Madina Islom universiteti magistranti, Mahmud Usmon bugungi kunda ota-onalar o`z burchini bajarmayotgani haqida qayg`urib shunday deydi:
«Qachon bolasi yig`lasa, asrimiz ota-onalari qo`liga telefon berib, YouTube ni ochib beradi. Ba'zilar islomiy tarbiya beryapman, deb islomiy multfilm yoki nashidlar qo`yib beradi. Islomiy tarbiya oson ekanda! Bola hatto kipriginiyam pirpiratmay, qorni ochganiniyam unutib videolardan ko`zini uzolmay, YouTube dunyosiga sho`ng`ib ketadi. Undagi jozibadorlik, rang-baranglilik bolani «zombi»ga aylantiradi».
Soha egalarining aytishicha, ijtimoiy tarmoqdan ko`p foydalangan odamlarda hayotdan rozilik, xursandlikni ta'minlovchi gormonlar har soniya katta miqdorda chiqaveradi. Oqibatda ularda bu garmonlar tabiiy ravishda chiqishi buzilib, depressiya, tushkunlik, baxtsizlikni juda ko`p his qiladigan bo`lib qoladi. Ayniqsa, bolalarda bu yanayam kuchliroq tarzda bo`ladi.
“Unutmang, farzand o`stirishda oson yo`l aslo to`g`ri yo`l bo`lmaydi. Bolaga «yutub»ni ochib berib, bu bilan chalg`itishingiz, turli komp'yuter o`yinlar olib berishingiz, ularni Coca-Cola kabi ichimliklar, shirinliklar bilan aldashingiz – bu kabi ishlarning bari sigaret yoki nasha olib berish kabi ishlar toifasidan. Hech biri sog`lom ruhiyatga ega bolani paydo qilmaydi. Aksincha, undagi Alloh yaratgan sog`lom fitratni bulg`aydi, yo`q qiladi. O`ylab ko`ring”, – deb yozadi ustoz Mahmud Usmon.
Darhaqiqat, hozirda yig`layotgan bolani ovutishning eng oson va «samarali» usuli bu qo`liga telefonni tutqazib qo`yish, YouTube da multfilm qo`yib berish bo`lib qolgan. Me'yorda foydalanish zarar qilmas, ammo kun bo`yi telefondan boshini ko`tarmaydigan bolalar bor va kelajakda ularning tarbiyasida muammo bo`lmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi. Shunday ekan, tafakkur qilaylik, azizlar. Farzandingizga vaqt ajrata olmaganingiz uchun ularga telefon berib qutulganingizning badali og`ir bo`lmasidan bu vaziyatni ijobiy tomonga o`zgartirish vaqti keldi. Zero, farzand Allohning ne'mati, uni munosib tarbiyalashni barcha ota-onalar muqaddas burch sifatida ko`rishi lozim.