Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti boshlangʻich sinflarda bepul ovqatlanish bolalar davomati va salomatligiga qanday taʼsir qilishini oʻrgandi.
Tadqiqot instituti mutaxassislari boshlangʻich sinf oʻquvchilariga bepul ovqat berila boshlagan Qoraqalpogʻiston va Xorazm viloyatidagi 40 ta maktabda 1-4-sinf oʻquvchilari, ularning ota-onalari va oʻqituvchilari oʻrtasida soʻrov oʻtkazdi. Mazkur soʻrov natijalariga koʻra, 2022-2023-yillarda maktablarda bepul ovqatlanish dasturining amalga oshirilishi qoniqarli deb topilgan.
Bundan tashqari, Jahon banki koʻmagida amalga oshirilayotgan Oʻzbekistonda bolalar farovonligi indeksini baholash boʻyicha MHTI loyihasi doirasida sotsiologik soʻrov oʻtkazildi, unda respublikaning barcha hududlaridan 2000 dan ortiq xonadon va 3000 dan ortiq bolalar ishtirok etdi. Soʻrov natijalari maktabda bepul ovqatlanish dasturining oʻquvchilar davomati bilan bogʻliqligini aniqlash imkonini berdi.
Maktablarda bepul ovqatlanish boshlangʻich sinf oʻquvchilarining davomatiga qanday taʼsir qilishini baholash uchun “Propensity score matching” (PSC) modelidan foydalanildi. Ushbu model tajriba tariqasida bepul tushlik dasturi qoʻllanilayotgan hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati) va nazorat hududlarida (respublikaning boshqa 12 ta hududlari) taqqoslash uchun bir-biriga oʻxshash xususiyatlarga ega uy xoʻjaliklarini aniqlab beradi. Ushbu ikki guruhdagi maktablarda davomat darajasi taqqoslanganda bepul tushlik maktabga qatnash darajasini 8 foizga oshirishi aniqlandi.
Bundan tashqari, uy sharoitida muntazam ravishda nonushta qilish va vitaminlar, makro va mikroelementlarga boy oziq-ovqatlar, sabzavot va mevalarni isteʼmol qilish kabi sogʻlom ovqatlanish odati nafaqat bolalar salomatligini yaxshilashi, balki maktabda darslarni yaxshiroq oʻzlashtirish uchun ham xizmat qilishi maʼlum.
Oʻzbekistonning boshqa mamlakatlari va tajriba hududlari tajribasini oʻrganib, MHTI mutaxassislari bir qancha tavsiyalar berishdi:
- — har bir hududning turmush sharoitidan kelib chiqqan holda boshlangʻich sinflar uchun maktabda bepul ovqatlanish ratsionini qayta koʻrib chiqish;
- — barcha maktablarda oshxona yoki ovqatlanish joyi tashkil etish, oʻquvchilarni (1-4-sinflar) kuniga kamida bir marta bepul issiq ovqat bilan taʼminlash;
- - taomlar kaloriyasi, tarkibi va ogʻirligi boʻyicha standartlarga javob berishi kerak. Ratsionda makro-mikroelementlar, vitaminlar, sellyulozaga boy va biologik faol moddalar bilan boyitilgan oziq-ovqatlar, shuningdek, cheklangan miqdordagi yogʻ, shakar va tuz boʻlgan ovqatlar boʻlishi kerak;
- — maktab ovqatlanish ratsioniga sut va sut mahsulotlarini kiritish, buning natijasida har bir bolaning kamida uch yil davomida boʻyi va vazni oshishi, bolalarda kasallikka chalinish holatlari va moddalar almashinuvining buzilishi kamayishi;
- — maktabda ovqatlanish dasturi bolalarni mikroelementlar va vitaminlar bilan boyitilgan ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash orqali mahalliy qishloq xoʻjaligini, oziq-ovqat va xizmatlar ishlab chiqarishni rivojlantirishi;
- — maktablarda bepul ovqatlanish sifatini baholashning onlayn elektron platformasini yaratish, bu orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va muntazam monitoring olib borish zarur;
- — Oʻzbekistonda maktablarda bepul ovqatlanish qamrovini kengaytirish va dasturni moliyalashtirish uchun donorlar, ham milliy xususiy sektor, ham xalqaro tashkilotlar jalb etilishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning 77 foizi vaqti-vaqti bilan yongʻoq, mayiz, quritilgan oʻrik, sabzavot va mevalar (respublikaning boshqa hududlarida – 88 foiz) isteʼmol qilishi maʼlum boʻldi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida bolalarning 61 foizi, boshqa viloyatlarda esa 73 foizi har kuni goʻsht isteʼmol qiladi. Xorazm viloyatidagi maktablarning 75 foizi, Qoraqalpogʻiston maktablarining 53 foizi maktab oshxonasi yoki bufetiga ega.
Shu oʻrinda iqtisodchi Otabek Bakirov yuqoridagi masalaga toʻxtalar ekan, “Maktabning vazifasi oʻzi nima? Ovqatlantirishmi yo taʼlim berish? Agar bolalar bepul nonushta uchun maktabga koʻproq borayotgan boʻlsa, bu boshqa chuqurroq muammolarga borib taqalmaydimi? Uni maktabga tirkashning nima keragi bor?” mazmunidagi savollarni oʻrtaga qoʻymoqda.
“Shimoliy mintaqamizda berilayotgan bepul nonushtaning hech qursa issiq ovqat, issiq ichimlik yo sutli mahsulot boʻlmagani, shakar, yogʻ va yana allambalo kimyoviy unsurlarga toʻla uglevodlardan ekani alohida masala. Oʻzi qolgan hududlar uchun “bepul nonushtaga” aytaylik, yana 1 trln. sarflab erishadigan natijamiz nima boʻladi? Muhimligi boʻyicha maktablarimizning asosiy muammolari nima? Taqsimot va mablagʻlar qachondir shu prioritetlardan kelib chiqib belgilanadimi?” – deydi Bakirov.
Darhaqiqat, oʻquvchi maktabga taʼlim olish uchun kelishi kerak, bepul ovqat ilinjida emas. Toʻgʻri, oʻquvchilar orasida sharoiti ogʻir, kuniga bir mahal ovqatlanadigan bolalar ham bordir. Davlat ana shunday bolalarning sinfdoshlari oʻz puliga toʻyib ovqatlanganda ular bir chetda oʻksinib turmasligini xohlayotgandir. Ammo yuqoridagi savol yana yuzaga chiqadi – maktabning vazifasi ovqatlantirishmi yoki taʼlim berish?
Ijtimoiy ahvoli ogʻir bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul alohida tashkilotlar bor. Kam taʼminlangan bolaning, umuman oilaning qorin gʻamini yeyish ularning zimmasida. Maktablarda esa shusiz ham yechimini kutib yotgan muammolar yetarlicha topiladi.
Davlat maktablardagi kutubxona va sport zallari, isitish va sovutish tizimlari, kanalizatsiya va boshqa tizimlarning barqarorligi haqida, taʼlim sifati borasida koʻproq qaygʻursa, oʻquvchi maktabga oshqozonini toʻldirish uchun emas, ongini boyitish uchun keladi.
Sifatli taʼlim bilan davomatni yaxshilab boʻlmaydi deydiganlar esa oʻquv markazlariga borishsin. Ular shunchaki pul toʻlayotgani uchun emas, oʻzi uchun kerakli bilimni shu yerdan olayotgani uchun har bir darsda muntazam ishtirok etishga harakat qilishadi.
Maktablar ham tekin ovqatlanish maskani emas, ilm ulashish dargohi boʻlishi kerak!