“Montessori mashg`ulotlari”, “Montessori o`yinchoqlari”, “Montessori uslubi” degan atamalar haqida, ayniqsa, yosh ota-onalar ko`p eshitayotgan bo`lsa kerak. Bundan bir asr oldin asos solingan bu usul mohiyati bolani jazolamasdan hamma narsani bajarishni uning o`ziga qo`yib berishdan iborat. Dunyoda aynan shu usulda ta'lim beradigan 60 mingdan oshiq maktablar ham bor.
Muvaffaqiyatli insonlar haqida gap ketganda eng birinchi ularning hayot yo`li haqida bilishga qiziqamiz. Masalan, yozuvchi Gabriel Garsia Markes, qo`shiqchi Teylor Svift, Google asoschilari Larri Peyj va Sergey Brin, mashhur oshpaz Juliya Childning qanday umumiy tomonlari bor?
Javob shuki, ularning hammasi kichikligidan boshlab Montessori maktablarida o`qishgan. Hindiston mustaqilligi asoschisi Mahatma Gandi Montessori uslubining fanati edi, u bolani qanday o`qitish kerakligi haqida shunday degandi: “Bolaga hamma narsa o`yin shaklida o`rgatilsa, u o`rganish yuki sabab qiynalmaydi”. Hindistonlik shoir, Nobel mukofoti laureati Robindranat Tagor esa bolalar o`zlari ijodiy taraflarini erkin namoyon qila oladigan Montessori maktablari tarmog`ini yaratgan.
Montessori metodi qanday ishlaydi?
Italiyalik shifokor va o`qituvchi Mariya Montessori bolalarni kichikligidanoq mustaqillikka o`rgatuvchi tamoyillarini ishlab chiqqaniga ham bir asrdan oshdi. Hozir butun dunyoda Montessori usulidan foydalanadigan kamida 60 ming maktab mavjud.
Mariya Montessori kim o`zi?
Montessori 1870 yilda Italiyaning K'yaravalle deb ataluvchi kommunasida tug`iladi. Uning oilasi zamonasining olim va mutafakkirlari bilan tez-tez ko`rishib turadigan ziyolilar edi. Bu esa Mariyaga o`zining tengdosh qizlariga qaraganda anchayin ustunliklarni berardi.Mariyani onasi doim qo`llab-quvvatlaydi va bu uning boshlang`ich maktabdan so`ng texnika maktabiga o`qishga kirishida, keyinroq, asosan, erkaklar ishlaydigan tibbiyot sohasini o`rganishga qaror qilganida aks etadi.
1896 yilda o`qishni tugatganidan ko`p o`tmay Montessori Rim universiteti qoshidagi psixiatriya klinikasida ko`ngilli yordamchi bo`lib ishlay boshlaydi. U erda Montessori o`rganishda qiyinchiliklarga duch keladigan bolalar bilan ishlaydi. Montessori ishlaydigan xona deyarli bo`sh, faqat ba'zi mebellar bor edi xolos. Bir kuni u bolalarning erga tushgan non ushoqlarini ishtiyoq bilan o`ynayotganini payqab qoladi. Keyin uning xayoliga ba'zi aqliy zaifliklarning kelib chiqishiga kambag`allik ham sabab bo`lishi mumkin, to`g`ri yaratilgan o`quv materiallari bilan esa yosh qalblarni tarbiyalash mumkin degan fikr keladi.
Shundan so`ng Montessori bolalikning nozik davrida bolani optimal darajada rag`batlantirishga qaratilgan yangi metodni ishlab chiqdi.
Bu usulning asosiy printsipi barcha materiallar bolaga mos bo`lishi va uning barcha sezgilarini jalb qilishi kerak degan qoidaga asoslangandi. Har bir bolaga erkin harakatlanish huquqi berilishi, ular o`zining ijodkorlik va muammoni hal qilish qobiliyatidan foydalana olishlari kerak. O`qituvchilar rahbarlik qilishadi, biroq hech qanday nazorat va majburlovsiz bolani qo`llab-quvvatlaydilar.
Mariya Montessori
Montessori 1907 yilda Italiyada ilk bolalar uyini ochadi. U taniqli insonlar bilan aloqalar o`rnatadi, jumladan, Mahatma Gandi bilan ham. 1922 yilda Italiyada fashistlar hukmronligi boshlangach ular dastlab Montessorining ishini qabul qilishadi. Biroq bolalar ta'limida so`z erkinligiga urg`u berilayotganini sezib qolib Montessoriga qarshi chiqa boshlashadi. Montessorining qadriyatlariga ko`ra, bola va ayollar huquqlari muhim sanalgan. Fashistlar Montessori maktabi o`quv kontentini o`zgartirishga harakat qila boshlagach, u 1934 yilda Italiyani tark etadi. Va vataniga 1947 yilda qaytib keladi, to o`limigacha, 1952 yilda 81 yoshida vafot etgunga qadar o`zining uslublari haqida yozish va uni rivojlantirishga umrini sarflaydi.
Mas'uliyat bolalarning o`zida
Bugun Montessori maktablarining turli xillari faoliyat olib boryapti, biroq ularning hammasi ham Montessori metodi asosida faoliyat yurituvchi Opera Montessori tashkiloti tomonidan tan olinmagan. Montessori maktablarida aniq fundamental tamoyillar saqlanib qolgan. Bu g`oyalardan biri – o`qituvchining yumshoqko`ngil bo`lishi, imkon qadar kattalar aralashuvisiz bolalarga mashg`ulotlarni o`zlari bajarishlariga qo`yib berishdan iborat.
“Farzandlarimiz o`zlarini boshqarishni o`rgana oladilar”, deydi Sitsiliyadagi Montessori maktabi bosh o`qituvchisi Miriam Ferro.
Bu maktabdagi musiqa va matematika kabi fanlar boshqa umumta'lim maktablariniki bilan bir xil, biroq bu erda Montessorining qarashlarini ifoda etadigan amaliy hayotga oid fanlar ham bor. Ularning maqsadi –bolalarni mustaqillikka o`rgatish. Maktabda sinfdoshlarga ichimlik tarqatish kabi real vazifalar ham mavjud. Havfsizlik uchun suvni o`qituvchi qaynatib beradi, biroq qolgan ishni bolalarning o`zi qiladi. Maktabdagi nonushta va tushlikda ham bolalarning o`zlari dasturxon yozishadi.
Bunday mashg`ulotlarda bolalar nafaqat mustaqil bo`lishni balki birikib ishlashni ham o`rganadi. Har bir mashg`ulot 3 soat davom etadi, bu bolalar nima qilayotganlarini tushunib olishi uchun etarli bo`ladi. O`quv materiallari esa barcha sezgilar ishlashi uchun mo`ljallangan: masalan, harflar va raqamlar qumqog`ozdan yasaladi. Uni ushlash orqali bola barmoq sezgisini ishlatadi.
Bahsli taraflar
Lekin Montessori maktablarining muvaffaqiyatini, uning qanchalik ijobiy va salbiy taraflari borligini ilmiy asoslash qiyin bo`lmoqda. Sababi ta'limda sinovlarni bir xillikda qat'iy amalga oshirish qiyin. Masalan, Montessori maktablarining aksari pulli va ularga o`ziga to`q ota-onalarning bolalari boradi. Bu ota-onalar uyda ham bolalari bilan ishlashi va ularning muvaffaqiyatida uydagi e'tiborning ham ahamiyati katta bo`lishi mumkin.
AQShdagi Montessori maktablaridan birida unga qabul qilingan 5 yoshli bolalar tasodifiy usul bilan tanlab olinib ularning rivojlanishi o`rganilganda bolalarning savodxonlik, hisob-kitob, ijro va ijtimoiy qobiliyatlari oddiy maktab bolalariga qaraganda yaxshiroq ekani aniqlangan. 12 yoshda esa o`quvchilarning hikoya qilish qobiliyati yaxshi rivojlangan. Lekin bu tadqiqot ham Montessori ta'limi zo`r deyish uchun etarli emas, buning uchun yana boshqa tadqiqotlar kerak.
Yana bir tadqiqotda Montessori maktabi o`quvchilarida ijodkorlik kuchli ekani aniqlangan.
Bolalarning kichik yoshdan turli harakatlarni mustaqil bajarishga qo`yib berish keyinroq ularni muammolarga echim topish, xatolardan xulosa chiqarish, moslashuvchan fikrlashga o`rgatadi. Bir so`z bilan aytganda, Montessori ta'limining jozibasi o`ziga xos – bolani mustaqillikka o`rgatishdan iborat.