O`sha kuni bolalar asab kasalliklari shifokoriga navbat uzun, diqqqinafas koridor deyarli to`lgan, anchagina tanilib qolgan mutaxasisga bemor kichkintoylarini ko`rsatish ilinjidagi ota-onalar sadaga qo`ngan chumchuqlarday chug`urlashardi:
- Oxiri kim?
- Biz.
- Voy-vo`, sizdan oldin o`ttiztacha odam bor shekilli?
- Ko`proq deng o`rgilay, - qo`shildi ko`k ro`moli elkasiga tushib sochlari to`zg`ib qolgan juvon. U ozg`in qo`llari bilan bolasi emayotgan ko`kragini yashirar ekan, bir ko`zi bilan o`tirgani o`rindiq qidirardi.
- Kasal ko`p kelishini bilishadi, hamma bolali bo`lsa. Sharoit yaratib qo`yishsa bo`lardi.
Uning gapini maqullab bosh irg`agan oltmish yoshlardagi onaxon ham norozi edi:
- Gapirmang. Kecha nevaramni kelinim olib kelgandi. Boyaqish kechga yaqin o`zi kasalxonaga tushib qoldi. Homiladorda. Anavi ikki kelin ham og`irbo`y ekan, hech bo`lmasa yana besh-o`ntacha ustul qo`yishsa davlatlari kamayib qolarmikan.
- Voy-vo`, hamma joydagi axvolku...
- Yo`q, hamma joyda emas, - dedi qo`lidagi sut idishni bolasining og`ziga tutayotgan juvon, - aksariyat poliklinikalarda deng. Tunov kuni kattamni endokrinolokka olib borgandim. O`ttiztacha o`rindiq qo`yishibdi. Hususiylarda sharoit zo`r. Naloglarni sug`urib bo`lsa ham olishadiyu, bitta ustulni ravo ko`rishmaydi...
Uchta o`rindiqda to`rtta bo`lib omonat o`tirgan chaqaloqli kelinlar o`ng`aysizlanib ko`zlarini yashirishdi. Joy beray deyishsa qish kiyimida bola bilan oyoqda turishning o`zi bo`lmaydi, qiynalib qolishadi. O`tiraverishsa, tik turganlarning oldida aybdorday, selgimayotgan navbat va shifokor o`tirgan xona eshigiga qarab pichirlashardi:
- Tezroq navbatimiz kelsinda...
- Ilohim. Odamni qarang. Bolami pampersi ham to`lib ketdi.
- Menikiyam.
Chirillab yig`layotgan chaqalog`ini ovuta olmayotgan rangpar juvon atrofdagilarga aybdorona mo`ltiradi:
- Vodiydan sahar to`rtda kelganmiz. Biror narsayam eb olmabman. Sutim yo`q shekilli, emsa ham yig`layapti. Jijisi borlar navbatsiz kiradi deyishsa xursand bo`libman. Bu erga kelganlarning yarmidan ko`pida chaqaloq-ku. Qolaversa, hammaning bolasi ham kasal...
Uning gapi chala qoldi. Eshik ochilib ko`zoynagi yarashmagan hamshiraning chiyillagan ovozi eshitildi.
- Vohidova... Vohidova Shaxlo.
Hozirgina nolib turgan juvon "Biz" deya ovoz berib, shifokor xuzuriga kirib ketgan chog` eshik yopayotgan hamshiraning ro`parasida olti yoshlar chamasidagi qizaloqni etaklagan barvasta erkak paydo bo`ldi.
- Ra'no Murodovna qabul qilyaptimi?
- Ha, siz kimsiz? Registraturadan tartib raqami yozilgan qog`ozcha olgan bo`lsangiz qayd varaqangiz bilan bering. O`zim chaqiraman.
Erkak ikki dona tilla tishini ko`rsatib iljayar ekan, ichkaridagi shifokor eshitsin deb, ovozini balandlatdi:
- Eee singlim. Qanaqa tartib raqami? Vazirlikdan Olimjon Hakimovich yuborgan odam kelibdi deng, bo`ldi.
Navbatda turgan xotin-xalaj chuvillab ketdi:
- Qanaqa vazirlik, uyatingiz bormi? Shuncha odam, chaqalogi, nogiron bolasi borlar ham kutib turibdiku...
- Do`xtirning o`zi kech keldi. Qolmishiga yotib davolanayotgan bemorlardan ham konsul'tatsiyaga olib tushib, ancha vaqtimizni olishdi. Endi siz paydo bo`ldingizmi?
- Qoching, orqaga o`ting. Prezident yuborgan bo`lsa ham navbat bilan kirasiz!
Olomon o`z xaqqini talab qilgan sari u ham avjiga chiqdi:
- Meniyam eshitinglar. O`zim ham vrachman. Huddi sizdaka kasallarim kutib turibdi. Nevarami ko`rsatamanu chiqaman. O`n minut ham ketmaydi-ku. Telefon qilib aytib qo`yishgan.
Sabr kosalari to`lib turgan bo`lsa ham odamlarning uni o`chdi. Biror kuni shu shifokorga ham ishimiz tushishi mumkun-ku, degan istixolada taqdirga tan berishdi.
U "hamshiraning ichkarida kasal bor" deganiga ham qaramay shaxd bilan eshikni ochib, "Assalomu alaykuuuum" deya cho`zilgancha ortga tisarilib turgan qizchasini itarib kirib ketdi. Biroq, ikki daqiqa ham o`tmay, shumshaygancha qaytib chiqdi. Koridorning u boshiga borib, kimningdir raqamlarini terib, asabiylashib baland oxangda gaplashdi, arzi xol qildi.
Gapi tugab, yana bir raqamni terayotgan chog` ichkaridan chiqqan shifokorning ovozi eshitildi:
- Sultonxo`jayev...
Gavdasiga yarashmagan chaqqonlik bilan pildirab kelgan erkak shifokorga g`olibona nigoh tashlab tirjaydi:
- Aldamabmanmi? O`zi qo`ng`iroq qildilarmi?
Asabiylashib o`ng qovog`i uchayotgan shifokor ayolning ovozi titrab chiqdi:
- Ha qildi. Mayli, nevarangizni navbatsiz ko`rib qo`yaman. Faqat siz buning uchun avval mana shu odamlardan ruhsat oling. Ana qarang, yosh bolalilar, xomiladorlar, sizga o`xshab nevara etaklab kelgan keksa onaxonlar ham bor. O`zi ertalab yarim soatga cho`zilgan besh minutlikni deb kech qoldim. Ichkarida o`tirgan juvonning bolasi och qolganidan va kalla ichki bosimi tufayli tortayotgan azobdan chirrillayapti. Siz bo`lsa... Keyin bularni vrachman deb aldamang, mebel' do`konining egasi, tadbirkorsiz. Buniyam qo`ng`iroq qilib aytishdi. Nima, siz kechroq borsangiz savdo to`xtab qoladimi? Yoki xaridorlaringiz arazlab qolishadimi? Endi, qaytib qo`ng`iroq qiling. Ishdan olishsa amallab kunim o`tar!
Titrab turgan shifokor shuncha "shirin" gapdan so`ng shalvirab qolgan erkakka yana bir karra nafrat bilan nazar tashlagach ichkariga kirib ketdi.
...O`sha kuni uning boshi ham bo`ldi.
O`sha kuni u ko`zlarini kattaroq ochib atrofiga nazar tashladi.
Uzoq-yaqindan kelgan hamyurtlarining mahzun qiyofalariga qarab, dunyoda faqatgina hamma joyda so`zini o`tkazadigan boyvachchalar emas, hech qanaqa tanish-bilishi yo`q oddiy odamlar ham borligini xis qildi.
O`sha kuni u qizining to`yiga faloncha turadigan mebelllar oluvchi vazirlikdagi akaxonidan ham nafratlanib ketdi.
O`sha kuni u umrida ilk bor navbat kutdi.
El qatori - do`konida sotilayotgan, uyida tiqilib yotgan kreslo, yumshoq stullarda emas, tik oyoqda, o`zlari chaqirishmaguncha sabr bilan navbatini poyladi.
O`sha kuni u boshqa hech kimga qo`ng`iroq qilmadi.
...Uch kundan so`ng esa uzun koridorda navbat poylayotgan odamlarning birortasi tik turib qolmadi. Qator qo`yilgan yangi stullarga bemor bolajonlarini ham o`tirgizib olgan xotin-xalaj chumchuqday chug`urlab, qulay o`rindiqlar ehson qilgan odamni tinmay duo qilishar edi...
Muazzam Ibrohimova