Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo`lsin.
Payg`ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo`lsin.
Mol-mulk, bola-chaqa shu hayoti dunyo ziynatidir. Boqiy qolguvchi solih amallar Robbing huzurida savob va umid jihatidan yaxshiroqdir. (Kahf surasi 46 – oyat)
Insonlar qadimdan farzandlari ko`pligi, ularning yordamlari va og`irlarini engil qilishlari bilan faxrlanib kelganlar.
Farzandlarning atrofidagi insonlar uyda bo`lsin, xoh ko`chada xoh maktabda unga namuna vazifasini bajaradilar.
Ota-ona bolaning vaqtini to`la qamrab oladigan zarur va manfaatli mashg`ulotlarni tayyorlashi kerak va ana o`sha mashg`ulotlar bolaning ongini rivojlantiruvchi bo`lishi shart.
Bolaning tarbiyasida jamiyat nasihat qiluvchi, to`g`ri yo`l ko`rsatuvchi va taraqqiy ettiruvchi vazifasini egallab kelgan.
Bugun kim bilan o`tirib gaplashsangiz darrov farzandiga buzg`unchi g`oyalarni ta'sir etishidan shikoyat qiladi. Aksar xonadonlarda esa farzand global muammoga aylangan.
Internet orqali yoshlarga qilinayotgan hujumlardan saqlanish va ehtiyot choralari izlanmoqda. Lekin bildirilayotgan aksar choralar faqat nazariy, amalda qo`llab bo`lmaydigan ko`rsatmalardan iborat. Shuning uchun farzand tarbiyasi bugun ko`pgina xonadonlarda dolzarb muammoga aylangan.
Jumladan quyidagilar bugun ko`pchilik qaytaradigan iboralardir;
-- Farzandim meni tushunmaydi...
-- Farzandim menga isyon qiladi...
-- Menga itoat qilmaydi...
-- Farzandim to`g`ri yo`lda emas, bezorilarga qo`shilib qolgan. Menga itoat qilmaydi...
-- Bir ish buyursam qilmaydi, darslariga e'tibor bermaydi...
-- Bekorchi narsalarga bog`lanib qolgan...
-- Namozni mensimaydi, nasihatimga qulog` solmaydi...
-- Chiroyli, oxirgi “moda”dagi liboslarni kiyishni va qizlar bilan yurishni yaxshi ko`radi...
-- Mashinada izg`ib yurishni yaxshi ko`radi..
-- Kunduzi uxlab tunda bema'ni kinolar ko`rib chiqadi...
-- Aka ukalariga nisbatan qo`pol, tez jahli chiqadi...
-- Oiladagilar bilan birga o`tirmaydi, mehmonga xizmat qilmaydi...
-- Ko`p yolg`on gapiradi, o`zini uyda begona his qiladi...
-- Uyda o`tirmaydi, o`zining istaklarini Ota-onasiga nisbatan majburiyat deb biladi...
-- Hohish istaklarini, ichidagi dardini oshkor aytmaydi, hayotda maqsadsiz yashaydi...
-- O`ziga, kuch quvvatiga ishonchi yo`q...
-- Birdaniga shon shuhratga erishishni orzu qiladi...
Shuncha muammoning ko`rinishi bo`lgandan keyin shubhasiz uning echimi ham bor. Quyida ularning ba'zilarini sanab o`tamiz.
TA_''SIR QILUVChI SABABLAR:
Ko`p Ota-onalar birlamchi sabab va echim bilan qanoatlanishga odatlanib qolganlar. Ammo masalaning mohiyatini izlashni, uni paydo qilayotgan sababini o`rganib uni bartaraf etish yo`llarini bir marta bo`lsa ham o`ylab ko`rmaganlar. Ushbu muammo sabablari quyidagilarga bo`linadi:
Ichki asosiy sabablar:
1. Ota-ona.
Uyni boshqarishda muayyan va ochiq maqsadning yo`qligi yoki umuman oila bundan mahrum ekanligi. Ulamolarimiz aytganlaridek: ko`pincha farzandlar Ota-onalari sababidan buziladilar.
2. Allohdan haqiqiy yordam so`rashda kamchilikka yo`l qo`yish yoki umuman so`ramaslik.
3. Bolaning ilk davrida tarbiyalash usullarining yo`qligi yoki uni bilmaslik.
4. Moddiy ta'minotni haddan oshirib yuborishlik, yoki umuman ta'minlamaslik.
5. Bolaning ta'lim olishdan maqsadi yo`qligi, yoki darslarni o`zlashtira olmasligi. Bolaning maktabga ota-onasi majburlashi bilan borib, nimaga borayotganini farqiga bormasligi.
6. Ota-onasidan qoniqmasligi.
7. Ehtiyojlar me'yorsiz qondirilishi.
8. Murabbiydan qo`rqish.
9. Ota-onadan mehr ko`rmay boshqalardan shirin va iliq so`zlar eshitishi.
10. Ota-ona farzandi oldida janjallashishi.
11. Farzandlardan birinigina maqtash.
12. Biror ish yo ehtiyojlarni faqat chaqqon bolaga yuklab boshqalariga e'tibor bermaslik.
13. Bolaning xotirjamligi va rohatini yo`qotuvchi tinchlikni yo`qligi va g`azab, mojaro va baqir-chaqirni avjiga chiqishi.
14. Ota uzoq vaqt uyda bo`lmasligi va xatarli vaqtda bo`lmasligi.
15. Kichik yo arzimas xatoni bo`rtirish.
Uyda ko`rayotgan narsa bilan talab qilinayotgan narsaning bir biriga zidligi. (farzanddan hayoni talab qilib so`ng uni ochiq, yalang`ochlarni tomosha qilishiga izn berish.)
16. Oilada aniq va ravshan qonun qoidalarni yo`qligi.
17. Bolaning xatosini uning yoshiga, saviyasiga, tuyg`usiga, fikrlashiga qarab o`zidek qabul qilmaslik. Ota farzandini atrofdagi tengdoshlariga yoki qo`shni bolalarga solishtirish tarbiyadagi xato hisoblanadi chunki har bir bola o`z shaxsiyatiga va tabiatiga egadir.
Tashqi ta'sirlar.
1. Ustoz o`zi o`rgatayotgan fanning maqsad mohiyatini bilmasligi. Bilimni faqat imtihon yoki shunchaki etkazish maqsadida berishi natijasida ta'lim dargohlari ustoz Yahyo ibn Ibrohim aytganidek: bir birining ustidan kuladigan falajlarning to`planadigan maskaniga aylanib qolishi.
2. Ko`cha ko`yda va masjidlarda o`rnak bo`ladigan shaxsning yo`qligi.
3. Ijtimoiy aloqalar tarbiya usullariga teskari ravishda bo`lishi.
4. Shahvatni qo`zg`atuvchi omillarni ko`pligi.
5. Shahvatning o`rin va maydonlarini kengayib borishi.
6. Aloqa vositalari rivojlanib ketishi tufayli yomon do`stlarning ko`pligi.
7. Salbiy ta'sirlarning ko`pligi.. Masalan: teleradiolardagi hiyla va insonlarni hissiyotini egallab olgan buzg`unchiliklar. Tashqi ta'sirlar savdo-sotiq orqali ham bo`ladi natijada inson olgan narsasini nega olganini va uni qanday qo`llanishini ham bilmay qoladi.
8. Ta'lim va tarbiyani jonli va zamon talablariga mos emasligi.
9. Ta'lim va tarbiya muassasalarida tarbiyaga berilgan vaqtning ozligi.
Keltirib o`tilganidek ichki va tashqi ta'sirlar sabablari juda ko`p, xuddi shunday bartaraf qiluvchi choralar ham ko`p quyida ularning ba'zi noto`g`ri ko`rinishlarini sanab o`tamiz.
1. Tengdoshlaridan tashqi ko`rinishi bilan ajralib turishi.
2. U bilan doim qo`pol, qattiq qo`llik va kaltaklash bilan muomala qilish. Bu sababli bolaning xulqi buzilishi.
Otani bolaga nisbatan qo`pol muomalada bo`lishligiga undovchi sabablar:
- ota o`zining hukmronligi va quvvatidan foydalanishi.
- Ota-onaning bola haqida bebosh va qoloq degan xato tushunchada bo`lishi va shu sababli bolalarini faqat qattiq qo`llik bilan tarbiyalash zarur deb tushunishlari.
- ota yoshligida qattiq qo`llik bilan tarbiyalangan bo`lib, farzandini ham shunday tarbiyalashni xohlashi.
ota yoshligida erka bo`lib tarbiyalangan bo`lishi, o`zi tushgan xatoga farzandini tushishini xohlamaganidan qattiq qo`llik qilishi.
- Bolalarning tarbiyasida onaning muloyimligi va e'tiborsizligi evaziga hissiyotidan kelib chiqib ota qattiq qo`llik qilishi.
3. O`ziga tanqid qilish erkini berib qo`yish.
4. Ko`p tanbeh berish.
5. Ho`rlash.
6. Hatoga yarasha jazolamaslik.
7. Qilayotgan ishlarida kuzatilayotganini sezdirish.
8. Qilayotgan ishidan yoki o`ynayotgan o`yinidan to`xtatish.
9. Farzandlarni biridan- birini ortiq ko`rish.
10. Yengil va dabdabali hayotga sho`ng`ish.
11. Ijtimoiy va shaxsiy farqlarga qaramasdan kimningdir usulini qo`llash.
12. Bolalarga ta'lim tarbiya jarayonida ularning kuch qobiliyatlariga ko`ra hamda ularning yoshlarini hisobga olmasdan turli og`ir misollarni keltirish.
13. Tarbiya sohasida qo`ygan har bir qadami uchun uning mevasi va natijasini zudlik bilan kutish.
14. E'tiborni faqat salbiy sifatlarga qaratish.
15. Johillarning: “Unga e'tibor berma, vaqt uni tarbiyalaydi.”, degan so`zga ergashish.
16. Ba'zi otalar: (chuchvarani xom sanab) ”Albatta, farzandlar otalar xohishiga , toqati va kuchiga qolaversa orzulariga qarab o`sadilar”, deb e'tiqod qilishi. 17. Bolalarga yo`naltirilgan jadvallarni “Ularni kuch toqatlari bir xildir” degan tushuncha bilan tuzish.
18. Bola bilan ajablanishda yo maqtashda haddan ortiq chuqur ketib mubolag`alash.
19. Bolani o`z tengdoshlariga, qo`shni va qarindosh bolalarga qiyoslab uni hisobdan chiqarish yoki mahrum qilish.
20. Otani kech aqli kirishi, hatto bolalari huzurida ba'zi bema'ni ishlarni amalga oshirishi.
21. Ota-onaning yolg`on gapirishi bola tasavvurini ostin ustun qilib uni o`zgartirib yuboradi.
Da'vo: Bugun biz boshimizni tuproqqa tiqib olmasligimiz va ko`zimizni chalkash ma'lumotlar bilan to`la bo`lgan voqealikdan yumib olmasligimiz darkor. Va albatta yashab turgan jamiyatimizdagi masjid, madrasa, ko`cha, uy bular barchasi yagona yo`llantiruvchi tarbiya omillari bo`lganligini, ammo hozirda esa farzandingiz butun dunyo tomondan va har bir yuzlangan tarafidan yo`naltirilishini farqiga bormog`imiz darkor.
Muolaja o`z xususiyatlariga ko`ra zotiy (uy ichi) va hamda taovuniy (o`zaro yordam) larga bo`linadi.
Ichki zotiy davo:
1. Ota-ona salohiyati; Alloh Taolo shunday marhamat qiladi: “Ular( ikki etim bola) otalari solih kishi edi“ Kahf 82.
Alloh Taolo aytadi: “(Birovning o`limiga hozir bo`lgan) kishilarning o`zlari ojiz-notavon farzandlarini qoldirib vafot qilib ketsalar, ulardan xavotir olganlari kabi (o`zgalarning etimlari haqidan ham) qo`rqsinlar. Bas, Allohdan qo`rqib (o`lim oldidagi kishiga) haq so`zni aytsinlar!” Niso 9.
2. Ibrohim alayhissalom va Imronni xotini kabi Qur'onda kelganidek o`z zurriyotlari haqqiga duo qilish.
3. Biz o`zimiz hamisha go`zal axloqda bo`lishimiz, bizni rahnamo bo`lishimizga kifoya qiladi. Hech qachon so`zimiz amalimizga zid bo`lib qolmasin. (va'dalarga xilof qilmaslik, boshqalarni hurmat qilish, yaqinlarni ziyorat qilish, hodisalar, shaxslar, holatlarni to`g`ri baholay olishimiz, saxiylik qilishimiz va boshqalarni o`zimizdan ustun qo`ya olishimiz, kamsitish ,ta'na qilish, ko`nglini og`ritishlardan uzoq bo`lishimiz.)
Tovus dumin yozibon yurmish ming jilovla,
Bunda ergashmish polaponlari anga bexatovu kanda
Alardan nechuk siz kibr aylagaysiz so`rab ermish
Albat ot izin bosar toylar suolin javobi dermish
Jajji nihol ulg`aygay ul bahori bo`ston yoshinda
Har nimarsa ki bergay ul bog`bon padar boshinda
4. Umar bin Abdul Aziz roziyallohu anhuning qissalari: Umar bin AbdulAziz roziyallohu anhu voliy bo`lganlaridan keyin juda ham taqvodorlikda adolat bilan ish olib borganlar. Shu jumladan insonlar haqida ham juda ehtiyotkorlik bilan ish qilardilar. Kunlardan birida odamlarga olma tarqatayotgan bir paytlarida yonlarida birga bo`lgan jajji o`g`ilchalari ham olmadan birini olib og`ziga solgan hamon og`zidan sug`urib oldilar bola qattiq ranjib onasi oldiga yig`lab boradi. Ona bolani boshqa olma sotib olib berib ko`ndiradi. Kechqurun uyga qaytganlarida xotinlari nima bo`lganini so`raydi shunda aslini olsa men go`yo uni qo`lidan olmani tortib olganimda yuragimni sug`urib olgandey bo`ldim. Ammo men bitta olma sababli odamlarga nisbatan ko`nglim g`ash kirishini istamayman dedilar.Shubha yo`qki Alloh Taolo go`zal amal qilganlarni savobini zoye qilmas.
5. Birov bilan bo`ladigan ta'sirli suhbat jarayoni (o`zaro bir birlari bilan hamsuhbat bo`lgan) da o`zini qanday tutish fanini dars va tadqiqotini o`rgatish.
6. Bolani ijobiy taraflariga ko`proq ahamiyat qaratib uni oshkor qilib rivojlantirish hamda o`stirish. (Ibn Sayid)
7. Farzandlar bilan birgalikda bo`ladigan ochiq va oshkora suhbatlarni tashkil etish.
8. Huddi Abdulloh bin Zubayr roziyallohu anhuni otalari bay'at berishga jo`natganda ko`chada Umar roziyallohu anhuni ko`rib o`rtoqlari kabi qochmagandek bolalarda o`ziga ishonish ruhini o`stirish.
9. Uyda xonadon a'zolari orasida (farzandlarda Ota-onalariga nisbatan) muhabbatni paydo qilish. Buning uchun farzandlar bilan birga o`tirishga ko`proq vaqt ajratib, ularga qalbni keng tutish lozim. Savol: Nima uchun farzand do`stlarini otasidan ham ortiq ko`rib ularga ko`p talpinadi?
10. Farzandi o`tqizayotgan (davrni) bosqichni bilmoqlik.
Masalan; 2 dan 5 yoshgacha kashfiyot, tadqiqot yoshi.
Keyingi o`sish davri esa; qo`zg`alish, qo`rqitmoq, hayajon, g`azab, qarama qarshilik, anoniyat yoshidir.
11. Voqealik (me'yori ,tarozusi) bilan ehtiyoj orasida tanosib mavjud bo`lishi.
12. Keskinlik va tangliklarni bartaraf qilishni qo`yib, bolaga solih do`stlarni topishiga yordam berish va kerak bo`lsa buning uchun mollarni sarflash.
13. Hazrati Aliy roziyallohu anhuni aytgan so`zlarini o`ziga lozim tutish. “Farzand bilan 7 yoshgacha o`ynab unga fikrini qabul qilinganini yoki ustun ekanini bildirib qo`yish uslubida ijobiy samaralar ko`pdir, jumladan: oradagi parda to`siqlarni yo`q qiladi va otalar bilan farzandlar orasidagi uzilishni bog`laydi, ularni yomon do`st bilan do`stlashishdan va ulardan yomon ma'lumotlarni olishdan va shunga o`xshash halokat yo`llaridan saqlab uzoqlashtiradi.
Ota-ona bilan farzandni orasidagi do`stlik bolada pandu nasihatni qabul qilish qobiliyatini hamda psixologik iste'dodini oshiradi.
Ota bilan farzand orasidagi do`stlashish otaga bolani nechog`lik aqliy hamda ruhiy o`sish darajasini qolaversa boladagi haqqoniy kuch qudratni ochiq namoyon qilib beradi.
14. Farzand o`zini oilasiga qanchalik nisbat berishi muhimdir.Farzand o`z oilasiga nechog`lik mansub ekanligini va ana o`sha oilaning fardi ekanligini boshqaradigan hissiyotga muhtojdir. Mana shu hissiyot bilan farzand o`zida ijtimoiy shakllanishni hosil qiladi va bola kelajakda oilani saodatiga aylanadi.
Quyidagilar buning omillaridir:
Uy ishlari va uy ishlarini idoralashda bolani oilasi bilan sherik bo`lishi.
Oilani jipsligi hamda oilaviy muammolarni yashirish.
Bolani gapirtirishga shijoatlantirish bilan birga ularga yig`ilib quloq solish.
Ularga mas'uliyat yuklash va ba'zi farzandlarga oilani ba'zi yumushlarini buyurish.
15. Ulovlarni xoslamasdan hammaniki deb e'tibor qilish hamda o`ziga xos mashina ajratmaslik. Bu bilan o`zini otasiga nisbatan g`arib sanashi hamda mashinaga yomon narsalarni qo`yishi va yo sigaret chekishini oldi olinadi.
16. Mashinalar turi ham do`stlarning turiga o`xshaydi. Ulardan ba'zisi (vazmin og`ir) bosiq bo`lsa, ba'zisi tez shoshqaloq bo`ladi.
17. Unga maktabda, oilada chuqurlardan ehtiyot bo`l demaysiz, balki odamlarga to`g`ri yo`lni ko`rsatib ber deysiz.
18. Tarbiyani qissa aytib berish, so`zlash, bir narsadan mahrum qilish, qaytarish, o`z holiga tashlab qo`yish yo`llari bilan olib boradi.
19. Buyuradigan ishlarini uning e'tiboriga, vaqtiga, kayfiyatiga moslab buyuradi.
20. Ortiqcha ish buyurmaydi, chunki u (agar bor bo`lsa) mavjud hissiy zaxiralarini tugatib bitkazadi.
21. Bolada yoshligidan kitobxonlik iste'dodini rivojlantirish.
22. Sayrga, dam olishlarga chiqqanda yo`lda biror bir yumushni unga buyurish.
23. Farzandlar orasidagi farqlarga e'tibor qilish: jumladan bolada yoshini, kichkinaligini, oqilli bo`lib qolganini, o`sish davriga etganini, balog`atga etganini e'tibor qilish.
Psixologik ya'ni, ruhiy jihatdan esa quyidagilarga rioya qiladi: kasalligi sog`ligi, ziyrakligi anqovligi, tez qabul qiluvchiligi qaysarligi, ustamon (olg`ir) ligi, tez ta'sirlanadigan bo`lishi hamda dunyoqarashiga rioya qiladi.
24. Ko`pchilik bo`lib birgalikda oilani maqsad va muhimmotini tuzadilar va uni uyni peshtoqiga osib qo`yish.
25. Yoshligidan bir biriga qalbida gina adovat tashimasligi uchun farzandlar orasida tengdosh va qarindoshlari orasida gij-gijlamaslik hamda ularni orasida nizo chiqishiga yo`l qo`ymaslik.
Shoir aytgan ekan:
Oliy martabalar sari qadam qo`yish ersa ul er
Aslo qoldirmas qalbida adovatga peshvoyi mardon er
Gar kishi bo`lsa topilgan suyi xulq g`azabla
Aslo etolmas ul mardonlar maqomiga talabla
Men nechuk ul ko`milg`on adovatni ko`targ`aymen
Peshvolarg`a yotdur ko`tarmog` demishlar bilg`aymen
Farzandingiz yurish –turishini qanday to`g`rilamoqchisiz.
Har bir aytgan so`zingda farzandlaringni sen bilan doimiy tortishib otalik vazifangni jahannamga aylantirmasliklari va barcha ota-onalar boshlaridan ularni xunuk javoblari, qo`polliklari kunini o`tkazmasliklari uchun bizga doktor Moriyan Fig`ert bolalarni qaysarliklariga va qo`pol xarakterlariga qanday muomalada bo`lishlikni ba'zi tavsiyalarini ko`rsatadi.
Bular quyidagilar:
- Ularga mumkin bo`lgan va mumkin bo`lmagan narsalarda keskin va ochiq bo`lgin. Chunki agar qaytarilgan yomon narsa nimaga qaytarilganligi xususida senda keskin tahdid bo`lmaganda ham bolani rag`batini u bilan hissiyotini birlashib ketishini oldini olish ancha oson bo`ladi. Shuni bilgin ki maqsad bolangni kattalardan farq qiladigan darajada tabiati go`zal oliy bir insonga aylantirish emas, balki seni qilishing kerak bo`lgan narsa bu nafsni sog`lom va salomat shaklda qo`pollik bilan boshqani ixtirom qilmaslik o`rtasidagi farqni ta'bir qilmog`ligingdir. Bu erda seni misol uchun ko`katlarni yoqtirmayman deyishing bilan og`zingni yumgin mana bu matohni ko`zimdan gumdon qil deyishingni osmonu er qadar farqi bordir.
- Ular uchun sen go`zal namuna bo`lgin;
Albatta bolalar o`zlarini aksar axloqlarini kattalardan bir ma'noda sendan va o`zlariga yaqin bo`lgan kishilarni kuzatish bilan o`rganadilar.
Farzandlar o`sib ulg`ayib gapirish yoshiga etganda ularga quyidagi (rahmat) (Iltimos), (kechirasiz) ga o`xshash so`zlarni ko`p eshittirish, hech qachon ular boshqalarni ustidan kulimsirab, yoki mensimay gapirilgan gapni aslo eshitmasinlar.
- Farzand haddan oshgan zamon unga beriladigan imtiyozlar to`xtatiladi. Agar kichkintoy biror ish uchun odobsiz gaplashsa to`xtatib, unga shunday deb aytiladi: “Men, hammani oldiga men bilan bunday muomala qiladigan kishi bilan chiqishni istamayman, kechirim so`raysanmi?” Agar u: “Yo`q”, desa, injiqligida davom etaversa mashinani to`xtatib, orqaga qaytiladi
Ota-onalarning tarbiya qilishdagi xatolari
- Ota va onani ey lapashang deb aytishi: bola xato qilganda ey ahmoq, ey eshkak, ey odobsiz, sen eshaksan deyishi noto`g`ri hisoblanadi. Vaholanki farzandning o`zi xato emas balki uning qilgan ishi xatodir.
- Urish bilan tarbiyalash: bola xato qilganda tanbeh berish va tergash uchun bir qancha jazo turlari bo`la turib bolani urish bilan tarbiyalash xato hisoblanadi.
Urishdan oldin tanbeh berishga loyiq bo`lgan muhim omillar:
- Sevgan narsalaridan maxrum qilish;
- U bilan aloqani kesish;
- Tanbeh berish;
- Tashlab qo`yib, qovoq solish;
- Ota-onalar 10 yoshga etmagan farzandlarini qilgan ba'zi bir amallariga ular yaxshi ko`radigan holva va shunga o`xshash narsalarni berib, qiziqtirib borish o`rniga jannatda olasan deyishlari.
- Bolalarni bir biriga raqib ruxida o`stirish. Vaxolanki dunyoda bironta bir biriga o`xshash inson yo`q. Insonning shaxsiyatidagi o`xshash bo`lmagan omillarni bolalar bilan muomala qilishda ko`z oldimizda tutishimiz lozim. Shundan kelib chiqib ayta olamizki, Ota-onalar bolalarni zehnlari har xil ekaniga qobiliyatlari ham turliyligiga qaramasdan bolalarni teng ko`rishlari ularning xatolaridir. Farzandlarni bir biri bilan solishtirish oxir oqibatda kichiklarni boshqalarga nisbatan hasad va ko`rolmaslikka olib boradi.
- Ularni duoibad qilish: onalarning shoshiladigan narsasi ularni duoibad qilishi.
- Va'daga vafo qilmaslik: Ota-onalar farzandlariga va'da berib, kel urmayman deydi. Bola kelgach uradi. Ularga shunday nasihat qilardim, va'damiz qanchalik katta va yo kichik bo`lmasin unga bevafolik qilishimiz bu, islomiy odobga va tarbiyaviy odob axloqqa to`g`ri kelmaydi.
- Yomon manzaralarni ko`rsatish: uning sha'nini, botirligin uyg`otish o`rniga yomon, uni tahqirlaydigan manzaralarni ko`rsatish.
- Yoqtirmagan narsasini sovg`a qilish: aslida ota yaxshi ko`rgan narsani emas, balki bola yaxshi ko`rgan narsani berish to`g`ri ishdir.
- Unga yolg`on gapirish: yolg`on odatlarining ichidagi eng yomoni va jazoga loyig`idir. Bola ulardan o`rnak oladigan kishilar unga yolg`on gapirishlari uni ham yolg`on gapirishiga sabab bo`ladi. Bora-bora bola yolg`on gapirishga odatlanadi.
- Gapimga quloq sol jannatga kirasan: Bolalar 10 yoshgacha hissiy narsalarni idrok qila olmaydilar, balki ularning idroki, ko`rgani va ushlaganidir. Bir parcha holva unga jannatdan totliroqdir.
Bu uning tabiatiga jannatga bo`lgan muhabbatni ekish kerak emas degani emas, balki yoshiga nisbatan bir bosqich bo`lib, uni o`ziga yarasha qoida va talablari mavjuddir. O`n yoshdan keyin esa ularga jannat va do`zax haqida gapirish mumkin bo`ladi.
- O`quvchidir inson emas: Ota-onalar farzandi maktabga borishi bilanoq unga o`quvchi ma'nosida muomala qilib, hayotda o`qishdan boshqa maqsadi yo`q degan fikrda bo`ladilar. Ko`pincha biz go`sht va suyakdan iborat bo`lgan inson bilan muomala qilayotganimizda, sezib, his qiladigan va aqli ham o`sha hissiyotining bir bo`lagi bo`lgan inson, yaxshi o`sishi uchun iymoniy, jismoniy va ijtimoiyi e'tiborga muhtoj ekanligini, qolaversa o`yin kulgi qilishi, xafa bo`lib xursand bo`lishi, do`st ortirishi kerakligini esdan chiqarib qo`yamiz.
- Faqat hissiyot: ba'zi Ota-onalar farzandlar bilan muomala qilayotganda hissiyotga ayniqsa ko`z hissiyotiga diqqat qiladilar. Vaholanki bolalarda qobiliyat har xil bo`ladi. Ba'zilari ko`rgani va ushlaganidan ko`ra eshitganini yaxshi tushunadi. Ba'zilarini esa qo`lidan ushlab, bag`ringa bossang quvonib, ma'lumotni tezroq anglaydi.
- O`pib, bag`riga bosmaslik: bola Ota-onasi erkalab, o`pib bag`riga bosgandagi hissiyotlarga muhtojdir va o`zining zaruriy ichki tuyg`ularini u bilan to`ldiradi. Bu esa bola Ota-onasi bag`riga bosgandagi naqadar o`zini baxtli his qilganida ko`rinadi.
- Farzandlarga tahorat va namozlarni juda erta o`rgatish: etti yoshga to`lmagan bolalarni sunnat va farzlari bilan birga tahorat olishga buyurish mumkin emas. Yosh bola otasi bilan namoz o`qimoqchi bo`lganda, tahorating yo`q, deb haydash mumkin emas. Bola namozga buyruqsiz va qaytariqsiz o`zi o`rgana boshlaydi, xohlasa o`qiydi xohlasa o`qimaydi. Tahoratni “men tahorat qilaman” degan paytda muhabbat va sabr bilan o`rgatiladi.
- Tarbiya emoq, kiymoq va o`rganish: ko`pchilik otalar tarbiya deb farzandlarini edirish, maktablarda o`qitish va ularga eng yaxshi kiyim olib berish deb xato qiladilar. Haqiqatda esa farzandlarga go`zal odob axloq o`rgatish va ularni shuurlarida qadriyatlarni ekish va doim aytgan va qilayotgan ishlarini kuzatishdir.
- Erta halok qilish: bola rasm chizishni yaxshi ko`radi, lekin ota bu nima ahmoqlik, bu juda xunuk, vaqtingni bekorchi narsaga sarflayapsan, deydi. Narsalarni buzib yasashni yaxshi ko`radigan bolalarni “usta buzarmon” deyishlari bolani qiziqishini erta halok qilishdir. Aslida bolaga o`yinchoq olib bergandan ko`ra ustabuzarmanligi boladagi qobiliyatlarni o`rganish uchun eng oson yo`ldir. Bu qobiliyatlarni kashf va infoq yo`li bilan o`stirib shijoatlantirish lozim.
- Kaltak bilan Qur'on yodlatish: bolani jahl bilan urib Qur'on yodlashga undasak, u kaltak zarbidagi alamni Qur'onga bog`laydi. Natijada Qur'onni sevmaydi. Ularni Qur'on yodlash uchun o`yindan to`ssak, bunday qilish ko`nglini bezishiga, zehnini pasayishiga, uning uchun hayot g`amgin bo`lishiga sabab bo`ladi, va bundan qutilish uchun hiyla ishlatishgacha boradi. (Imom G`azzoliy)
- Sabablarni aytmasdan jazolash: farzandlarni jazolab: sen bu va buni qilganing uchun seni urdim deydi, yoki jazolab, bola xatoni tushundi deb, sababini tushuntirmaydilar. Bu axloqqa to`g`ri kelmaydigan ishdir. Aslida esa farzandlarga jazolashdan oldin xatoni tushuntirish kerak, tushuntirgach jazolash o`g`ri bo`ladi va mana shunda jazo bolani xatosidan keyin chiqqan g`azabining intiqomi emas, balki tarbiyaviy omil bo`ladi. Jazo ham xatoga yarasha bo`lishini ta'minlaydi.
- Otam ham shunday edilar: Umar roziyallohu anhu shunday dedilar: “Farzandlaringizni zamoningiz bilan emas o`z zamonlari bilan tarbiyalanglar.” O`zlari kaltaklanib tarbiyalanganlaridek, farzandlarini ham kaltaklab tarbiyalayotgan otalar buni bilishlari lozim. Bugungi kunga kelib, zamonaviy tarbiya ilmlari bir qancha yangi tarbiya usullarini ixtiro qilgan bulardan bir shiddat bilan urish oqibatlari bolaning ruhida yomon ta'surot qoldirganligi isbotlangan.
- “Olabuji, bo`bo` va yalmog`iz kampir” yomon ta'surotli hikoyalarni aytishni tark qiling. Yomon ertaklar bolaning ruhiga yomon ta'sir qiladi. Hatto qorong`u uyda biron kishisiz o`tira olmaydigan, qo`rqoq bo`lib qoladi. Shuning uchun bolaning g`ururli qiladigan va chiroyli axloqlar o`rgatadigan hikoyalar aytib berish lozim. Ukol qilaman, ke bo`bo` buni eb qo`y, va shunga o`xshash bolani qo`rqitadigan so`zlar uning ruhiyatiga yomon ta'sir qiladi. Oqibatda davolab bo`lmaydigan holatlar yuzaga chiqadi.
- Asabiylashtiradigan tarbiya: onani otaga, otani muallimga shikoyat qilib, hamma bolani ziyoniga harakat etishlari bolada asabiylashishni paydo qiladi va natijada muallim sababliy ta'limni yomon ko`radi. Ba'zi ishlar borki buni ota muallimga bildirmasdan bartaraf qilish kerak, ba'zilari esa otaga bildirmasdan bartaraf qilinishi lozim. Agar vaziyat uy bilan maktabni bog`lanishini taqozo qilsa, muallim otaga bolaga kuzatilayotganini bildirmasdan ko`rsatma berishi lozim.
- bolani noto`g`ri tanqid qilish: bolani tanqid qilishdan maqsad albatta tarbiya va to`g`ri yo`l ko`rsatish bo`lishi lozim. Agar bola xato qiladigan bo`lsa unga sen bunday qilish o`rniga mana bunday qilishing kerak edi o`ylayman sen qasddan qilmagansan deyish kerak. Mana shunday bola o`rgatiladi va bola xulqini o`zgartiradi.
- U bilan o`yin o`ynamaslik: ba'zi otalar bolalari bilan o`ynashni obro`lariga putr etkazuvchi vaqtlarini ketkizuvchi deb biladilar. Payg`ambar alayhissalom esa Hasan va Husayn nabiralarini ustlariga chiqarib olib emaklab ham yurib o`ynatardilar. Ota bunday qilishi bilan bolalarini xursand va baxtli qiladi qolaversa tark qilishi bilan tanbeh va tarbiya berish uchun urishni o`rniga omil bo`ladi.
- O`quv yilida ularni o`ynashdan man qilish: Ota-onalarni yana xatolaridan biri farzandlarini uquv yili mobaynida o`ynashdan va ko`ngil yozishdan qaytarib ularni butunlay darslarga bog`lab qo`yishlari. Bu esa o`yin bilan o`sadigan bolalar tabiatiga zid bo`lgan bir ishdir. Shuning uchun bolalarimizdan ko`pchiligini dars va mashg`ulotlardan, ruhan siqilgani va o`z tabiatida bor bo`lgan lazzatidan mahrum qilingani uchun bezib qochganini ko`ramiz.
- Ehtirom uchun emas: (marhamat qilsangiz iltimos buyuring janob sayyidim) ushbu so`zlarni Ota-onalar farzandlariga ishlatmaydilar vaholanki bu Ota-ona va farzandi orasida samimiy ehtiromni paydo qiladigan zaruriy gaplardandir. Mana shunda farzand boshqalarni ayniqsa o`zidan kattalarni hurmat qilishni o`rganadi.
- To`ydirib tashlaydigan yutug`: yana xatolardan biri bu otaning bolasiga to`g`ri javob bergandagi mukofotini haddan oshirib yuborishidir. Aslida esa to`g`ri tarbiyalash qoidasiga ko`ra har bir ishda o`rta hollik ma'quldir.
- Qiz bolalarni oshxonadan chiqarib yuborish: ba'zi onalar borki qizlarini oshxonadan, ovqat qilishni o`rganishdan qaytaradilar. Bunda ular qizlarini turmushga bergandagina biladigan katta xatoga yo`l qo`yadilar. Ana shuning uchun onalar qizlariga turmush hayotida kerak bo`ladigan ta'limotlarni hozirdan haftada bir kun bo`lsa ham berib borsinlar.
- G`azab...g`azab: Hamisha Ota-onalarga nasihatim shuki bolalar xatosiga nisbatan ko`ksilarini keng tutsinlar va ularga nisbatan psixologik ruhda muomalada bo`lsinlar. Bolalarimiz bizni hech qachon jahlimiz chiqishiga va ularga qarab baqirishimizga sabab bo`lmasinlar!
- Eru xotin urishishi: Ota-onani bolalar oldida janjallashishi onayizori xo`rlanishini, otajonisi hurmatsizlanishini ko`rayotgan kichkintoylar uchun haqiqiy qurbon bo`lishdir. Bu esa bolalarning ruhiyatiga juda ham salbiy tasir qiladi. Koshki Ota-onalar o`zaro tushunmovchiliklarini o`z xonalarida past ovozlar bilan hal qilsalar edi yaxshi bo`lardi qolaversa ana o`sha jajjilarga rahm shafqat qilgan bo`lar edilar.
- Men charchaganman: bolajonlar birga o`ynashlari, bir narsalar o`rganishlari va gaplashishlari uchun otalarini ishdan qaytishini maroq bilan kutadilar. Ammo ota ishdan charchab kelgani yoki asabi torligi sababidan uyga kirib hech kim hech narsa gapirmasligini so`raydi. Mana shunday holatlar bolalarni tushkinlikga tushishlariga hamda ularni noumid bo`lishlariga sabab bo`ladi. Natijada ota ular ishongan va suyangan o`rtoq bo`lolmaydi.
- Maktabdagi holatidan xabardor bo`lib turmaslik: ikki tomonlama olib boriladigan tarbiya jarayoni bir xil ravishda davom etishi va to`la to`kis tamomlanishi uchun albatta otalar bolaning ustozlari bilan bog`langan bo`lishi kerak.
- Birovlarni haqoratlash: Ba'zi Ota-onalarning farzandlari bilan birgalikda bo`ladigan o`tirishlari rahbarlar, ustozlar, qo`ni qo`shnilar va shunga o`xshash har xil toifadagi kishilarni tanqid qilish bilan o`tadi. Buni bolalar eshitib oladida boshqalarni haqorat qilishda, g`iybat qilishda va kim bo`lishidan qat'iy nazar mensimalikda Ota-onalariga ergashib natijada hech kimsani hurmat qilmay qo`yadilar.
- Nazoratni yo`qligi: televizirdan nima ko`ryaptilar, qachon ko`ryaptilar va qanchalik foydalaniyaptilar, qaysi bo`limlarga kiryaptilar, qanaqa gazetalar uqishyapti? Foydaliymi yoki bekorchimi? bularni bilib turish uchun Ota-onalarda bolalariga nisbatan zo`ravonlikdan iborat bo`lmagan nazorat bo`lishi shart. Mana shularni barchasini gumon va shak paydo qilmasdan olib borish xatolarni to`g`rilashda hamda to`g`ri yo`naltirishda juda katta hissa qo`shadi.
- Hammaga barobar nazar tashlamaslik: hammaga barobar e'tiborliy nazar tashlamoq ham bola tarbiyasida muhim rol kasb etadi. Goho buni Ota-onalar ham murabbiylar ham e'tiborga olmaydilar. Vaholanki bu bolada juda ham ajablanarli darajada ta'sir qiladi hatto bola boshqalarga qaragandek menga qaramayapti tushunchasida gapirilayotgan gapga ham quloq solmasligi mumkin.
- Uzr yo`q: otani o`rtog`iga, o`g`liga yo xotiniga uzr aytishi bolaning ruhida insonlarga nisbatan tavozuliy bo`lishni va haq egalarini e'tirof qilishni urug`ini ekadi. Ammo uzr aytishni hujjat bilanmi hujjatsizmi tark qilish bolani xatosini tan olmasligiga oxir oqibat esa mutakabbir bo`lishiga olib boradi.
- Yuzga urish: bolani yuziga qo`lni ko`tarib urish bu uning shanini xo`rlash demakdir. Bundan diynimiz qaytargandir chunki bunda Allohning azizlagan va chiroyli suratda yasab qo`yganini xorlash bordir. Bu faqatgina dangasa tarbiyachilarninggina odatidir.
- O`rinbosarlik: tarbiyadagi xatolarimizdan biri bolalarimiz o`rniga javob berishimiz va ularning tilidan gaplashishimizdir. Bu esa bolaning shaxsiyatini zaiflantiradigan omillardandir. Masalan oila azolari bir munoqasha dasturxonida utirganda bolaga ham oilada o`z o`rni borligini, hamda uning o`rniga hech kim o`rinbosar bo`lolmasligini bildirib qo`yish uchun unga ham bolam aytchi bu masalada seni fikring qanday deb so`ramog`i lozimdir.
- Bolani oldida qo`rqqanini bildirish: bola atrofidagilardan yaxshigina tasirlanadi masalan onasini hasharotdan qo`rqib baqirganini ko`rsa va yo otasini kuchukdan qo`rqqanini bilsa bu ham albatta hasharotni ko`rsa baqiradi kuchukni ko`rsa titraydi.
- Moddiy jazo: tarbiyaviy jihatdan faqatgina moddiy rag`batlantirish yoki ma'lum narsalarni hadya qilish unchalik yaxshi baholangan emas. Chunki tarbiyaviy omillar ichida bolani e'tiborini qozonadigan bundan tashqari o`nlab omillar mavjuddir. Masalan rag`batlantirish,chiroyliy so`zlar, maqtash, birga sayr qilish va hokazolar.
- Oilang bilan birga utirgin: payg`ambar alayhissalom ko`pincha Ibni Abbosni oldilarida olib o`tirardilar, o`ng tomonlarida bo`lganligi uchun majlisdagi yoshi kattalardan ham oldin u kishiga ichimlikni uzatardilar. Shuning uchun ham u kishi ummatning olimi, qur'onning tarjumoniga aylanganlar. Demak bizdan talab qilinadigan tarbiya bolalarni kattalar bilan utirishga shijoatlantirishimizdir.
- Hali otanga aytib beraman: onaning shaxsiyati kuchsiz va bolasini tarbiyalashdan ojiz bo`lsa, bolasiga yaxshilikni ravo ko`rmasa unda u bolasini to`g`ri tarbiyalab xatolarini to`g`rilashda dangasalik qiladi. Shuning uchun doim; otang qaytganda seni aytib beraman, deb uni otasidan qo`rqitadi va otani uydagi chaqmoq markaziga aylantiradi. Ammo o`zi esa qo`lidan hech narsa kelmaydi hatto shaxsiyati zaifligi va uning yoshligidan to`g`ri yo`llantirmagani uchun bolasi katta bo`lganda onasi molini o`g`irlaydi hatto uradi.
- Kattalar ham qiladigan xato: kattalar ham uning ko`z oldida xato ish qilib keyin esa unga jazolantirilmay xuddi shu xatoga bolani jazolantirilishi juda ham katta bir nohaqsizlik ko`rinishidir. Masalan bola bir piyolani sindirib qo`yganiga uni daromadidan olib qo`yib keyin xuddi shu xatoni boladan ko`ra yoshi katta aqli ham raso onasi qilib qo`ysa hech narsa jazolantirilmasligi zulmdir.
- Ho`rlash: Ba'zi Ota-onalar bolalarini xo`rlash bilan qattiq malomat qilishga odatlanganlar bu esa uylagan maqsadni aksi o`laroq natija beradi. Agar bola xato qilsa masalan unga sen yaxshilab qaytarmagansan, sen muvaffaqiyatsizsan deyiladi. Uni o`rniga kel yangitdan boshlaymiz o`tgan xatolardan dars olamiz deyilsa bolani ruhiyatida juda ham katta ta'surot qoldirgan bo`ladi.
- Qulog`ing ketti: qulog`ingni kesaman, u yog`ingni bu yog`ingni sindiraman va hokazo shunga o`xshash iboralarimizning barchasi bola bilib turadigan yolg`ondan aytiladigan jiddiy bo`lmagan so`zlardir. Shuning uchun har doim so`zlarimizda vazni va isboti bo`mog`i kerak.
- Tushuntirishsiz tergash: eng yaxshisi ota va ona bolasiga men necha marotaba senga televizirni o`chir dedim yoki uyqu vaqti keldi sen hali darslaringni tayyorlamagansan degani to`g`ridan to`g`ri baqirib ketishidan afzaldir.
- Honalariga kirmaslik: shaytonga ibodat qiluvchi qizlardan birini surishtirilganda u ota-onasini hali bir yarim yildan beri xonasiga kirmaganini aytadi. Demak ota-ona farzandlalarini beparvolik bilan tashlab qo`ymasdan, xona devorlarida qanday narsa va suratlar osganliklariga va u erda qanday kitoblarni saqlayotganlariga e'tibor qaratishlari lozimdir. Bu bilan biz butunlay ularni ustidan nazorat o`rnatish va ularni kuzatib tekshirayotganimizni bildirib qo`yish kerak demoqchimasmiz.
- Boshqalarni oldida izza qilish: bolani o`rtog`lari, tengdoshlari va qo`shnilar oldida noqulay vaziyatga tushirish bolani xo`rlaydigan, ruhan sindiradigan ishdir. Hatto bu ish murg`ak bolani asabiyatiga qattiq ta'sir qiladi va hech qachon hech qanday bola rivojlanishiga foyda bermaydi.
- Bir to`shakda yotish: Payg`ambar alayhissalom shunday deganlar; (“bolalaringizni etti yoshidan namozga buyuring, o`n yoshga etganda (uqimasa) uring, yotoqlarida ularni (orasini) ajrating”).
- Sen erkaksan yig`lama: yig`lash qalbdagi tuyg`u va hissiyotni yumshatadi, ko`z yosh ko`zni ravshan qiladi, ba'zida esa boshdan o`tayotgan xursandchilik va xafalik sababli ichdan keladi. Demak bu jihatdan yig`lash foydaliydir faqat ayollarga xos emas erkaklik uni man' qilmaydi. Payg`ambar alayhissalom o`g`illari Ibrohim vafot qilganda yig`laganlar. Shuning uchun bolalarni; erkaklar yig`lamaydilar deb yig`lagan zahotiyoq to`xtashga buyurib ularni yig`lashdan qaytarishimiz noto`g`ridir.
- Kichkintakkina aldoqchi: bola besh yoshgacha xayoliy kechinmalarni gapirib berishi mumkin. Voqealikda undan asar ham bo`lmaydi buni xayoliy yolg`on deb ataladi bundan bolani yolg`onchi deb nomlashimizga nisbatan hech qanday qo`rqadigan va yo bezovtalanadigan joyi yo`q. Balki tabiiy o`sish davriga xos bo`lgan holat bo`lib tezda, chiroyli o`tib ketadi.
- So`ramasdan bajar: bolani xoh uyda xoh maktabda buyurilayotgan ishga va olib borilayotgan siyosatga qanoatlantirish juda ham muhimdir. Bolaga nisbatan diktaturlikni qo`llash oqibati yomondir balki uni o`rniga har bir buyurayotgan va qaytarayotgan ishlarimizni mohiyatini tushuntirishimiz foydalidir u bilan bo`layotgan muomalalarimiz faqatgina qilishi zarur bo`lgan buyruqlardan iborat bo`lmasin.
- Badaniy jazo: yuz o`girish, arazlashish, biror narsadan mahrum qilishga o`xshash ma'naviy jazolar mavjud bo`la turib bolani o`ziga nisbatan xo`rlash, mensimaslik tuyg`ularini uyg`otadigan kaltaklashga chegaralanish oxir oqibatda uni dushmanga aylantiradi. Shuning uchun Ota-onalar bolalarni jazolantirish zarurati bo`lganda eng avvalo barcha ma'naviy jazolarni qo`llashlari zarur.
- Maxsus maktab: bolani imkoniyati to`g`ri kelmaydigan xos maktabga berilishi uni birga o`qiydigan o`rtoqlariga moddiy jihatdan tenglashib olish maqsadida o`g`rilikga ro`baro` qiladi, xuddi shunday ana o`sha tengdoshlari buning uchun hasad qilish o`chog`iga aylanadilar. Natijada kelajakda yomon oqibatlarga sabab bo`ladi.
- Yolg`ondan o`zini viqorliy (jiddiy) ko`rsatish: ba'zi otalar bolalarga nisbatan viqorli bo`lishni qovoq solish va ho`mrayish deb biladilar bu esa ayni xatodir. Payg`ambar alayhissalom biz uchun o`rnak, namuna edilar. U zot doim tabassumli edilar, bolalarga hurmat qilsinlar deb hech qachon qovoq solmasdilar balki, ular bilan kulushar va ularga ilm o`rgatardilar. Shuning uchun, ular ham u kishini yaxshi ko`rib itoat qilardilar.
- Tarbiyadagi kelishmovchilik: bolani bir ish yo bir so`zga mukofotlab, xuddi shu ishni akasi bajarganda jazolantirish tarbiyadagi xatolardan biridir. Huddi shunday bir ish yoki bir so`zga otasi jazolaganda otasi yo`qligida onasi uni mukofotlashi yoki ota yo ona tarfidan maqtab mukofotlantirayotgan bir paytda ikkinchi tomon boshqa bir xatosi uchun urishib jazolashi. Tarbiyada aksini bajarish katta xato hisoblanib bola tabiatidagi qatiyatliylikni so`ndiradi.
- Muomalada adolatsizlik: bolalar orasida adolat bilan muomala qilishga dinimiz qattiq buyurgan Payg`ambar alayhissalom “bolalaringiz orasida adolatliy bo`linglar, bolalaringiz orasida adolatli bo`linglar”, deb marhamat qilganlar. Adolat barcha narsada bo`lishi kerak masalan erkalashda, quchog`iga olishda, o`pishda va hokazo ishlarda. Ayniqsa onalar ikkinchi bolasi kelganda birinchisini beparvo qoldirmasinlar toki ukasiga qarshi nafrati va hasadi kuchayib oqibatda ukasiga zarar berishgacha olib bormasin.
- Duoyi bad qilish: onalarni bolalar baqirtirganda naqadar ular duoyi bad qilishga shoshiladilar. Payg`ambar alayhissalom “bolalaringizni yomon duo qilmanglar”, deb buyurganlar. Bunday onalar o`zlarini jahlda duo qilganlarini o`ylaydilar ammo bu ish yana bir bor onaga murojaat qilishni taqozo qiladi.
Imomi Muhammad Munavvar tarjimasi