14 yoshli bola mashina boshqarib, tengdoshining o`limiga sababchi bo`ldi. Qilmish esa jazosiz qoladi. Chunki qonunchilikka ko`ra, jinoyat tarkibini beruvchi transport hodisasini sodir etgan shaxs 16 yoshga to`lmagan bo`lsa, javobgarlikka tortib bo`lmaydi.
Namangan viloyatida 14 yoshli bola tomonidan sodir etilgan yo`l-transport hodisasi boshqa bir o`quvchi o`limiga sabab bo`ldi. Kosonsoy tumanining Kushon mahallasida yashovchi 14 yoshli maktab o`quvchisi «Vaz-2106» rusumli avtomobilda harakatlanayotib, boshqaruvni yo`qotishi oqibatida yo`l chetida ketayotgan tengdoshini urib yuborgan.
Afsuski, bir oilaning ne-ne umidlar bilan o`stirayotgan jigarbandi fojiali tarzda nobud bo`ldi.
Albatta, bu taqdiri azal. Ammo marhumning yaqinlari uchun masalaning bir alamli tomoni bor – bu holatda aybdorni – mashina haydovchisini javobgarlikka tortib bo`lmaydi. Chunki u – voyaga etmagan bola.
Garchi hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi ikkinchi qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o`lishiga sabab bo`lishi) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan bo`lsa-da, uning yakunini bilsa bo`ladi – aynan mazkur modda bo`yicha aybdorga jazo yo`q.
Boisi Jinoyat kodeksining 17-moddasiga ko`ra, kodeksning 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan ayblash uchun shaxs 16 yoshga to`lgan bo`lishi shart.
To`g`ri, tergov davomida ishning tafsilotlari sinchkovlik bilan o`rganiladi. Hodisaga sabab bo`lgan barcha holatlar tahlil qilinadi va ularga huquqiy baho beriladi. Avtomobil boshqaruvi bolaning «qo`liga tushib qolgani»ga sababchi bo`lgan shaxslar doirasi ham aniqlanadi. Ammo fakt shuki, jinoyat qonunchiligida bu qilmish uchun jazo mavjud emas.
Hodisadan jabrlanganlar etkazilgan (moddiy hamda ma'naviy) zararni voyaga etmagan «haydovchi»ning ota-onasidan fuqarolik tartibida talab qilishga haqlidir, xolos. Jumladan, Fuqarolik kodeksining 993-moddasiga ko`ra, o`n to`rt yoshgacha bo`lgan voyaga etmagan (kichik yoshdagi bola) tomonidan etkazilgan zarar uchun uning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiylari, agar zarar ularning aybi bilan etkazilmaganini isbotlay olmasalar, javobgar bo`ladilar.
Shu erda bir muhim gapni aytib o`tmasa bo`lmaydi.
Milliy mentalitetimizda shunaqa bir jihat bor – avtomobilga ega aksariyat otalar farzandining bo`yi cho`zilishi hamon uni rulga o`tqazgisi kelib qoladi. Hatto endigina 10 yoshdan oshgan bolalarga rul berib qo`ygan oilalar haqida eshitamiz.
Jamiyatda bunday illat mavjud ekan, bunday otalarni jinoiy jazoga tortishni joriy qilmoq kerak – bila turib, mas'uliyatsizlik ila yosh bolasiga avtomashina boshqarishni topshirgan, alaloqibat avtohalokat sodir bo`lgan holatda bunday otalarni (yoki buni qilgani isbotlangan boshqa kattalarni) jinoiy javobgarlikka tortish kerak.
Yana bir holatga e'tibor qaratish lozim. JKning og`irligi jihatdan 266-moddasiga teng bo`lgan boshqa qator moddalarida javobgarlikka tortish yoshi 14 yosh etib belgilangan. Masalan JKning 263 (Temir yo`l, dengiz, daryo, havo transporti vositasi yoki aloqa yo`llarini yaroqsiz holatga keltirish) va 267-moddalarida (Transport vositasini olib qochish) sub'ekt yoshi 14 yosh. Balki shu jihatdan ham Jinoyat kodeksining 266-moddasida ko`rsatilgan qilmish uchun jazoga tortish yoshini 14 yosh etib belgilash kerakdir.
Shoyad shunda kattalar voyaga etmagan bolalarga mashina boshqaruvini berishdan oldin o`ylab ko`rishadi, insonlar hayoti saqlab qolinadi, hali voyaga etmagan bolalar «qotil» tamg`asini ko`tarib yurishmaydi.
Manba: kun.uz