x

Aksariyat ota-onalar farzandining "tili chiqishi" bilan bir muammoga duch keladi. So`zlarni o`rganayotgan bola asta-sekin o`zi tushunib yoki tushunmay haqoratli, so`kinish so`zlarni aytib yuboradi. Hech bir bola so`zlarni va umuman nimanidir bilib tug`ilmaydi. Demak, hamma narsani atrofidan o`rganadi. Bolangiz nimadir "qiliq" qiladimi yoki qandaydir so`z aytadimi — bularning bari uning atrofidagi holatlardan kelib chiqadi.

Shunday bir fazilatli kishilar borki, yoshi 50 dan oshgan bo`lsa ham hayoti davomida biror marta "ahmoq" deb kimnidir haqorat qilmagan, yomon so`zlar aytmagan. Lekin shunday bolalar borki, 5 yoshida ham "bir chiroyli" so`kinadi. Bunga sabab anglaganingizdek, uning atrof-muhiti. Bolaning tili shirin bo`lsa, uning yaqinlari, do`stlari, tanishlari ham shirinso`z kishilar, har ikki gapning birida uyatsiz so`z ishlatsa uning atrofidagilar ana shunday kishilar bo`ladi.

Ayniqsa bolalarda buni o`zlashtirish yuqori darajada bo`ladi. Shuning uchun avvalo bolaning oldida siz qanday muloqot qilyapsiz, shirinso`zmisiz yoki aksinchami, uning do`stlari qanday bolalar, u kimlar bilan muloqotda bo`lyapti — bularning barchasini nazorat qilishingiz lozim. Qachonki bola yaxshi insonlar, shirinso`z kishilar atrofida bo`lsa, bu uning ham axloqi yuksalishiga sabab bo`ladi. Buning aksi bo`lmasligi esa sizga bog`liq.

To Top ↑
To Top ↑