Chaqaloqlar yig`lash qobiliyati bilan tug`iladi. Yig`lash — kichkintoy uchun atrofidagilar bilan muloqot qilishning asosiy usuli. Shu orqali u ochqagani, charchagani, o`zini noqulay sezayotgani, biror joyi og`riyotganini, shuningdek, mehrga yoki qulaylikka muhtojligini bildiradi.
Kichkintoy o`sib borgani sari yig`isi ham o`zgaradi. Chaqaloqlar o`rtacha hisobda kuniga uch soatgacha yig`laydi, 10 ta chaqaloqdan 1 tasi bundan ko`proq yig`lashi mumkin. 6-8 haftaligida chaqaloqlar eng ko`p yig`laydi, ular ulg`aygani sayin yig`i miqdori kamayishi kerak. Olti oylikdan kichik chaqaloqlar tushdan keyin va kechqurun ayniqsa ko`p yig`laydi. Bunday yig`lash odatda chaqaloq hayotining beshinchi oyiga kelib kamayishi mumkin. Chaqaloq o`sib-ulg`aygani sari yig`isi asosan u sizga aytmoqchi bo`lgan narsa bilan bog`liq bo`ladi.
Bola yig`laganda nima qilish kerak? Siz bera oladigan birinchi yordam — uning ochqagani, charchagani yoki bezovtaligini tekshirish. Keyin uni ovutish oson bo`ladi: uni ovqatlantirasiz, uxlatasiz yoki tagligini almashtirasiz. Bundan tashqari, quyidagilarni bajarishingiz ham mumkin:
Bolani sekin allalang. Nafis harakatlar va onaning yaqinligi tinchlantiruvchi ta'sirga ega bo`lishi mumkin.
Kichkintoyingiz bilan sayr qiling (hatto juda charchagan bo`lsangiz ham). Uni cho`miltiring yoki mehr bilan massaj qiling. Bolani silash va massaj qilish orangizdagi aloqalarni mustahkamlashi mumkin. Oilangiz vrachidan qanday massaj qilishni so`rab oling.
Kichkintoyingiz bilan muloyimlik bilan suhbatlashing, unga qo`shiq aytib bering yoki allalaganda sokin musiqa qo`ying. Ba'zan soch quritkich, changyutkich kabi uskunalarning shovqini ham chaqaloqni tinchlantirishi mumkin.
Ta'sir omillarini, masalan, chiroqlar yorug`ligini kamaytirish orqali bolani tinchlantiring.
Bolaning yig`isi ota-onalarni qattiq bezovta qilishi mumkin, ular qo`rquv, g`azab yoki stressni boshdan kechirishi mumkin. Qisqa vaqtga bo`lsa ham, sayr qilish, kitob o`qish, sport bilan shug`ullanish yoki cho`milish uchun vaqt topishga harakat qiling. Kichkintoyingiz yig`layotgan bo`lsa va uni ovutolmasangiz, uni xavfsiz joyga qo`yib, xonadan chiqib keting. Bolani hech qachon silkitmang - bu miyaning chayqalishiga olib kelishi mumkin.
Yordam so`rang va his-tuyg`ularingiz haqida ochiq gapiring. Garchi qo`lidan kelgan hamma narsani qilayotgan bo`lsa-da, chaqaloqlar uzoq va qattiq yig`lasa, ko`p ota-onalar charchaydi va asabiylashadi. Shuning uchun maslahat so`rang va nimani boshdan kechirayotganingiz va qanday munosabatda bo`layotganingiz haqida gapiring.