Ba'zida aytganlarimizni bajarmagan farzandimizni turli gaplar bilan qo`rqitib shu ishni bajarishga majburlaymiz. Vaqtida uxlamasa, "ajinalarga berib yuborishimizni", ovqatini oxirigacha eb qo`ymasa, "falonchi doktor ukol qilib qo`yishini" yoki kuchuk tishlab olishini aytamiz. Bu bilan bolani to`g`ri tarbiyalayapman deb o`ylayotgan ota-onalar qattiq adashishadi. Bu mutlaqo noto`g`ri.
Bunday tarbiya, bunday munosabat bolani qo`rqoq qilib qo`yadi. Kechasi bir o`zi uxlolmaydigan, qorong`iga chiqolmaydigan, oq kiyimdagi hammani "ukol qiladigan doktor" deb o`ylab qo`rqadigan bo`lib qoladi.
Hatto, qo`rquv hissi yuqori holatda ulg`aygan bola o`z fikrini bayon etolmay qolishi va turli kasalliklar orttirishi ham mumkin. Ho`sh, siz shuni istaysizmi? Ha, hech bir ota-ona buni xohlamasligi aniq. Shunday ekan, bolani qandaydir mahluqlarga berib yuborishni aytmasdan ham tarbiyalash mumkin. Buning uchun ularga hammasini yotig`i bilan tushuntirish kerak.
To`g`ri, bola hali hamma gapingizni ham to`liq anglamasligi mumkin. Ammo qil degan ishni qilib, taqiqalagan ishingizni qilmasligi uchun boladan yuksak aql-idrok talab etilmaydi. Shunchaki shirin so`z va biroz mehr kerak xolos.
Demak, uxlamayotgan bolaga "ajina kelishini" aytish emas, erta uxlashning foydalarini tushuntirish, ovqatini emagan bolaga "doktor ukol qilishini" emas, yaxshi ovqatlansa sog`lom bo`lishini uqtirish ijobiy natija berishiga shubha yo`q.