Dunyoda ota -ona borki, farzandini: «Yaxshi bo`lsin, mendan ko`ra yaxshiroq yashasin, men ko`rmagan kunlarni ko`rsin», - deya duo qiladi. Hech bir ota- ona o`z bolasiga yomonlikni ravo ko`rmaydi. Faqat ularga to`g`ri tarbiya berish kerak. Shundagina bolalar katta bo`lishganda yomon yo`llarga kirib ketishmaydi. Axir aytishadiku: «Tarbiya oiladan boshlanadi».
Agar berilgan tarbiya to`g`ri bo`lsa, hech bir narsa hatto internetdagi noto`g`ri ma'lumotlar ham buni buza olmaydi. Bolalarni kichkinaligidan kunduzi kamroq uxlashga odatlantirish kerak. Kechasi esa iloji bo`lsa ko`proq uxlashlari maqsadga muvofiq. Chunki ular kunduzi uxlashmasa, dangasa bo`lmaydi. Kechasi esa to`yib uxlashlari ertalab yaxshi kayfiyatda uyg`onish, kun davomida hech qanday lanjlik va erinchoqlik bo`lmasligini ta'minlaydi.
Bolalarni uyquga yotqizishdan oldin, ularga iloji boricha qattiqroq matodan tikilgan kiyim kiydirish kerak. Chunki yumshoq kiyimlar uxlashiga ko`proq xalaqit beradi. Ertalab kayfiyati yomon bo`lib uyg`onishiga sabab bo`ladi. To`shagining ham qalin bo`lishi bolaga salbiy ta'sir ko`rsatadi. Umurtqa pog`onasi va suyaklari yaxshi rivojlanmay qolishiga olib keladi. Qattiqroq to`shakda uxlashga odatlangan bolaning uyqusi sezgir bo`ladi. Bu esa judayam yaxshi. Chunki hayotda har xil vaziyatlar bo`lishi mumkin.
Yana bolalarning qanday qilib o`tirishi ham muhim ahamiyatga ega. Jag`iga qo`lini tirab va oyoqlarini chalkashtirib o`tirishlari bu dangasalikdan dalolat beradi. Ayniqsa, yonida odam bo`lsa, bu kabi holatlarni qilib o`tirish qarshisida turgan insonga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.
Shunday ekan, farzandlarimizning har bir kichik kamchiliklariga ham e'tiborli bo`laylik. Zero, kichik xatolar katta ko`ngilsizliklarga sabab bo`lishi mumkin.
Toshpulatova Aziza