Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan hududlarda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida farzandlarini sotayotgan ayollar qoʻlga olindi.
Xususan, Sirdaryo viloyati Guliston shahrida vaqtincha yashovchi buxorolik ayol 15 kunlik oʻgʻlini 40 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Surxondaryo viloyati Termiz tumanida yashovchi ayol 20 kunlik qizini oʻzining tanishi bilan til biriktirib, Termiz shahrida 25 mln soʻmga sotgan vaqtlarida qoʻlga tushgan.
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi ayol oʻzining 6 yoshli oʻgʻlini Toshkent shahrida 3 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Namangan shahrida yashovchi ayol oʻzining 10 yoshli oʻgʻil farzandini 18 ming dollarga sotishga kelishib, talab qilingan puldan 4 ming dollarini olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odam savdosi, oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.