2023-yilning 7-oktyabr kuni insoniyat tarixidagi mudhish sanalardan biriga aylanib bo‘ldi. Aynan shu kuni Isroil va Falastin o‘rtasida yana bir urush boshlandi. Ushbu ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq yillardan beri davom etib keladigan qonli to‘qnashuvlarning yakuni qachon, bilmaymiz. Ammo shu narsa aniqki, bu urushlar o‘nlab, yuzlab, minglab insonlarning, ayniqsa, bolalarning hayotiga zomin bo‘lmoqda.
Boshlanganiga 3 oydan ortiq vaqt bo‘lgan urushda hozirgacha 22 mingdan ortiq aholi (shulardan 6 mingdan ortig‘i bolalar) halok bo‘ldi. 36,000 kishi jarohatlandi, 7,000 nafar fuqarolar vayronalar ostida izsiz yo‘qoldi.
UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Falastinda har kuni 10 dan ortiq bola bir yoki ikkala oyog‘idan ayrilmoqda. 7-oktyabrdan beri mingdan ortiq bolaning bir yoki ikkala oyog‘i amputatsiya qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) esa bunday amaliyotlarning aksariyati narkoz yoki og‘riqni qoldiruvchi vositalarsiz amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Chunki G‘azodagi sog‘liqni saqlash tizimi mojarolar tufayli yo‘qotishlarga uchragan va shifokor, hamshiralar hamda antibiotik va boshqa tibbiy preparatlar yetishmovchiligi mavjud.
Falastindagi tibbiy sharoitlarni tasavvur qilishingiz uchun ayrim raqamlarni keltirib o‘tamiz:
- Mavjud 36 ta kasalxonadan faqatgina 13 tasi ishlamoqda;
- 9 ta shifoxona o‘z imkoniyatidan 3 marta ko‘proq ishlamoqda. Ya’ni 1 kunda 100 ta bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega shifoxona kuniga 300 ta bemorga xizmat ko‘rsatyapti;
- Urush boshlanishidan oldin faoliyat olib borgan shifokorlarning 30 foiz qismigina hozir ham ishini davom ettirmoqda. Qolganlari yo halok bo’lgan yoki jang maydonida.
Save the Children tashkilotining Falastindagi hududiy rahbari Jeyson Li vaziyat haqida shunday deydi:
“Bolalarni shunchalik og'riqda ko'rish va ularni davolash yoki og'riqni yengillashtirish uchun zarur asbob-uskuna va dori-darmonlarning yo‘qligi hatto tajribali mutaxassislar uchun juda katta muammo tug‘dirmoqda. Portlashlar oqibatida mayib bo'lgan yosh bolaning ahvolini ko'rish va ingrashlarini eshitish insoniylik nuqtayi nazaridan tushunib bo‘lmaydigan holatdir.
Portlashlar ostida qolgan bolalar, ayniqsa, kelgusi hayotini salbiy tomonga o'zgartiruvchi jiddiy jarohatlar olmoqda. Ularning bo'yinlari va tanasi zaifroq, shuning uchun miya shikastlanishi uchun kichik ta’sir ham kifoya qiladi. Ushbu mojaroda bolalarning azoblanishini tasavvur qilib bo'lmaydi. Bu azob-uqubatlar, bolalarni o'ldirish va mayib qilish bolalarga nisbatan qo'pol qonunbuzarlik sifatida qoralanadi va aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak.
Urushni to‘xtatishgina tinch aholining o'ldirilishi va mayib bo'lishiga chek qo'yadi va juda zarur bo'lgan insonparvarlik yordamini, shu jumladan yarador bolalar uchun muhim dori-darmonlarni talab darajasida yetkazib berishga imkon beradi”, – deydi Li xonim.
Ma’lumot uchun: Save the Children 1953-yildan beri falastinlik bolalarga zarur xizmatlar va yordam ko‘rsatib keladi. Biroq bugungi kunda ushbu tashkilotning yordami juda kamlik qiladi. Begunoh insonlar, norasida go‘daklar jabr ko‘rmasligi, hayotdan ko‘z yummasligi uchun xalqaro hamjamiyat mazkur urushni tinch yo‘l bilan hal etishga erishishi shart!
Sherali Soliyev