x

Muslima singlim, shuni yaxshilab uqib oling: Islom shariati inson huquqlari va hurmati muhofazasiga juda qattiq e'tibor qiladi. Inson kimligi, yoshi va boshqa barcha omillaridan qat'i nazar, mukarram hisoblanadi.  Dinimizda insonning joni himoyasi u hali homilalik chog`idan joriy etib qo`yilgan. Hususan, uni hali dunyoga kelmay turib, turli sabablarga ko`ra olib tashlash masalasida ham jiddiy taqiqlar mavjud.

Islomda bolani oldirishning asliy hukmi Qur'on va sunnatga binoan qat'iy harom hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni Karimda marhamat qiladi:

“Ochlikdan qo`rqib bolalaringizni o`ldirmang”[1]

Bu mo`min-musulmon bandalar uchun qat'iy amr bo`lib, xoh homilalik chog`ida bo`lsin, xoh johiliyat zamonida uchrab turgan qizlarni tiriklayin ko`mib yuborish odati bo`lsin, barchasini o`z ichiga olgan.

Bolani sababsiz oldirib tashlash gunohi  kabiralardan hisoblanishi hadisi shariflarda ham vorid bo`lgan.

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ey Allohning Rasuli, qaysi gunoh ulkanroq?» dedim. «Seni Alloh yaratgan bo`la turib, (biron narsani)U Zotga sherik qilishing», dedilar. So`ngra: «Yana qaysi?» dedim. «Noningga sherik bo`lishidan qo`rqib, bolangni o`ldirishing», dedilar. [2]

Abortning Alloh taologa shirk keltirish bilan tenglashtirilganining o`ziyoq, gunohi naqadar katta ekanining belgisidir.

Homilaning alohida inson sifatida yashash va dunyoga kelish huquqi bor. Bu narsa Imom Muslim rivoyat qilgan G`omidiya ayol hadisida ham o`z ifodasini topgan. Unda zino qilib, homilador bo`lib qolgan bir ayol haqida hikoya qilinadi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, gunohiga iqror bo`ladi va: “Meni bu gunohdan poklang”, ya'ni, gunohimga yarasha shariat belgilagan jazoni bering, deb so`raydi. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga: “Bor, bolang tug`ilgunicha (kut)”, deb qaytarib yuboradilar. Oradan vaqt o`tib, u qo`lida chaqaloq bilan yana keladi. Bu safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bor, uni sutdan ajragunicha emiz”, deb qaytaradilar. Bir kuni ayol qo`lida bir bo`lak non ushlab olgan bolasini etaklab yana keladi va: «Endi jazoni tayinlasangiz», deb iltimos qiladi.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolani musulmonlardan biriga berib, ayolni rajm qilishga buyuradilar.

Ushbu hadis homila hayoti himoyasining yorqin dalili bo`lib, gunohi sabab o`limga mahkum qilingan onaga bolasini dunyoga keltirib, sutdan ajratgunicha muhlat berilgan. Chunki agar ayol o`ldirilsa, shubhasiz, homila ham nobud bo`lar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tutgan yo`l esa homilaning ham inson sifatida yashash huquqiga ega ekanligi, uni biror sabablar tufayli nobud qilish  aslo mumkin emasligini bildiradi.

Muslima singlim, bilasiz, dinimiz engillik ustiga bino qilingan. Unda bandaga mashaqqat bo`ladigan hech bir amal yoki buyruq yo`q, xususan, homiladorlik, farzand ko`rish masalalarida. Ayolning yosh bolalari bo`lsa, sog`ligiga to`g`ri kelmasa yoki shu kabi noqulayliklari bo`lganda, uning farzanddan saqlanib turishi muboh hisoblanadi. Ayol salomatligiga salbiy ta'siri bo`lmagan vositalar, dorilarni ishlatishga shariat izn  bergan. Immom G`azzoliy “Ihyou ulumid-din” asarida: “Boladan saqlanish  uni tushirish yoki tiriklayin ko`mib yuborish kabi ish emas. U yo`q narsadan saqlanishdir. Ijhoz, ya'ni homilani yo`qotish esa jinoyat hisoblanib, uning darajalari bor.

Agar nutfa bachadonga tushib, rivojlanish jarayonida bo`lsa, uni yo`qotish jinoyat hisoblanadi. Muzg`a va alaqaga aylanib, embrion holatiga kirganda tushirish birinchisiga qaraganda yomonroqdir. Uni bir yuz yigirma kunlik bo`lib, ruh puflanganda yo`q qilish gunohi kabiralardandir”.[3]

Nega aynan bir yuz yigirma kun tanlangan? Bu embrionning dastlabki rivojlanish bosqichi bo`lib, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda aynan shu muddat oxirida homilaga bir farishtani vakil qilib yuborib, umri, amali, rizqi va baxtli yoki baxtsiz ekanligi haqida peshonasiga yozdirishi aytib o`tilgan.

Homilani ruh kiritilishidan oldin olib tashlashning hukmi

Bu borada fuqaholarning fikr va qarashlarida tafovutlar mavjud. Ammo unga ruh puflangandan keyin zaruratsiz olib tashlash borasida, uning harom ekaniga ittifoq qilganlar.

Homilani to`rt oylikkacha bo`lgan muddat ichida yo`q qilish borasida hanafiy ulamolar uch xil qarashni ilgari surishgan:

1. Agar homilaning a'zolaridan birortasi bilinmagan bo`lsa, uni olish muboh hisoblanadi. Hanafiy faqihlardan bo`lgan Ibn Obidin: “Homilani to`rt oylik bo`lmay turib tushirish muboh”[4], deydi.

Hasfakiy rahmatullohi alayh: «Bu muddat ichida, zarurat bo`lganda, erning iznisiz ham tushirish mumkin», degan.[5]

“Fathul Qodiyr” asarida “Homilador bo`lgach, uni tushirish mumkinmi?” degan savolga: “Ha, modomiki uning a'zolari shakllanmagan bo`lsa, bir yuz yigirma kungacha muddatda joiz”, deyiladi.

Mazkur fikrlarga binoan, hanafiy mazhabida to`rt oylikkacha bo`lgan homilani oldirish mumkin. Undan keyin esa mumkin emas.

2. Bolani shar'iy va tibbiy ko`rsatma bo`lganda, zarurat yuzasidangina tushirish mumkin. Bu hanafiylarning kuchli fikri bo`lib, Ibn Obidin o`z asarida aytib o`tgan.

Ibn Vahbon: “Qat'iy uzr topilgandagina bolani tushirish joiz”, deydi.

3. Homilani tushirish mutlaq makruh. Bu Ali ibn Musoning fikri bo`lib, Ibn Obidin undan naql qilib aytadi: “Homilaga ruh kiritilishidan oldin ham uni tushirish makruh. Chunki urug` ona qorniga o`tib joylashishining o`ziyoq unda hayot belgilari boshlanganini bildiradi.”

Molikiy va ba'zi shofe'iy ulamolar homilani tushirishni harom deganlar.

Hanafiy, hanbaliy va ba'zi shofe'iylar: «Uzrli sabab topilsa, hech narsaga qaramay homilani tushirish mutloq joiz», deganlar. Chunki a'zolari shakllanmagan embrion odam hisoblanmaydi.

Abu Hanifaning fikriga ko`ra, qat'iy uzr bor bo`lsa, homilani tushirish muboh. Shariatimizdagi “Zaruratlar saqlaniladigan narsalarni muboh etadi”, degan qoidaga ko`ra, bu joiz sanaladi. Chunki uzr onaning salomatligi sabab vujudga kelgan va homilani olish zarurati mavjud. uning bachadonda qolishi ona uchun zarar bo`lsa, onaning salomatligi va hayotini saqlash maqsadida hali ruh kirmagan bolani tushirish joiz.

4. Ba'zi hanafiy va molikiy ulamolarning fikriga ko`ra, makruh. Ular ham: «Urug`ning bachadonga tushib, aralashishi hayotning ilk nishonasi, uning hukmi tirikning hukmi kabi», deydilar.

Abort uchun sabab bo`ladigan shar'iy uzrlar

Bolani oldirish yoki tushirish borasidagi asl hukm – haromligidir. Ammo zarurat yuzasidan, unga ruh kiritilishidan oldin tushirish joiz.

Ona hayoti uchun homilaning aniq zarari bo`lsa, holat inobatga olinib, bolani tushirish haqidagi hukm, yaxni qaytariq istisno tariqasida bekor bo`ladi. Eslatib o`tamiz, bu hukm homilaga ruh kiritilishidan oldingi muddatga tegishli.

To Top ↑
To Top ↑