Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi shifoxonalarning birida ona o`z farzandini kaltaklanayotgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo`ldi. Hususan, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) Aliya Yunusova yurtimizda bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabat va ota-onalik huquqini suiiste'mol qilish kabi holatlar ortib borayotganidan xavotir bildirib, ota-onalar o`z farzandlariga zo`ravonlik qilgan taqdirda jamoatchilik nazorati o`rnatilib, bolani ulardan olib qo`yishni taklif qildi.
U BMTning Bola huquqlari to`g`risidagi Konventsiyasining 19-moddasida ishtirokchi-davlatlar bolani jismoniy va ruhiy zo`ravonlikning, haqoratlash va suiiste'molliklar, g`amxo`rlik ko`rsatmaslik yoki beparvolik bilan muomalada bo`lish, qo`pol muomala qilish yoki ota-ona, qonuniy vasiylar yoki bola haqida g`amxo`rlik qiluvchi har qanday boshqa shaxs tomonidan ekspluatatsiya qilish, jumladan, shahvoniy suiiste'molliklar sodir etishning har qanday shakllaridan himoyalash maqsadida jamiki zarur qonuniy, ma'muriy, ijtimoiy va ma'rifiy chora-tadbirlarni ko`rishi kerakligini eslatgan.
Biz mazkur taklifga jamoatchilik faollarining munosabatini bilish maqsadida bir qator soha vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Sharifa Murod,
Jurnalist
“Avval mavjud qonunlarni ishlatish kerak”
“Bola huquqlari bo`yicha ko`plab normativ-huquqiy hujjatlar, qoidalar bor. Lekin ularning amalda bajarilishini to`liq ta'minlamay turib yangi normalar kiritsak, buning ham faqatgina qog`ozda qolib ketmasligiga kim kafil bo`ladi? Birinchi muammo shu. Mening fikrimcha, bolani olib qo`yishgacha bo`lgan jarayonni nazoratga olish, shunga sabab bo`luvchi omillarning oldini olish kerak. Ota-ona bolani urgunicha nima bo`lgan?
Samarqanddagi voqeani ko`rdik, ayolning holati qanday ekanligi ko`rinib turibdi. Men bu bilan u ayolni yoki bolani urishni oqlamoqchi emasman, ammo ayolni ham tushunish kerak, unga yordam berish lozim. Mazkur vaziyat bo`yicha men respublikamizdagi bolalar ombudsmanining fikriga qo`shilmayman. Chunki birinchi o`rinda hozirda mavjud qonunlarning ijrosini ta'minlab olish kerak”.
Nuriddin Zaynitdinov,
Yangi siyosiy texnologiyalar markazi direktori, I-II chaqiriq Halq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining deputati
“Jiddiy e'tibor berilmas ekan bolalar yo`qoladi, zo`rlanadi yoki “shunchaki” o`ldiriladi”
“Haqiqatda ahvol yomon tomonga yuzlanmoqda. Bizda bir illat bor, faqat huquqiy asoslarini jar solamizku, lekin hayotda ishlaydigan qonunlar qabul qilinmagani va aniq mexanizm shakllantirilmaganini uylamaymiz. Bu sohaga jiddiy e'tibor berilmas ekan, bolalarimiz kaltaklanadi, ruhiy bosim o`tkaziladi, “terrorizirovat” qilinadi, yo`qoladi, zo`rlanadi, sotiladi, suitsidgacha olib boriladi yoki “shunchaki” o`ldiriladi (ota-onalar tomonidan sodir etilgan qotilliklar).
Vaziyat ayanchlidir. Tizim ishlamaydi. Qonunlar qog`ozda qolib ketmoqda. O`zbekchilik deymiz, bu erda bolalar “terorizirovat” qilinmoqda, o`ldirilmoqda, zo`lanmoqda, mayib-majruh qilinmoqda. Bu holatni kelajak avlodlar kechirmaydi”.
Bahodir Eliboyev,
Jurnalist, bloger, inson huquqlari faoli
“Har qanday huquqlar avvalo, o`zini iqtisodiy ta'minlab olgan hududlarda muhokama qilinadi”
“Balki bu taklif “Bola huquqlari konventsiyasi”ga muvofiqdir. Lekin hozirda yurtimizda olib borilayotgan siyosat bilan qadar mos emas. Shu sabab bu boradagi fikrlarda biroz chalkashlik kuzatilishi mumkin. O`zingiz o`ylab ko`ring, yaqinda televideniya kanallari bola asrab olishga targ`ib qilayotgan edi. Sababi esa davlatning o`zi bolalarga etarli sharoit yaratib bera olmayapti. Ombudsman bo`lsa rivojlangan davlatlardagi sharoitlardan kelib chiqib taklif bildiryapti. Har qanday huquqlar – inson huquqi bo`ladimi, ayollar huquqimi yoki bolalar huquqimi – avvalo o`zini iqtisodiy ta'minlab olgan hududlarda muhokama qilinadi. Samarqanddagi shifoxonada bolasini kaltaklagan ayolning moliyaviy sharoiti yaxshi bo`lganida u shunday ahvolga tushib qolarmidi? Dori-darmonlar qimmat bo`lsa va bunga pul topolmay yurgan bo`lsa, alamini boladan olgandir. Davlat boy bo`lib, odamlarning hayot tarzi yaxshi bo`lsa va davlat boyligini nima qilishni bilmay qariyalar uyi, bolalar uyi, reabilitatsiya markazlari tashkil qilib qo`ygan bo`lsaki, bunday holatlarda qadr topmayotgan qariyalar, zo`ravonlik qurboni bo`layotgan bolalarni o`z qanoti ostiga olsa. Davlatning bunday qanoti yo`q ekan, yana bunga qo`shimcha tarzda qarindoshlik rishtalariga daxl qilishi haqiqatan g`alatidir”.
Shu o`rinda eslatib o`tish lozimki, 2021 yilning 9 avgustida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 5215-sonli qarori imzolangan. Unga ko`ra, yurtimizda «Oilaviy» bolalar uyi qanchalik ko`p tashkil etilgani sari «Mehribonlik» uylari shuncha kamayib boradi. Mazkur qaror yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mutasaddilardan biri shunday degan edi:
“Mehribonlik” uylarida bizning uyda yo`q juda yaxshi sharoitlar bor, ammo u erda jamiyatga qo`shilish qiyin. Hozir bu bolalar hech bir moddiy ehtiyojga muhtoj bo`lmasdan voyaga etadi. Keyin-chi? Keyin nima bo`ladi? Ular o`z yo`lini topa olishiga kim kafolat beradi? Davlat ularga uy beradi, biroq jamiyatga qo`shilmasdan, qattiq gap eshitmasdan, to`y, aza nimaligini bilmasdan ulg`aygan bolalar qanday hayot kechiradi? Bularning barchasi inson taqdirini hal qiladigan narsalar-ku. Men o`z ko`zim bilan ko`rdim «Mehribonlik» uyidan chiqqan, davlat ularni uy bilan ta'minlagan bolalar jamiyatda o`z o`rnini topa olgani yo`q. Nega? Chunki «Mehribonlik» uyida ular yolg`izlikka, qo`pol qilib aytganda «odam yovvoyi» bo`lib qolgan. Bularni faqatgina «Oilaviy» bolalar uylarida, ota-ona qaramog`ida tarbiyalash mumkin”.
Rahmatillo Isroilov,
Jurnalist
“Ota-onalikdan mahrum qilish bilan muammo hal bo`lmaydi”
“Bu jamiyatimizdagi juda ham ayanchli holat. Vaziyatga har kim har xil fikrlarini bildiryapti. Albatta, fikrlar xilma-xilligi bo`lishi tabiiy. Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak degan hayqiriqlar yangramoqda. To`g`ri, bunga jinoyat sifatida qaralishi kerak. Chunki Kanadada ham bolaga nafaqat qo`l ko`tarish, balki qattiq gapirish ham mumkin emas. Ya'ni qattiq gapirsangiz va bola bundan norozi bo`lib, politsiyaga qo`ng`iroq qilsa, ular kelib bolani sizdan olib qo`yishadi. Bu erda bolalikdan mana shunday tarbiya berishadi. Maktablarda ham “agar senga ota-onang qattiq gapirsa, ursa, so`ksa, politsiyaga qo`ng`iroq qil, biz seni o`z himoyamizga olamiz”, deb o`rgatishadi. Buni ham to`liq qo`llab-quvvatlash kerak emas. Chunki bunda ham bir yaxshi, bir yomon tomon bor.
Samarqandda bo`lgan holatda birinchi sabab iqtisodiy muammo. Ya'ni aytilishicha, bola falaj kasalligiga chalingan. Jamiyatdagi o`rtadan past qatlamda ishsizlik, umidsizlik va iqtisodiy muammolar stressga sabab bo`lyapti. Va voqea sodir bo`lgan kasalxonaga ham e'tibor bersangiz, bu muammo nafaqat aholida, balki davlat tasarrufidagi shifoxona ham ayanchli ahvolda. Bu ona-bola shu shifoxonaga kelgunicha, shu ahvolga tushgunicha ulardan xabar olinmagan. Hech bo`lmasa ko`ngli ko`tarilmagan, doimiy ravishla xabar olib turilmagan. Masalan, ona farzandining joni og`rib yig`lashi natijasida har kecha uxlamay stressga tushgan, psixologik zarbalar olgan. Oqibatda hamma narsadan umidini uzgan va bu holatda bola ham ko`ziga ko`rinmay qolgan.
Ikkinchi sabab ilm tomondan deb o`ylayman. Masalan, diniy ilmimizning kam ekanligi ham shunday holatlarga sabab bo`ladi. Qiyinchilik paytida diniy bilimning bo`lishi inson uchun juda muhim ahamiyatga ega. Chunki boshga kulfat tushganda Allohga isyon qilish emas, shukrona aytish kerak. Bu taqdir. Davolanishga umuman umidi yo`q bo`lsa ham, qilgan harakatlari natijasizdek ko`rinsa ham tushkunlikka tushish va bolaga bunday azob berish mumkin emas. Bu dardni Alloh beryapti, uning o`zi shifosini beradi. Shifo bermagan taqdirda ham buni bir sinov tariqasida qabul qilish kerak.
Bu ish uchun onalikdan mahrum qilishga to`xtaladigan bo`lsak, bu bilan muammo hal bo`lib qolmaydi. Biz doimgidek oqibat bilan kurashamiz va sabablarni hisobga olmaymiz. Hammani ko`zida o`sha ona qotil sifatid, ya'ni farzandining kelajagini o`ldirayotgan ona sifatida gavdalanishi mumkin. Lekin uni shu holatga kelgunicha bo`lgan jarayonni tahlil qilish orqaligina muammoga barham berish mumkin.
Ota-onalar bilan suhbat qilib, quruq nasihatlar qilish bilan ham ish bitmaydi. Amalda ularga ko`mak berib, qo`llab-quvvatlash kerak. Ana shunda ular stressga tushib, bu kabi nojo`ya ishlarga qo`l urmaydi. Bola huquqlarini hech qachon quruq gaplar, va'dalar bilan ta'minlab bo`lmaydi. Shuning uchun javobgarlikka tortish emas, javobgarlikka sabab bo`luvchi holatlar bilan kurashish kerak”.
Hulosa o`laroq aytadigan bo`lsak, bolani kaltaklash, ayniqsa, buning begonalar emas, o`z onasi tomonidan amalga oshirilishi – aslo oqlab bo`lmas ish. Biroq xulosaga shoshilish yaramaydi. Mazkur holatga sabab bo`lgan omillarni o`rganish va muammolarga echim izlash kerak. Jazolash doim ham muammoni bartaraf etmaydi. Bu bilan bolalarga nisbatan haddan ziyod qattiqqo`l bo`lish, zo`ravonlik holatlariga xayrixoh bo`lmoqchi emasmiz. Bolalar tugul umuman inson zoti boshqa bir kishini haqoratlashi, mushtumzo`rlik qilishini oqlab bo`lmaydi. Ammo sababsiz hech narsa o`z-o`zidan bo`lmaydi. Shunday ekan, bolalariga zo`ravonlik qilgan ota-onalardan farzandini tortib olish taklifini mutlaqo to`g`ri qaror deb bo`lmaydi. Chunki farzand Alloh taolo bergan ne'mat. Uni tortib olishga hech kimning haqqi yo`q. Eng to`g`ri echim – ota-onani farzandiga qo`l ko`tarish darajasiga olib bormaslik. Bu borada ota-onalarga tegishli yordamlar ko`rsatish va qo`llab quvvatlash, bolalarga esa to`g`ri tarbiya berish lozim.
Sherali Soliyev,
“Bolalarolami” internet nashri bosh muharriri