Bola o`stirish haqida doim onalarga qarata yozamiz. Lekin tarbiyada otaning ham o`rni katta. Misol uchun, qiz bola erkaklardan birinchi bo`lib otasini taniydi, otasining xarakterini o`rganadi, qanday muomala qilish kerak, bularni barchasini otasiga qarab o`lchay boshlaydi. Agar ota farzandiga chiroyli o`rnak bo`la olmasa, yangi turmush hayotida ham ko`p tushunmovchiliklar bo`lishi mumkin. Otasida bor xarakter va odatlarni barcha erkaklarda ham bor deb hisoblaydi. Otasidagi yoqtirmagan narsasini erida ham bor deb hisoblab, shunday muomala qila boshlaydi. Albatta buning oxiri go`zal shaklda bo`lishi amri mahol.
Endi esa o`g`il bolalar uchun otaning o`rni. O`g`il bolalar albatta o`zlarini otalariga o`xshashlarini orzu qilishadi va taqlid qilishadi. Agar ota ayoliga yaxshi muomala qilmasa yoki shunga o`xshash manzaralar bilan qarshilashganda bola "Demak er mana shunday bo`lishi kerak ekan", degan tushunchada bo`lib qoladi. Keyingi hayotida albatta bu o`rgangan narsalarini qo`llay boshlaydi. Chunki ongi shu tushuncha bilan o`sgan bo`ladi.
Shuning uchun bola tarbiyasida nafaqat ona, balki otaning ham roli juda katta!