Qo`shnining bolasi ingliz tilini o`rganayotgani uchun farzandini ingliz tili to`garagiga berish, jiyani a'lo baholarga o`qiyotganini o`g`liga har doim namuna qilish, sinfdoshi yaxshi natijalarga erishganini ko`rib farzandidan ranjish – ko`pchilik ota-onaga tanish holat bo`lsa kerak.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, aslida aynan solishtirish yaxshi tarbiyaga to`sqinlik qilar ekan.
Birinchidan, bolani hadeb solishtiraverib uning haqiqiy qadr-qimmatini ko`rmay qolasiz. Qo`shningiz bolasining matematika bo`yicha a'lo baholarini quvish natijasida o`z farzandingizda mavjud bo`lgan boshqa qobiliyatlarni so`ndirib qo`yasiz. O`z bolangizni o`ylang, uning yutuqlaridan zavqlaning faqatgina birovdan yaxshiroq natijaga erishgani uchun emas, o`zi ajoyib bo`lgani uchun.
Ikkinchidan, bolani birov bilan solishtirganingizda uning yutuqlarini yutuqdek qabul qilmaysiz, balki o`sha qo`shni bolasining baholariga solishtirasiz. Agar solishtirish bo`lmaganda bolaning natijalari o`zining katta yutug`idek qabul qilinar edi. Masalan, ma'lum bir fandan sinfdoshi 78 ballga ega. Bolangiz o`sha sinfdoshiga etishni maqsad qilib, 78 ball olsa, uni dildan maqtay olmaysiz. Faqatgina sinfdoshining natijasiga erishganligini ta'kidlaysiz. Bunda qahramon sizning farzandingiz emas, balki o`sha sinfdoshi bo`ladi.
Uchinchidan, solishtirishni eshitavergan bola o`zining siz uchun qimmati yo`q ekanligiga ishonib boradi. "Mening yutuqlarim, mening birovga o`xshashim yoki mening undan oshib ketishimgina ota-onamni xursand qila oladi, men emas", degan fikrga keladi. Bu fikr bolalikda shakllansa, keyinchalik hayot davomida inson o`zining qadr-qimmati haqida past, yomon fikrga ega bo`lishiga olib keladi. Natijada katta bo`lganida biror maqsadga erishishda, sevib-sevilishda muammolarga duch keladi.
Ota-ona bolaning o`zini sevadi. Lekin bola shunday sevgini his etishi lozim. "Qara ana u bolalarning jim o`tirishini, sen esa qanaqa to`polonchisan", "Nega sen falonchiga o`xshab 5 baho olib kelmaysan?", "Qachon qo`shnimiz bolasiga o`xshab medal olib kelasan?" va hokazo gaplar bolani qulog`iga kirib dilini yaralaydi. Shu joyida to`xtang va bolaning o`zini seving, uning yutuqlaridan quvoning, bola hech kimga o`xshamasdan aynan o`zining xarakter va qobiliyatiga ega ekanligidan quvonishni biling. Shunda u sevimli ekanligiga, qanday baho olishidan qat'i nazar uni ota-onasi yaxshi ko`rishiga ishonadi. Psixologlarning ta'kidlashicha, bunday tarbiya ko`rgan bola bugun bo`lmasa, ertaga albatta sizning ishonchingizni oqlaydi. O`zi, o`z xohishi bilan, o`zining qobiliyatidan kelib chiqqan holda amalga oshiradi va bu oqlash baxtli qalb egasidan chiqadi.