x

Mazkur elektron bazaga kiritilgan yoshlarga davlat tomonidan ko`rsatiladigan ko`maklarning turlari, miqdorlari, “Yoshlar daftari”ga kirish va undan chiqarish mezonlari haqida mutaxassis ma'lumot berdi.

Yoshlar ishlari agentligi mutaxassisi Hayitboy Iskandarovga ko`ra, ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik muammolari mavjud bo`lgan hamda bilim olishga, kasb-hunar o`rganishga ishtiyoqi bo`lgan yoshlarni aniqlash va ularning muammolarini bartaraf etish hamda nazorat qilish uchun ishlab chiqilgan elektron ma'lumotlar bazasi bu – “Yoshlar daftari”. Bundan tashqari, mutaxassis mazkur platformaga oid bir necha savollarga ham javob berdi.

—   “Yoshlar daftari”ga kimlar kirishi hozirda qonunchilikda belgilab qo`yilgan?

—   14 yoshga kirgan va 30 yoshdan oshmagan yosh fuqarolar kiritiladi. Bazaga kiritishda alohida ishlab chiqilgan toifalar bor, bular: ishsiz yoshlar, nogironligi bor yoshlar, profilaktik nazoratda turuvchi yoshlar, kasb-hunar va ilm o`rganishga ishtiyoqi yuqori bo`lgan, boquvchisini yo`qotgan yoshlar, mehribonlik uylarida tarbiyalangan, tibbiy, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar.

—   “Yoshlar daftari”ga qanday kiriladi?

—   3 ta yo`nalishda ariza berish mumkin. Birinchi yo`li — mahallalardagi yoshlar etakchilariga bog`lanib, ariza qoldiradi. Ikkinchi yo`l — yoshlardaftari.uz sayti orqali ariza berish. Uchinchi yo`l — 1093 qisqa raqami orqali ariza qoldirish mumkin. Bu arizalarni mahalladagi yoshlar etakchilari 5 ish kuni ichida o`rganib, tavsiya berishi yo rad etishi kerak bo`ladi.

—   Qanday yordam turlari bor?

—   Yoshlar daftari”da 25 turdagi yordamlar mavjud. Har bir yo`nalish bo`yicha fuqaroga beriladigan yordam haqida, tasdiqlangani to`g`risida alohida sms xabarnomalar yuboriladi. Bu xabarnoma tizimi shaffoflikni ta'minlash uchun. Yoshlar daftar tizimi yaratilgandan buyon bu tizimga 1,1 mln yoshlar kiritilgan. Ularga yordam ko`rsatish uchun jamg`armalardan esa 1 trln 270 mlrd so`m miqdordagi mablag`lar ajratilgan. 2023 yilning 9 oyi davomida 355 mingta yoshlarimiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Va shulardan 250 mingtasiga amaliy yordam ko`rsatilgan, ular uchun jami 378 mlrd so`m mablag` ajratilgan. Yil oxirigacha 100 mingdan ortiq yoshlarga amaliy yordamlar beriladi. Shundan so`ng keyingi yilga tayyorgarlik bo`ladi.

—   Platformaga qayta ro`yxatdan o`tish mumkinmi?

—   “Yoshlar daftari”ga kiritilib, yordam olgan yoshlar yana 6 oy muddatdan keyin ariza qoldirishi mumkin bo`ladi. Bunda bitta istisno bor, ya'ni Vazirlar Mahkamasining 312-sonli qarori asosidagi qo`shimcha nizomlarga ko`ra, foydalanuvchi yosh bir martalik yordamni belgilab “Yoshlar daftari”ga kirsa, u “daftar”dan chiqarib yuborilmaydi va ikkinchi qo`shimcha yordam olishga imkon yaratiladi, boshqa bunday istisnolar yo`q.

—   Chiqarishda-chi?

—   “Yoshlar daftari”dan chiqarishda ro`yxatdan o`tgan yosh o`zi belgilagan yordam turini olgandan keyingina chiqariladi. Bu jarayonlar sms xabarnomalar orqali amalga oshiriladi. Deylik, bir fuqaro kontrakt-shartnoma mablag`ini to`lab berish uchun ariza berdi, o`sha mablag` to`langandan keyin daftardan chiqariladi. So`ralgan miqdordagi mablag` ajratilmay turib sms tasdiqlash kodi yuborilsa, buni mas'ullarga aytmaslik tavsiya etiladi. Chunki bunda “Yoshlar daftari”dan asossiz chiqarish bo`ladi. 

To Top ↑
To Top ↑