Xitoyda ta’lim tizimiga hukumat tomonidan katta e’tibor qaratiladi. Shu sababli ham ushbu mamlakat ko’plab sohalarda dunyo bo’yicha yetakchilik qilmoqda. Ta’lim tizimi vazirlik nazorati ostida bo’lib, shahar hududidagi maktablar ta’minoti to’liq davlat zimmasida. Ba’zi qishloq hududida joylashgan maktablar esa iqtisodiy taraflama o’z-o’zini boshqaradi. 2022-yil ma’lumotlariga ko’ra ta’lim byudjeti — 6,13 trillion yuan. Aholining savodxonlik darajasi 97%dan yuqori. Maktablarning umumiy soni 518 mingdan ortiq.
Xitoyda majburiy ta’lim qonun bilan mustahkamlangan bo’lib, umumiy 12 yilni tashkil etadi. O’rta ta’lim 3 bosqichga ajratilgan – boshlang’ich (6 yil; odatda 6 yoshdan boshlanadi), quyi-o’rta (3 yil), umumiy-o’rta yoki o’rta-maxsus (3 yil). O’quv yili 2 semestrdan tashkil topgan bo’lib, sentyabrdan iyul oyigacha davom etadi.
O’quvchilar asosan xitoy tili, matematika, jismoniy tarbiya, musiqa, chizmachilik, tarix, geografiya, ingliz tili, fizika, kimyo, siyosatshunoslik, biologiya, axborot texnologiyalari, buxgalteriya, mafkura va boshqa fanlarda tahsil olishadi. Fanlar bosiqchlarga qarab farqlanib turadi. E’tibor bergan bo’lsangiz, darslarning asosiy qismini aniq fanlar tashkil etadi.
Boshlang’ich bosqich o’quvchilarining yakuniy imtihonlari xitoy tili va matematika fanlaridan iborat. Quyi-o’rta bosqich bitiruvchilari esa xitoy tili, matematika, fizika, kimyo, chet tili va siyosat fanlari va minimal jismoniy tarbiya standartlariga javob berishlari zarur. Ushbu bosqichni yakunlagan bitiruvchilar umumiy o’rta yoki o’rta-maxsus ta’limni tanlashlari mumkin bo’lib, ular ta’lim vazirligining maxsus kirish imtihonlarida o’tishadi. O’rta-maxsus ta’lim odatda 3-4 yil davom etadi.
Mamlakatdagi maktablarning asosiy qismida maktab formasi talab qilinadi. Belgilangan uniformalar mavsumlarga qarab farqlanadi. Jismoniy tarbiya darslari uchun ham alohida maxsus kiyimlar joriy qilingan.
Yuqoridagi 12 yillik ta’limni tugatganlar oliy o’quv yurtlariga hujjat topshirishlari mumkin bo’ladi. O’rta maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar universitetlarning kirish imtihonlaridan ozod etilib, to’g’ridan-to’g’ri o’zlari tanlagan oliy ta’lim muassasasiga talabalikka qabul qilinadi. Statistik ma’lumotlarga ko’ra Xitoyda bir yillik abituriyentlar soni 200 millionga yaqinlashgan.
Umidjon Sayfullayev tayyorladi.