x

Hademay ta'til tugaydi, o`quvchilar uchun ham, ularning ota-onalari uchun ham! Maktab bozori avjiga chiqqan, hamma yangi o`quv yiliga tayyorgarlik ko`rgan. Biz ham ushbu dolzarb mavzuni chetlab o`tolmaymiz, albatta. Quyida yangi o`quv yilini ma'lum o`zgarishlar bilan qarshi olayotgan o`quvchilarning ota-onalariga maslahatlarimiz bor.

1. Bolangiz birinchi sinfga borayapti. Bu yil kichkintoyingiz ilk bora maktabga qadam qo`yadi. Quvonchu hayajoni bir olam. Oldinda uni qanchadan- qancha yangiliklar kutayapti. Maktab formasini allaqachon olib qo`ygandirsiz. O`quv qurollari bu yil sizga tekin. Endigi vazifangiz bolani maktabga ruhan va jismonan tayyorlash. Bugundan boshlab uni ertalab barvaqt turishga o`rgating, ya'ni kun tartibini shunga moslang. Bir joyda qimirlamay 45 daqiqa o`tirish oson emas, bunga ham asta-asta o`rgatib boring. Yana bolaning xotirasini charxlash uchun shu kunlarda unga ko`proq yodlating: bu karra jadval bo`ladimi, quvnoq she'rmi yoki topishmoqmi – farqi yo`q. Asosiysi, foydali narsa bo`lsin. Charxlangan xotira ma'lumotlarni oson qabul qiladi. Sizni va farzandingizni oldinda unutilmas va ajoyib daqiqalar kutyapti...

2. Farzandingiz maktabini o`zgartirdi. Sharoit taqozosiga ko`ra maktabini o`zgartirishga to`јri keldi. Avvalo, bu o`zgarishlar adekvat, ya'ni bolaga mos bo`lsin. Ayrim ota-onalar o`zbek tilida ta'lim olib turgan bolani birdaniga chet tilida ta'lim beriladigan maktabga o`tkazishadi. Yoki oddiy maktabda o`qib yurgan o`quvchini to`satdan musiqaga ixtisoslashgan maktabga berishadi. Albatta, unga oson emas. Hatto, yoz bo`yi farzandingizni repetitor yordamida tayyorlagan bo`lsangiz ham. Umuman, maktabni o`zgartirishning o`ziyoq uning uchun katta stress. Uni hozirdanoq ruhan qo`llab-quvvatlang. Yangi o`qituvchi bilan darslar boshlanguncha tanishib, bolangizni ham tanishtirib qo`ying. Iloji bo`lsa, ota-onalar qo`mitasi raisi bilan ham tanishing, sinfning o`ziga xosligi, u erdagi muhit, muammoli va a'lochilar haqida ma'lumot oling. Toki dilbandingiz maktabga kerakli ma'lumotlar bilan qurollanib borsin. Ilk kunlarda o`zini biroz yo`qotib qo`yishi mumkin. Bundan xavotir olmang. Muhimi, o`qituvchisi va sinfdoshlari bilan aloqa boјlab olsa bo`lgani. Bola qanchalik yosh bo`lsa, o`zgarishlarga shunchalik tez ko`nikadi. O`smir yoshdagilar bilan biroz qiyinroq, lekin buning ham davosi vaqt. Asosiysi, farzandingiz muhim saboq olayapti – yangi jamoaga qo`shilib, ko`nikib ketish saboјini. Kelajakda bu tajriba unga juda kerak bo`ladi.

3. Kunning ikkinchi yarmida maktabga boradi. Eng asosiy muammo – kun tartibining o`zgarishi. Endi u barvaqt turmaydi, ertalab istagancha uxlashi mumkin. Darslarni ham kechqurun emas, kunduzi tayyorlasa bo`ladi. Ammo shuncha imtiyozlarga qaramay kun tartibining o`zgarishi bolalarning o`qishiga ta'sir ko`rsatmay qolmaydi. Endi u darslarni maktabdan kelgan zahoti tayyorlamay, keyinga surishga harakat qiladi. Bu – chatoq. Chunki darslar o`sha kuniyoq takrorlansa va keyin uyquga ketilsa, miyaga yaxshiroq o`rnashadi. Lekin kun bo`yi o`qigan bolani kechqurun dars qildirishga ko`ndirish qiyin. Siz uy vazifalarni ikkiga taqsimlang: yodlanadiganlari o`sha kuniyoq, yoziladiganlari ertasiga. Chunki kechqurun yodlangach, ertalab takrorlash kerak bo`ladi. Ayni kunlarda kun tartibini o`zgartirishga tayyorlab boring, vaqtida yotsin, vaqtida tursin, yarim kechagacha televizor ko`rmasin.

 4. Farzandingiz o`tgan yili fanlarni yaxshi o`zlashtirolmagan edi. Muammoingiz yuqoridagilardan jiddiyroq-ku, ammo vahima qiladigan joyi yo`q. Farzandingiz o`tgan o`quv yilida fanlarni yaxshi o`zlashtira olmagan bo`lsa, albatta, yoz oylarida u bilan qo`shimcha shuјullangansiz. Lekin maktabga besh kun qolganda endi uni tinch qo`ying. Yaxshilab uxlasin, o`ynasin, hordiq chiqarsin. Bo`lmasa, shuncha harakatingizga qaramay, darslarni yana o`zlashtirolmay qolishi mumkin. Yana bir jihat: bolada o`ziga nisbatan ishonchni shakllantirish. «Bu yil katta bo`lib qolding, shuncha tayyorlanding, endi albatta yaxshi o`qiysan. Lekin mabodo biron narsa o`xshamay qolsa ham, biz, baribir, seni yaxshi ko`ramiz», – deng. O`qituvchisiga ham bu yil farzandingiz alohida tayyorgarlik bilan kelganini ayting, toki unga yana imkon bersin.

To Top ↑
To Top ↑