Do`stsiz kishi ojiz kishidir!
Har bir inson o`zi uchun yaxshi do`st tanlashi lozim. Chunki do`st bu sizning oynadagi aksingiz kabidir. Zero, siz qanday bo`lsangiz, do`stingiz ham shunday bo`ladi. Aksincha, do`stingiz qanday bo`lsa, siz ham unga o`xshaysiz. Shu sabab yaxshi va odobli bolalar bilan do`stlashish kerak. Do`stlikni mustahkamlash, uning uzoq davom etishi uchun esa do`stlar bir-biriga sodiq, hurmat ko`rsatuvchi va bir-birining sirini saqlovchi, dushmanlardan himoya qiluvchi bo`ladi. Do`stlar xursandchilik kunlarida ham, xafalik kunlarida ham doim birga bo`ladilar. Faqat xursandchilik kunlarida atrofida aylanib, qiyin vaqtlarda bir-birlarini tark etish haqiqiy do`stlik emas. Do`stning qandayligi qiyin va og`ir vaqtlarda bilinadi.
Siz doimo do`stingiz bilan teng bo`ling, hech qachon o`zingizni undan baland qo`ymang, doim kamtarin bo`ling, o`zingizga ravo ko`rgan narsani unga ham ilining. Ya'ni o`zingiz yaxshi ko`radigan narsani do`stingizga ham bering. O`zingiz yoqtirmaydigan narsani esa unga bermang! Ko`p yor-u birodarlar, haqiqiy do`stlar orttiring. Chunki ularning odamga foydasi ko`p. Chin do`st tayanchdir. Kimning tayanchi bo`lsa, o`sha baquvvat hisoblanadi. Baquvvat kishining baxt va davlati mustahkam bo`ladi. O`ziga do`st topa olmagan kishi odamlarning eng ojizidir. Bundan ham ojizi esa oldiniga biron do`st topadi-yu, keyin uni ham yo`qotib qo`yadi. Siz doim yomon ish qiladigan, so`zida turmaydigan va va'dasini bajarmaydigan odamni do`st tutmang. Chunki u arzimas narsani deb sizga xiyonat qiladi. Bundan tashqari yolg`onchi bilan do`st tutinmang. U misoli sarobdir. Ya'ni yaqin narsani uzoq, uzoq narsani yaqin qilib ko`rsatadi.
Yana bir maslahat shuki, ahmoq kishilar bilan do`st tutinmang! Chunki ular doim sizga foyda o`rniga zarar keltiradi. Shunday ekan, do`st tanlashda shoshilmang! Eng yaxshi, pokiza, qalbi oftobdek va odob-axloqli bolalarni o`zingizga do`st qilib tanlang.