Saudiya Arabistoni yaqin tarixda ta’lim tizimida katta o’zgarishlarni amalga oshirdi. O’tgan asrda ta’lim asosan yirik shaharlardagi katta boy oilalarning farzandlari uchun edi. Bugunga kelib esa mamlakatda 39 mingga yaqin maktablar, 38 ta nufuzli universitetlar nafaqat xalq uchun, balki, o’qish istagida bo’lgan chet ellik talaba va o’quvchilar uchun ham o’z eshiklarini ochgan. Ta’lim sifati, yaratilgan imkoniyatlar va turli ijobiy faktorlar sabab Saudiya ta’limi dunyo miqyosida e’tirof etiladi. Aholining savodxonlik darajasi 98% dan yuqori. Ta’lim xarajatlari butun davlat bo’yicha 2-o’rinda turadi. Byudjet – 53,4 millard dollar va bu YaIMning 8,8% qismidir. Bu ko’rsatkich jahon statistikasidan (4,6%) qariyb ikki barobarga ko’p.
Mamlakatda bolalar bog’chaga borishi majburiy emas va bu o’rta ta’limga hech qanday ta’sir qilmaydi. Maktab ta’limi 12 yildan iborat va 3 bosqichga ajratilgan: boshlang’ich (6 yil), o’rta (3 yil) va umumiy-o’rta yoki o’rta maxsus (3 yil).
Umumiy standartlar ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi va har yili kengaytirilgan imtihonlar o’tkaziladi. Bolalar boshlang’ich sinfga 6 yoshda chiqishadi. Ular o’rta bosqichni (9-sinfni) tamomlaganlaridan so’ng umumiy-o’rta yoki o’rta-maxsus ta’limni tanlashlari mumkin bo’ladi. Avvalgi yillarda o’quvchilar beshta diniy fan: tavhid, fiqh, tafsir, hadis va Islom ta’limi hamda Qur’on ilmlarini olishlari kerak edi. Ammo, bir qator islohotlardan keyin ushbu fanlar bitta fanga jamlandi. Bundan tashqari ular matematika, fizika, kimyo, biologiya, geologiya va AKT fanlarini o’rganishi majburiy hisoblanadi.
Ushbu 12 yillik umumiy-o’rta ta’limdan so’ng bitiruvchilar oliy o’quv yurtlariga hujjat topshirishlari mumkin bo’ladi. Hozirgi kunda ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi qiz-ayollarning soni erkaklarnikiga nisbatan ko’proq.
Eslatib o’tamiz, rubrikamizning avvalgi sonlarida AQSH va Xitoy davlatlarida o’rta ta’lim haqida yozgan edik.
Umidjon Sayfullayev tayyorladi.