x

Siz suratda ko`rib turgan bolakayning ismi NuriIslom. 5 mart kuniga qadar uning qo`llari bor edi, ammo endi u ota-onasini qucha olmaydi, tengdoshlari kabi yozib, chiza olmaydi. Bunga sababchilar esa Uchquduq tumani elekt tarmoqlari xodimlari.

Bolakay o`rtoqlari bilan Uchquduqdagi foydalanishga topshirilganiga ko`p bo`lmagan ko`p qavatli uy yonidagi bolalar maydonchasida o`ynab yurgan. Maydoncha yonginasida esa katta kuchlanishga ega transformator joylashgan. Hali hayot tashvishlari, yaxshiyu yomon, xavfli yoki xavfsizni tushunmagan bola transformatorning eshigini ochib ko`rgan. Natijada bolani tok urgan. Bolakay esa mutasaddilarning mas'uliyatsizligi qurboniga aylandi.

Transformatorning bolalar maydonchasi yonida qurilganini birinchi xato desak, uning atrofi o`ralib, xavfsizlik choralari ko`rilmagani ikki hissa xato. Achinarlisi esa, buning oqibatida norasida bolalar jabr ko`rdi. Bu ish bo`yicha tergov harakatlari boshlangani ma'lum qilindi. Lekin kasalni davolagandan ko`ra oldini olgan afzal deyishadi. Aybdorlar jazoga tortilar, balki uzr bilan qutilib qolar. Lekin bola-chi? Uning salomatligi, kelajagi nima bo`ladi? Buning badalini na qamoq va na jarima bilan to`lash mumkin. Axir katta kuchlanishga ega qurilmani shundoqqina bolalar o`ynaydigan hudud yoniga qurish va uning xavfsizlik qoidalariga javob berishini etarli darajada ta'minlamaslik uchun kishi qay darajada befarq bo`lishi kerak? Mas'ullardan hech kim yangi narsa kashf qilishni so`ramayapti, belgilangan tartibda ish ko`rib, fuqarolarga zarar etkazmaydigan darajada ish olib borishlari talab qilinyapti xolos.

Holat bo`yicha mas'ul idoralar ushbu noxush vaziyat bo`yicha jiddiy tekshiruv olib borishadi va kelgusida bunday hollar takrorlanmasligini ta'minlashadi, degan umiddamiz.

 

To Top ↑
To Top ↑