x

Sevimli ota bo`lmaslik naqadar og`ir. Ha, bolalarning «onasining bolasi» bo`lishi ba'zida otalarning kayfiyatiga ta'sir qiladi. Agar siz ham 9 oy sizni ko`tarib yurgan va undan keyin siz yana kamida 2 yil yuragining ostida kuch-quvvat olgan vujudga bog`lanib qolgan davringizni eslay olganingizda edi, xafa bo`lishga hojat qolmasdi.

Lekin, bundan tashvishga tushmang. Kun kelib, siz ham bolaning ishonchiga kirishingiz mumkin. Uning uchun esa ancha ter to`kishingizga to`g`ri keladi. Bola serharakat bo`lgan davrda ayniqsa otaning hamkorligi, ona bilan kelishgan holda, bolaga e'tibor qaratishi maqsadga muvofiq. Otaning faqat ish yoki oilani iqtisodiy ta'minlash bilan ovora bo`lib qolishi – bolaga e'tibor qaratmaslik uchun asos bo`la olmaydi. Siz ham bolangizga g`amxo`rlik qiling.

Ota-onalik, bu – sog`lom va barkamol farzandni voyaga etkazishda yagona sport jamoasiga aylanish degani. Ulgurish, g`olib bo`lish uchun jamoa a'zolari bir-birlarini qo`llab-quvvatlashi kerak. Na er va na xotin bolani parvarishlash masalasida yolg`iz o`zi hamma narsaga ulgurishi mashaqqatli. Baxtli va hamjihat oiladagina qiyinchiliklar maydalanib, kichik tashvishlarga aylanadi. Quyida yaxshi ota bo`lish sirlarini siz bilan bo`lishamiz.

Bola dunyoga kelgan vaqtdan boshlab uning yaxshi va yomon kuniga yagona javobgar odam siz ekanligingizni his qiling. Aytishadi-ku, ota bo`lish hammaning qo`lidan keladi, biroq otalik qilish hammaga ham emas.

Bolani ovutishni o`rganing. Buni uddalay olmaslik – farzand hamda siz o`rtangizdagi muloqotning va mehr-muhabbatning jiddiy to`sig`i. Ammo hali aqlini tanimagan bolani ovutishni istagan ota buni asta-sekin, vaqt o`tishi bilan uddalaydi.

Ammo bola ulg`ayib, o`z fikrini erkin ifodalay olgan, ota bilan o`ynab, unga yaqin bo`lgan vaqtda ham «onasining bolasi» bo`lib qolaveradi. Bola asosiy e'tiborni otadan emas, onadan kutadi. Bola 10 ta imkoniyatdan faqat bittasidagina biror ishda unga otasining ko`maklashishini istaydi. Ammo otaning ma'naviy qo`llab-quvvatlashi, o`g`li yoki qizini bog`chaga, maktabga o`zi olib borishi, olib kelishi, tarbiyaviy jarayonlar, birgalikda shahar aylanish yoki hayvont bog`iga borish bolada otasiga nisbatan ishonch va hurmatning shakllanishiga olib keladi.

Yaxshi ota farzandi xato qilganida uni kechira olishi kerak. Farzandi ham inson axir. Otaning bu jarayonga munosabati farzandining qilmishidan to`g`ri xulosa chiqarishiga xizmat qilishi kerak.

Bolani qaysidir tomongadir o`zgartirishdan oldin buni sinab ko`rish kerak. Ehtimol, avvalo o`zimiz o`zgarishimiz kerakdir.

Hurmat qozonish uchun siz ham bolangizni hurmat qiling. Unga munosabatda bag`rikeng bo`ling. Unutmang, ahil oilani mustahkam tutib turuvchi kuch – qondoshlik emas, balki hurmat va xursandchilikdir.

Farzandingizni kuzating. Uning ham o`ziga yarasha muammolari bor. Ota-onalar hayotdagi ko`pchilik muammolarga farzandlarini kuzata turib echim topadilar.

Yaxshi ota – tartib-intizomli ota. U farzandlarini sevadi. Farzandi xato qilsa, xatolarini kuch emas, so`z qudrati bilan tushuntirib beradi.  Unutmang, hayotda farzandingiz uchun siz qoldirishingiz mumkin bo`lgan eng muhim narsa mol-davlat emas, go`zal xulq-atvor va tarbiyadir.

Vaqt shuni ko`rsatmoqdaki, farzandimiz uchun go`zal kelajak yaratishga qodir bo`lmasak ham, umrimiz davomchilarini kelajakka tayyorlashga imkonimiz etarli. Ana shunda farzand uchun bir umrlik sevimli va qadrdi ota bo`lish sizga nasib qiladi.

To Top ↑
To Top ↑