Oxirgi kunlarda yana bir yangi atama – Fabbing tez-tez uchrab turibdi. Ho`sh, fabbing nima?
Fabbing ikki so`zning qo`shilmasidan hosil bo`lgan: phone (telefon) va snubbing (iltifotsizlik, e'tiborsizlik ko`rsatmoq) phubbing (fabbing deb o`qiladi).
Olimlarning aytishicha, fabbing internetga qaramlik va biror muhim narsani o`tkazib yuborishdan qo`rqish hissiga bog`liq hodisa.
Inkor etib bo`lmas haqiqat, bugun biz internet va telefonga juda bog`lanib qolganmiz. Buning nimasi yomon? Ahir, qanchadan qancha ishlarimiz bir qo`ng`iroq bilan hal bo`lishi mumkin. Internet yordamida uzoqdagi yaqinlarimiz bilan diydorlashish imkoni bor. Eng asosiysi, biz bilmagan dunyo haqida bilish, turli mamlakatlarga onlayn sayohat qilish imkoni. Telefon hayotimizning ajralmas qismiga aylanib qolgani hech kimga sir emas. Hatto bu haqida turli latifalar, askiyalar bor. Avaz Ohun aytgandek, bir nima qirs etgan bo`lsa u belimiz bo`lsa ham, telefonimiz bo`lmasin.
Bugun Fabbing haqida mutaxassis bilan suhbatlashdik.
Firdavs Abdurahmonov (“Nova” psixologik markaz rahbari) – Birinchi navbatda aytish kerakki, telefon bu komfort zona. Siz internetda o`tirganingizda u erda kimdir sizni urushadimi? Yo`q! Aksincha, yangi rasm qo`ysangiz sizni maqtashadi, qandaydir yutuqqa erishgan bo`lsangiz sizni olqishlashadi. Tasavvur qiling, agar rasm yoki video qo`yganingizda hech kim ko`rmasa, fikr bildirmasa siz yana rasm qo`yish to`g`risida o`ylab ko`rasiz. Balki keyin umuman rasm quymassiz ham. Doimiy yangi postlar, rasmlar qo`yish nima uchun? E'tibor uchun. Biz insonlar ayniqsa bolalar va yoshlar e'tibor istashadi. Uni olqishlashlarini, maqtashlarini istaydi. Tashqi dunyoda tan olinmaslik natijasida ham internetga qaramlik holati kuzatilmoqda. Bu esa komfort zona deyiladi. Avvalo komfort zona nima ekanligini bilib olsak. Komfort zona bu shaxsning o`ziga qulay bo`lgan joy. Demak, odamlarga internetga kirish bu u uchun qulay muhit degani. Haqiqatda internet orqali ko`plab insonlarni hattoki, yaqinlarimizning ham e'tiborida bo`lishimiz mumkin. Inson tabiatan e'tibor, mehr va ishonch bildirishlarini istaydi. Internet esa aynan shu muhitni yaratib beradi.
Yoki yosh bolalarning turli o`yinlarga bog`lanib qolishlari misolini ham ko`rsak. Har bir o`yinda unga vazifalar beriladi, shu bilan birga u har bir o`tgan bosqichi uchun turli rag`batlar, mukofotlar oladi. Olqishlar chalinadi. Nega biz shuni hayotimizga ko`chirmaymiz? Nega bolalarni rag`batlantirmaymiz, olqishlamaymiz? Vazifalar beramiz, lekin rag`batchi? U aynan shunga bo`lgan ehtiyojini keyin albatta telefon va undagi o`yinlar bilan qondiradi. Shaxsni shaxs sifatida tan olish kerak! U bola bo`ladimi yoki yoshi katta inson. Insonlar doim o`zining yaxshi ekanini tan olishlarini, shaxs sifatida tan olishlarini istaydi. Farzandlarimizni xato qilgani uchun urushish, qattiq gapirish bilan o`zimizdan uzoqlashtiramiz. Dakki eshitgan joyi u uchun doim diskomfort zona hisoblanadi. Ota-onalar harakat qilishlari kerakki, u uchun internet komfort zona bo`lib qolmasligiga.
Yoshi katta insonlar nega doim internet va telefondan foydalanishga onlayn bo`lishga harakat qilishadi? Biz doim shoshamiz. Ko`p narsaga bir vaqtning o`zida ega bo`lishga yoki amalga oshirishga urinamiz. Hamma narsa oddiy. Odamlar o`zi murakkablashtirib, shu murakkabliklar natijasida o`zi qiynalib, maqsadsiz qolishmoqda. Maqsadni aniqlash va shunga qarab harakat qilish kerak. Internetda go`zal hayotni ko`rib uni o`zida bo`lishini istab, pulga bog`liq deb hisoblay boshlashdi.
Qadriyatlarni pulga almashtirmaslik kerak.
Bu suhbatdan keyin o`zimga o`zim savol berdim. Bundan 10 yil oldin ahvol qanaqa edi? Do`stlar bilan sayr-sayohatlar, yaqinlar davrasi. Telefonsiz hayot edi. Telefon bugungi kundagi kabi hammada mavjud emas edi. Bugun ba'zi odamlarda 2 va undan ortiq telefon bor. Shu kerakmi? 10 yildan keyin hayotimiz qanaqa bo`ladi? Hozir telefon va internetga qaram bo`lib ulg`ayotgan avlod kelajagi qanaqa bo`ladi? Demak, biz ota-onalar oldida katta mas'uliyatli vazifa turibdi. Farzand tarbiyasida unga komfort zona yaratish. Bu komfort zona aynan uyda, yaqinlari davrasida ekanini ko`rsatish lozim. Bugun hamma narsa tezlashib ketdi. Ko`p narsaga ulgurishga urinishimiz ham tabiiy. Lekin, oldimizga qo`yilgan maqsad(lar)imizni unutmaslik kerak.
Shaxnoza Halikova.