bolaga telafondan video qo`yib bersangiz qorni och ekanligi ham esidan chiqib, u bilan ovora bo`lib ketmoqda. Afsuski bu bizning haqiqiy fojeamizdir. «Telefon ko`rib ovqat eyman, bo`lmasa emayman»,- deya xarxasha qilishlari bizning ko`ngilchanligimiz natijasi, aslida. Ota-ona ham «bolam ovqatini esa bo`ldi. Qorni och qolmasin»,- deydi. Chunki o`zlari shunga farzandlarini o`rgatib qo`yishgan. 

 

Telefondan chiqadigan zararli nurlar bolaning miyasiga, yurak qon tomirlariga va ko`ziga o`zining salbiy ta'sirini o`tkazmay qolmaydi. Kattaroq yoshdagi bolalar ba'zan internetdan ota-onasining oldida yaxshi narsalarni ko`rib, o`z xonasiga dars qilish bahonasida har xil bema'ni, behayo video va rasmlarni tomosha qilishlari ayni haqiqatdir. Bunday bolalardan kelajakda yaxshi inson chiqishi so`roq ostida, albatta. Vaqtida bu kabi holatlarning oldi olinsagina, hammasi yaxshilikka qarab ketishi mumkin. 

 

Aziz ota-onalar, farzandlaringizga e'tiborli bo`ling! Ularga bugun nimalar bilan band? Ertaga nima qilmoqchi? Kelajakdagi rejalari qanday? Bularning barchasidan xabardor bo`lishingiz shart. Zero, bir matoh sizni bolangizdan ayirmasin!

 

Aziza Toshpulatova

 

To Top ↑
To Top ↑