Andijon viloyati Izboskan tumanidagi maktablardan birida o`qituvchi darsga kech qolib kelgan o`quvchiga ikki litr ariq suvidan ichirib jazolagani xabar qilindi.
Ma'lum qilishicha, 6-sinf o`quvchisi darsga kechikib kirgan va o`qituvchiga qo`pol muomalada bo`lgan. O`qituvchi esa uni 2 litr ariq suvi ichirib, nok bargini eyishga majburlagan.
"O`sha kun maktabda navbatchi sifatida eshik tagida o`tirgan edim. U o`quvchi 2-soat oxiriga kech qolib keldi. Sababi so`ralganda gap qaytardi. O`zimning qarindoshim ekani sababli unga o`zingni bos degan maqsadda 100 gramm yoki bir piyolacha suv ichirganman. Bu erdagi boshqa gaplar qayerdan kelyapti, buni bilmayman. Nok daraxti bor, lekin bunaqa narsa qilinmagan. Masalan, o`shani o`quvchiga majburlab bersa ham, yutmaydi-da u narsani. Men majburlay olmayman-ku, to`g`rimi? Bu narsani aytishdan oldin sal o`ylash kerak", — degan o`qituvchi.
Qayd etilishicha, darsga kechikkan o`quvchi B. va uni jazolagan o`qituvchi Sh. o`zaro qarindosh bo`lgan. Voqeaga jabrlanuvchining sinfdoshlari ham guvoh bo`lgan.
"Hamma bir-biriga suv sepib o`ynayotgandi. O`qituvchi "mana shu suvni ichasan", deb ichirib yubordi", — degan o`quvchilardan biri.
«Kechirim so`rattirib, doktorga olib boramiz dedi. O`zi olib ketdi shifoxonaga. U erda shifokorlar hech qanday muolaja shartmasligini, yaxshi bo`lib ketishimni aytdi», — deydi jabrlangan o`quvchi.
Holat bo`yicha ikki tomonning ko`rsatmalari bir-biriga zid ko`rinishga ega. Holat aslida qanday bo`lganini esa maktab ma'muriyati yoki tegishli tashkilotlar o`rganadi, degan umiddamiz. Agar o`qituvchi yuqoridagi xatti-harakatni amalga oshirgani tasdiqlansa, buning uchun qat'iy tartibda jazo qo`llanilishi lozim.