x

Ma'lumki inson dunyodagi boshqa jonzotlardan o`zining ilmi va tafakkuri bilan ajralib turadi. Ammo ana shu tafakkur va ilmdan bekamu-ko`st foydalanish uchun ba'zi narsalarni anglash va intilish kerak bo`ladi. Shu nuqtayi nazardan aytish mumkinki, inson tarbiyasi uning boshqa jonzotlardan ustun ekanligini namoyon etuvchi asosiy omil hisoblanadi. Jumladan, barcha zamonlarda ham yoshlarning tarbiyasi, o`zini tutishiyu, odob-axloqi dolzarb masala bo`lib kelgan. Buni uzoq-yaqin o`tmishimizda yashab o`tgan ulug` zotlardan meros qolgan kitoblar, hikmatli so`zlardan ham anglash mumkin. Hususan, buyuk mutafakkir bobomiz Abu Nasr Forobiy ta'lim-tarbiya yo`llari, usullari hamda vositalari haqidagi quyidagi gaplari insoniyat uchun tarbiya masalasi naqadar muhim ekanligining isbotidir.

 “Insonda go`zal fazilatlar ikki yo`l — ta'lim va tarbiya yo`li bilan hosil qilinadi. Ta'lim faqat so`z va o`rgatish bilangina bo`ladi. Tarbiya esa, amaliy ish, tajriba bilan, ya'ni shu xalq, shu millatning amaliy malakalaridan iborat bo`lgan ish-harakat, o`rganishidir”.

Buyuk mutafakkir bobomizning ushbu gaplarining zamirida ta'limda barcha fanlarning nazariy asoslari o`rganilsa, tarbiyada ma'naviy-axloqiy qoidalar, odob me'yorlari o`rganiladi degan g`oya mujassamdir.

Bugungi kunda ham yoshlarning tarbiyasi, axloqiga alohida e'tibor berilishi ularning kelajakda qanday inson bo`lishiga ham ta'sir ko`rsatadi. Chunki tarbiyasiz bolaning muvaffaqiyatli shaxs bo`lib etishishi gumon, odob-axloqli bola esa o`zining tarbiyasi, ilmi va harakati orqali yuqori marralarni zabt etishi shubhasiz!

So`zimiz yakunida jahon ilm tarixida axloq faniga munosib hissa qo`shgan qadimgi yunon faylasufi Arastuning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, degan so`zlaridan kelib chiqqan holda, yoshlarning odob-axloqi nafaqat uning o`zi yoki oilasi, balki butun mamlakat kelajagiga ta'sir qilishini ta'kidlash lozimdir.

To Top ↑
To Top ↑