x

Qani endi bolangiz ortiqcha gap-so`zlarsiz o`zi yuz-qo`lini, tishlarini yuvsa, yotgan o`rnini yig`ishtirsa... Bu aksar ota-onalar uchun bir orzudek. Aslida, bolani ozodalikka o`rgatish qiyin ish emas. Muhimi, o`sha o`rganadigan paytini o`tkazib yubormaslik, shaxsiy ibrat ko`rsatish va bolaga nisbatan to`g`ri usulni topish.

Ho`sh, aslida nega bolalarimiz ozodalikka o`rganishmaydi? Chunki ko`pincha ularning ozodaligi bilan o`zimiz shug`ullanamiz. Ya'ni bolaga biror yordam kerak bo`lsa doim bu ishni o`zimiz qilamiz. Natijada bola o`zi hech nima qilmaslikka o`rganadi. Agar sabr qilsangiz, bola epchillik bilan, siz istagan darajada bo`lmasa ham lekin o`zi shu ishni qiladi. Demak, birinchi shart, bolaga o`zi qilib ko`rish imkoniyat bering.

Bolakay atrofga sizning emas, o`zining nazari bilan boqadi. Uning uchun qo`llari kir emasdek tuyular, kiyimiga tekkan dog`ni balki umuman payqamayotgandir, chunki bundan muhimroq ish bilan mashg`ul, dunyoni taftish qilyapti va anglayapti. Uning uchun o`yinchoq mashinasining g`ildiragi shig`illashi yoki qo`g`irchog`ining qo`ng`ir sochlarini turmaklash muhimroq. Siz esa asabiylashib, bola ahamiyatsiz shu ishini qo`yishini va istaganingizdek ozodalik bilan shug`ullanishini talab qilasiz. Unda nima qilish kerak?

Asta-asta o`rgatib, buni odat darajasiga ko`tarib borish lozim. Sportchilarni qarang, har bir harakatlarini tinimsiz mashg`ulotlar yordamida maromiga etkazadilar. Siz ham shunday, oz-ozdan, lekin har kuni ozodalik mashqini o`tishingiz lozim.

Buni aynan qanday amalga oshirish mumkin?

Bolalarga ozodalikni yoqtirish kerak. Cho`milib chiqqach, xushbo`y hid taratishi, bu holat naqadar yoqimli ekanini qayta-qayta ta'kidlang, kichkintoyga shu holatdan lazzatlanishi uchun sharoit yarating.

Qizaloqlar kichkinaligidanoq chiroyli kiyimlarni yaxshi ko`rishadi. Axir iflos kiyim qanaqasiga chiroyli bo`lsin? Agar kattalar: "Naqadar ozoda qiz ekan!", deb maqtasalar, qizaloq qanchalar xursand bo`ladi? Hullas, ozoda, chiroyli ko`rinish qizlarni sarishtalikka undovchi rag`bat bo`lishi kerak. Qizingizga kiyimlarini ozoda saqlashni o`rgating, qanday taxlashni, shkafga ilishni, dazmollashni ko`rsating, o`zi uchun maxsus oyna, taroqlar sotib olib bering. Shuningdek, u o`z navbatida qo`g`irchoqlarini ozodalikka o`rgatishi mumkin, unga shunday o`yin g`oyasini bering.

O`g`il bolalar bilan, albatta, qiyinroq. Bu erda to`g`ri taktika qo`llash kerak. Asosiy dastagingiz: ozoda bola bilan gaplashish, muloqot qilish yoqimli. Ko`chada iflos kiyimda yurgan odamlarni ibrat qilib ko`rsating, ozoda bo`lmagan insonning ishi yurishmasligi, muvaffaqiyatga erisholmasligi, falonchi kabi mashinasi, chiroyli uylari bo`lmasligini ayting (o`g`il bolalar yoshligidanoq mashina haydashni, uy qurishni orzu qiladilar-ku). Shuningdek, mavzuga doir multfilmlar, kitoblardan ham foydalaning.

Shaxsiy ibrat

Yana shaxsiy ibrat masalasini ko`taramiz. Tarbiyani busiz tasavvur qilish mumkin emas. O`zingiz ozoda bo`lmaganingiz holda bolangizdan buni qanday talab qila olasiz? Talab qilganingiz bilan, amalga osharmidi? Bola yoshligidanoq ota-onasiga o`xshashni orzu qiladi. Ana shu taqlid davrida bolaga shaxsiy ibrat orqali tozalik o`gitlarini singdirib borish mumkin. Hamma ishni birgalikda qiling: "Yur, qo`llarimizni yuvib kelamiz", "Ketdik, tishlarimizni yuvamiz", "Men uy supuraman, sen changlarni artib turasanmi?" Bu bilan siz kichkintoyga katta bo`lib qolganini ko`rsatasiz, bu ularga yoqadi. Katta bo`lishni qaysi bola istamaydi, deysiz.

Va albatta, bolani ozodalik yo`lida qilgan har bir xatti-harakatini maqtang, e'tirof eting. Uning mayda muvaffaqiyatsizliklariga, ko`ngildagidek amalga oshmagan ishlariga nisbatan sabrli bo`ling. U birdaniga ozoda bo`lib qolmaydi, ammo sarishta bo`lish yaxshi ekanini kundan-kunga ko`proq sezib boradi.

To Top ↑
To Top ↑