x

Maqolaning boshi ushbu sahifada!

Homilani tushirishga ko`rsatma bo`ladigan shar'iy uzrlar quyidagilar:

 – Mutaxassis va ishonchli shifokorlarning homiladorlik davom etishi ona hayoti uchun muqarrar xavfli ekani to`g`risidagi xulosasi. Bu holatda onaning salomatligi shar'iy uzr hisoblanadi. Homila va onaning hayoti solishtirilganda, ona asl bo`lgani sababli uning sog`ligi homiladan muhim.

– Homiladagi davolab bo`lmaydigan nogironlikning aniqlanishi. Uni bola dunyoga kelganidan so`ng ham davolab bo`lmasligi aniq bo`lsa. Makkai Mukarramadagi Islomiy fiqh uyushmasi to`rt oylikdan kichik bo`lgan homilada nogironlik aniqlansa,  uni olib tashlashga  fatvo bergan. Buning uchun bir nechta shart va me'yorlar tayin etilgan:

a) Ishonchli va o`z kasbida mutaxassis bo`lgan shifokorlarning xulosasi;

b) Bola tug`ilganidan keyin ham uni davolab bo`lmasligi aniq bo`lishi;

d) Ota-onaning roziligi.

Mazkur fatvoda: “Abort bir yuz yigirma kundan oldin, shifokorlar konsuliumi qarori va zamonaviy tibbiy tekshiruv apparatlari ko`rsatmalariga binoan, davolashning butunlay imkoni yo`q, degan xulosaga ko`ra amalga oshiriladi. Shunday holatlarda bola dunyoga kelib, jismoniy kamchilikdan tuzala olmay, o`zi va ahliga mashaqqat paydo qilishi aniq bo`lganda, ota-onaning talabiga ko`ra homiladorlik to`xtatiladi”.

Demak, bugungi kunda abort uchun sabab qilib ko`rsatilayotgan – boladan xalos bo`lish, qo`lidagi bolasining yosh ekani, ta'minot va parvarishdan ojiz bo`lish, ishlash kerakligi mutlaqo abort uchun sabab bo`la olmaydi.

To`rt oylikdan katta muddatli homilani olish hukmi

Homila bir yuz yigirma kunlik bo`lganida, unga ruh kiritilib, odam sifatida qadri bo`ladi. Bu haqda hadisi sharifda aytib o`tildi. Bu muddatga etgan bolani olish yoki tushirish fuqaholar ittifoqiga ko`ra harom.

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning hadisini dalil qilib, hanafiy va shofe'iy ulamolar embrionga to`rt oylik bo`lganida ruh kiritiladi, degan xulosaga kelganlar. Ushbu muddatdan so`ng esa uni tushirish mumkin emas. Bu borada mazhab ulamolarining fikrlari quyidagicha:

Hanafiy ulamolar ba'zi jiddiy zarurat bo`lishi mumkin bo`lgan sharoitlarni hisobga olib, bu ishni joiz emas, deganlar. Molikiy, hanbaliy va shofe'iylar  ruh kiritilgandan keyin uni tushirish ijmo'an harom, deyishgan.

Fuqaholar fikriga ko`ra, homilada insoniy a'zolar shakllangach, u Qur'onda zikr etilgan “nafs”ga aylanadi va uni o`ldirish harom bo`ladi.

Ammo ayolning hayotiga jiddiy xavf bo`lib, tibbiy xulosalar va shar'iy uzrlar taqozosiga ko`ra homilani olishga majbur bo`lingan holatlarda “katta zararni engil zarar hisobiga daf etish” qoidasiga ko`ra ish ko`riladi.

“Al-Azhar” universiteti fatvo hay'ati “To`rt oylik homilani olish harom. Ammo o`ta jiddiy zarurat bo`lsa, joiz hisoblanadigan o`rinlari ham bor” degan fatvoni aytishgan.

“Fatavoi Hindiya”da: “Agar ruh kiritilgandan so`ng onaning hayotiga jiddiy xavf aniqlanib, homilani olishga majbur bo`linsa, olinadi. Uni butun holda tushirish afzal, mobodo ona  jismidagi ba'zi to`siqlar sabab buning imkoni bo`lmasa, qaraladi: homila tirik bo`lsa, uni bo`laklarga bo`linmaydi. Avval uni jonsizlantiradigan yo`li qilinadi. Nobud bo`lgan bo`lsa, hechqisi yo`q. Chunki tirik  jonni qiymalash, bir jonni saqlash uchun ikkinchisini o`ldirish inson hayoti ehtiromiga zid hisoblanadi”, deyilgan.

Agar zarurat abortni taqozo etib, ona hayotini o`limdan saqlash uni tushirishga bog`liq bo`lsa, mutaxassis shifokorlar jamoasining bu boradagi fikrlariga e'tibor qilinadi. Homila aniq o`limga olib boriladigan bo`lsa, zaruratni hisobga olgan holda, hatto jon puflangandan so`ng ham uni tushirishga ruxsat beriladi. Bu “Zaruratlar saqlaniladigan narsalarni muboh etadi”, qoidasiga  binoan amalga oshiriladi.

Homila va onaning hayoti taqqoslanganda, onaning tirik qolishi  afzalroqdir. Aqlan olib qaralganda ham onaning o`limi bilan bachadondagi homilaning ham hayoti tugaydi. Shunday ekan, onani saqlab qolish avlodir.

Onaning tirik qolishi homiladan ko`ra muhim, chunki u asl hisoblanadi. Bu borada fiqhning “Ikkita mafsada kesishib qolsa, engilini qilish orqali zarari kattasidan saqlaniladi” degan qoidasiga amal qilinadi.

Abortning kafforoti

Muslima singlim, Islom engillik va og`ir vaziyatlarda ham bandaning manfaati uchun imkon topadigan dindir. Hususan, gunoh ish sodir bo`lganida uni yuvish, gunohga yarasha jazoni shu dunyoning o`zida o`tab, oxiratda muztarlik, xaloyiq oldida sharmanda bo`lmaslik choralarini ham ko`rgan. Bu – biror gunoh evaziga shariatda belgilangan to`lov – kafforot berishdir.

“Kafforot” so`zi lug`atda, “yashirmoq”, “yuvmoq”, “silliqlamoq” degan ma'nolarni bildirib, istilohda ma'lum miqdor evaziga gunohni yuvish, boshqalar ko`zidan yashirishni anglatadi.

Homilani muddatdan oldin tirik yoki o`lik holda tushirishga sabab bo`lish, ataylab zarar berish kabi holatlarda bu ishni qiluvchilar uchun jarima va kafforot vojib bo`ladi.

Shar'iy va tibbiy ko`rsatma bo`lmagan holda ayolning  o`zi yoki shifokor bilan amalga oshirgan bo`lsa, ikkalasiga ham kafforot vojib bo`ladi.

Ayol homilador bo`lgani holda, beparvolik qilib, homila tushishiga sabab bo`ladigan ishlarni bilib turib amalga oshirsa, u aybdor hisoblanadi. Tepadan sakrab tushish, og`ir narsalarni ko`tarish va shu kabi omillar bilan bir yuz yigirma kunlikdan kichik bolani tushishiga sabab bo`lsa, qattiq tavba va istig`for aytishi lozim bo`ladi.

To`rt oylikdan kichik homilaning nobud bo`lishiga sabab bo`lgan odam, u xoh shifokor bo`lsin, xoh ayolga zarba bergan, ataylab yiqitgan, qattiq jism bilan urgan bo`lsin, aybdor  hisoblanadi va kafforot vojib bo`ladi. [6]

Homila to`rt oylikdan katta bo`lgandan keyin tushirsa yoki oldirib tashlasa, ayolga ham, bu ishni amalga oshirgan kishiga ham qul ozod qilish, bunga imkoni bo`lmagan taqdirda ikki oy ketma-ket ro`za tutish vojib bo`ladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ikki ayol urushib qolib, biri ikkinchisiga tosh otdi. Tosh zarbasidan u ayolning homilasi tushdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam tosh otgan ayolga homilaning xun haqi deb, bir erkak yoki ayol qul to`lashga hukm qildilar.»[7]

Bundan kelib chiqib, fuqaholar onasining qornidan bolani o`lik yoki tirik tushishiga sabab bo`lgan kishi uchun  xun to`lash vojib ekaniga ittifoq qilganlar.

Agar ona salomatligi uchun biror dori iste'mol qilsa va u qornidagi homilaga salbiy ta'sir qilib, nobut bo`lsa, unga hech nima vojib bo`lmaydi. Chunki bu ishda zarurat taqozosi mavjud.

Shurbayniy rahmatullohi alayh: “Agar ayol salomatligi uchun dori ichsa va u sababli homila nobud bo`lsa, ayolga hech qanday kafforot vojib emas”, degan.

Demak, ona hayoti uchun homilaning aniq zarari bo`lsa, holat inobatga olinib, bolani tushirish haqidagi hukm istisno tariqasida bekor qilinadi. Bu hukm homilaga ruh kiritilishidan oldingi muddatga tegishli.

Najmiddinova Zebunniso

[1] “An’om” surasi -151 oyat

[2] "Sahihul Buxoriy" 6001-hadis

[3] Imom G’azzoliy “Ihyou ulumid-din” 2/51

[4] “Durrul muxtor” 3/192

[5] Ibn Obidin “Hoshiya” 2/411

[6] “Fatovo al-lajnatid doima” 21/434 b

[7] "Sahihul Buxoriy"  1547-hadis

To Top ↑
To Top ↑