x

“Siz biror marta bugun, ehtimol, hayotingizning so‘nggi kuni bo‘lishi mumkinligi haqidagi o‘y-hayol bilan qorong‘u chodirda yashaganmisiz?

Mening ismim Ziyoda. Men 16 yoshdaman, lekin mening hikoyam tengdosh bolalarning hikoyalaridan farq qiladi ...

Mening to‘rt nafar opa-singillarim, ikki nafar jiyanim va onam bor. Biz Suriyada 5 yil davomida – bugun umrimizning oxirgi kuni, bugun ko‘zlarimizni abadiy yumamiz, degan qo‘rquvda yashadik ...

Biz, quyosh nurlari tushmaydigan chodirda hayot kechirardik. Xotirjam yotib, tinch uxlay olmas edik, chunki yarim tunda ham jangarilar ichkariga kirib, narsalarimizni titkilay boshlashardi ...” Ziyodaning ko‘zlari dahshatga to‘la, go‘yo yana o‘sha chodirga qaytgandek edi. U o‘tmishga qaytib, xotiralariga sho‘ng‘ib ketdi.

“Men hammasini tezroq unutishni xohlayman, lekin jarohatlarim o‘tmishni unutishga imkon bermayapti. Men bombalar qanday portlashini ko‘rganman va jonimni saqlash uchun panaga qochganman. Men juda tez yugurardim va hayotimni asrab qolishini iltijo qilardim, lekin ulgurolmadim... portlash ... men qotib qoldim, ko‘zlarimda qorong‘ulik, atrofimda chang va vayronalar ... Ko‘zlarimni ochsam, bomba parchalari meni yarador qilgan ekan ...”, – deydi Ziyoda yig‘lab va titrab.

“Kichik singlimning butun tanasi ko‘karib qolgan joylar bilan qoplangan edi. U kuchsizlandi, nafasi qisilishi kuzatilardi. Shifokorlar uning yuragida nuqson borligini aytishdi. Suriyada boshimizga tushgan azoblardan keyin katta opalarim asabiylashadigan va yig‘laydigan bo‘lib qolishdi. Ularning boshi tez-tez og‘rib turadi. Oʻshandan beri ular tinch uxlay olmaydilar, – dedi Ziyoda, afsuslanib.

“Oʻtgan yili bizni vatanimizga olib kelishdi. Biz tog‘amning uyida qoldik, lekin ular bilan birga yashay olmadik. Onam bizni ijaraga olgan kvartiraga olib bordi, biz ijara haqini zo‘rg‘a to‘lar edik.

Bu yerga kelgach, darhol Toshkentdagi shifokorlarga murojaat qildik. Kichik singlimning yuragini operatsiya qilishdi. Endilikda u o‘zini yaxshi his qilyapti va maktabga boryapti. Boshqa opalarim ham samarali tibbiy xizmatlardan bahramand boʻlyaptilar.

Boshdan kechirganlarim xotiralari, chandiqlarim sekin-asta bitmoqda. Men maktabga boryapman. Maktabdagilar o‘tmishimni bilishsa ham, menga yaxshi munosabatda bo‘lishyapti. Agar biror narsani tushunmasam, menga tezda tushuntirishyapti. Eng kichkina singlim bog‘chaga qatnayapti, katta opam bozorda savdo-sotiq sohasida ishlayapti, ikkinchi opam esa uning bolasini parvarishlayapti.

Biz psixologlar bilan uzoq suhbatdan so‘ng, uydan chiqishga qo‘rqmaydigan bo‘ldik... ".

 

Ziyoda va uning oilasi 2021-yil yakunida “Mehr-3” operatsiyasi doirasida Farg‘ona viloyatiga qaytarilgan.

Oilaning doimiy yashash joyi bo‘lmaganligi uchun, 2021-yil iyun oyida ularga hokimiyat tomonidan to‘rt xonali kvartira berildi. Ijtimoiy xodimlar oilaga uyda vaqtinchalik yashash uchun ro‘yxatdan o‘tishga yordam berishdi va hozirda doimiy ruyxatdan o‘tishlari ustida ish olib borilmoqda. Qizlarning onasi oyiga atigi uch marta navbatchi shifokor bo‘lib ishlamoqda. Oilani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun loyiha mutaxassislari onaga bola nafaqasini olishda yordam beryapti.

Katta opalari Toshkent shahridagi xususiy klinikalardan birida davolanmoqda. Farg‘ona viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi ularga 9-sinfni tamomlaganlik to‘g‘risida shahodatnoma olishda ko‘maklashgan bo‘lsa, ayni damda 10-11-sinflarni eksternat tarzida tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjatni rasmiylashtirishda yordam berilmoqda. “VAQF” diniy jamg‘armasi singlisining yuragini operatsiya qilishga yordam berdi, hokimiyat esa jiyanlarini bog‘chaga joylashtirish masalasida ko‘maklashdi.

“Biz bu yerda tinchlik topdik. Uyimizda endi chiroq doimo yonib turibdi, ko‘chada esa qushlarning sayrashi eshitiladi”, – dedi Ziyoda yengillik bilan, quyoshning yorqin nurlari kirayotgan derazadan tashqariga nigoh tashlab.

 

Ushbu hikoya Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Yevropa Ittifoqi va BMTning Markaziy Osiyo davlatlariga qurolli mojarolar hududlaridan, birinchi navbatda Suriya va Iroqdan qaytgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida yozilgan.

To Top ↑
To Top ↑