Bolalik chog`imizda kattalar so`zlab bergan ertaklarning qahramonlari dev, yalmog`iz yoki alvasti kabi qo`rqinchli maxluqlar oldiga kirganda salom berishar, bunga o`sha maxluqlar: «Agar saloming bo`lmaganida, ikki yamlab, bir yutar edim», deb javob qaytarishardi. O`sha ertaklarda bir joyga albatta salom bilan kirish zarurligiga nega bunchalik urg`u berilganining sabablarini ulg`aygachgina tushundik. Shuning uchun bola esini tanishi bilan uchragan tanish-notanishga salom berishini talab qiling. Chunki salomlashish insonlar odobining boshi, tanishuv muqaddimasi, musulmon kishi axloqining asosiy shartlaridan biridir.
Har bir ota-ona farzandiga tarbiya-odob berar ekan, eng avvalo salomlashishni o`rgatsin. Chunki salom berish Payg`ambarimiz (alayhissalom) sunnatlaridandir, unga alik olish esa vojibdir. Jahonda odobning bu jihatiga e'tibor bermaydigan biror millat yoki xalq yo`q. Dono xalqimiz bejiz: «Gapning boshi – kalom, odob boshi – salom», demagan. Chunki biror notanish kishi bilan ko`rishib-tanishmoqchi bo`lsangiz, salom berishingiz bilan gap-gapga qovushadi, o`rtadagi begonasirash, noqulaylik barham topadi. Hatto muxolifingiz huzuriga «Assalomu alaykum» (Sizga tinchlik-omonlik bo`lsin) deb kirsangiz, uning jahli tushadi, keki yo`qoladi, ko`ngli sizga moyillashadi. Salomlashishning savobi, bunga beriladigan ajr-mukofotlar-ku, hammasidan ham yuksak.
Ota-bobolarimiz azaldan o`g`il-qizlarning chiroyli xulqli, odobli bo`lishiga katta ahamiyat berishgan. Chunki Islom dini axloqni imon qatorida qo`yadi. Hamma zamonlarda, hamma o`lkalarda yaxshi xulqli, olijanob, shirinso`z, halim insonlar jamiyatning ko`rki, odamlarning a'losi bo`lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo`lib qoladi. Ayniqsa, Sharq olami bu borada butun insoniyatga ibrat-namuna bo`lgan.
Oliy xulq sohibi bo`lmish Payg`ambarimizga (alayhissalom) ergashgan insonlar Yaratganning hukmlariga bo`ysunib, xulqlarini tuzatishgan, yaxshi fazilatlar sohibi bo`lishgan. Oilada, yaqinlar davrasida, odamlar bilan munosabatlarda komil odoblarini namoyish qilishgan. Payg`ambarimiz Muhammad (alayhissalom) ummatni husni xulq, odobli bo`lishga tinmay chaqirganlar. Bu mavzuda juda ko`p hadisi shariflar rivoyat qilingan:
«Hamma ishlaringizda to`g`ri bo`ling, odamlarga muomalada xulqingiz chiroyli bo`lsin! Kichikni hurmat qilmagan, keksaning qadriga etmagan bizdan emas».
«Odamlarga taom beringlar va shirinso`z bo`linglar».
«Yaxshilikni chehralari ochiq, xushro`y odamlardan kutinglar».
«Din chiroyli xulq va g`azab qilmaslikdir».
«Sizlarning eng yaxshilaringiz xulq-atvori yaxshi bo`lgani va xotinlariga yaxshi muomala qilganidir».
«Do`st-birodarlariga qovog`ini solib qaraydigan kishilarni Alloh yoqtirmaydi, U har ishda muloyimlikni yaxshi ko`radi».
«Yaxshi insonlar go`zal xulqlari bilan kechasi ibodat qilganlar va kunduzi ro`zador bo`lganlar darajasiga erishishadi».
«Alloh va Uning Payg`ambariga sevimli bo`lgan ikki xislat bor: bular muloyimlik va vazminlikdir».
«Odamlar bilan xush muomalada bo`linglar, ularga qattiqqo`llik qilib, behayo so`zlamanglar».
«O`zini kamtarin olib yuruvchi, halol kasb qiluvchi, qalbi pok, ko`rinishi yoqimli, odamlarga zarar etkazmaydigan, xayr-ehson qiladigan, behuda gapdan o`zini tiyadiganlar insonlarning eng yaxshilaridir».
Har bir ota-ona ana shu ko`rsatmalarga binoan bolasini chiroyli xulq egasi qilib tarbiyalasin, unga odob o`rgatsin. Chunki yaxshi xulq insonlarni bir-biriga ulfat qiladi, yomon xulq ularni ajratib tashlaydi. Yaxshi xulq muhabbatni, hamkorlik va murosani taqozo etsa, yomon xulq nafrat, hasad va kelishmovchiliklarga sabab bo`ladi.
Vahb ibn Munabbah aytadi: «Yomon xulqning misoli xuddi singan sopol idishga o`xshaydi, uni yamab ham, loyga qaytarib ham bo`lmaydi».
Fuzayl ibn Iyoz esa: «Chiroyli xulqli fojir (yaramas) kimsaning menga hamsuhbat bo`lishi yomon xulqli obid (ibodatli) kishi suhbatidan yaxshiroqdir», degan.
Umar ibn Hattob: «Insonlarga chiroyli xulqlar bilan aralashinglar. Ulardan yaxshi amallar bilan ajralib turinglar», deb aytganlar.
Ali ibn Abu Tolib: «Husni xulq uch xislatda bo`ladi: haromlardan saqlanishda, halolni istashda va oilani farovon qilib qo`yishda», deganlar.
Hasan Basriyning bunday so`zlari bor: «Husni xulq ochiq yuzli bo`lish, molni sarflash va aziyat berishdan o`zini tiyishdir».
Sahl Tustariy aytadiki: «Husni xulqning eng ozi aziyatlarni ko`tarish, tovon (puli)ni tark etish, zolimga ham rahm qilish va unga istig`for aytishdir».
Yoshlar tarbiyasi haqida so`z borar ekan, ularga tegishli umumiy odob-axloqlar haqida Imom G`azzoliy aytgan so`zlarni naql etishni lozim topdik: «Yoshlar tilla taqinchoq va turli zebu ziynat taqmasliklari lozim. Ular o`tirish, turish, salom berish odoblariga rioya etishlari, o`zlaridan kattalar huzurida oyoqlarini chalishtirib o`tirmasliklari, sergap va so`kuvchi bo`lmasliklari, behayo so`zlarni aytmasliklari, xususan, yomon xulqli tengdoshlariga aralashishdan ehtiyot bo`lishlari kerak («Ihyo...» kitobi, 3-juz, 70-bet).
Husayn Voiz Koshifiy bunday yozadi: «Go`zal fe'l-atvor, yaxshi xulq nishonasi o`ntadir: yaxshilik qilish, insofli bo`lish, boshqa odamdan ayb qidirmaslik, nojo`ya harakat qilayotganni to`g`ri yo`lga boshlash, aybiga iqror bo`lganning uzrini qabul qilish, o`zgalar mashaqqatini zimmaga olish, faqat o`z manfaatini ko`zlamaslik, ochiq yuzli va shirin so`zli bo`lish, muhtojlar hojatini chiqarish, muloyim va tavozeli bo`lish».
Podshoh Anushervon dono vaziri Buzurgmehrdan: «Muloyim kishining belgilari qaysilar?» deb so`raganida, vaziri: «Muloyim kishida uchta nishona bo`ladi: birinchisi – yuzsiz, badfe'l kishilar qo`pol so`zlasa ham, u yaxshilik qilaveradi; ikkinchisi – qahr-g`azabi alangalanganida ham, tishini tishiga bosadi; uchinchisi – bir kishidan ziyon etsa-yu, jazo berishga qodir bo`lsa ham, achchig`ini yutadi», deb javob qildi.
Luqmoni hakimdan: «Sen o`zing ko`rgan illatlar va ayblardan qay biriga davo topa olmading?» deb so`rashibdi. U: «Men barcha illatlarga hikmat yuzasidan davo topdim, ammo davolay olmaganim badfe'llik bo`ldi», deya javob qaytargan ekan.
Suqrot hakimning bunday so`zlari bor: «Halol mehnat, muhtojlarga yordam, g`azab vaqtida yomon so`zlardan tilni va birovga ozor berishdan qo`lni tiyish, kamchilikni bitirib hamda yomon xulq-atvorni tuzatib, go`zal axloq sohibi bo`lish eng yaxshi fazilatlardir».
«To`g`ri yo`ldan og`ishmaslik, insofli-adolatli bo`lish, nafs orzusiga qarshi borish, olim-fozillar bilan suhbat qurish, kattalarga hurmat va kichiklarga shafqat qilish, samimiy do`stlar maslahati bilan ish tutish, muhtojlarga yordam ko`rsatish ezgulikning ma'danidir», degan ulug` hakimimiz Abu Ali ibn Sino.
Yusuf ibn Asbotning aytishicha, «Husni xulqning alomati o`n xislatdadir: o`zgalar bilan ixtilofga bormaslik, chiroyli insof, birovlarning toyilib ketishini istamaslik, boshqalarning bilingan kamchiligini yaxshilikka yo`yish, uzr so`ray olish, aziyatlarga chidash, nafsini tergov qilib turish, o`zganing emas, o`z aybini bilish, kattayu kichikka birday ochiq yuzli bo`lish, o`zidan yuqori yoki past kishiga ham muloyim so`zlash».
Hikoya qilishlaricha, Ardasher Bobak yurtini adolat ziynati bilan bezagan edi. Bir kuni u o`g`lining g`oyatda qimmatbaho kiyimlar kiyib olganini ko`rdi. Uni oldiga chaqirib: «O`g`lim, kishi shunday libos kiysinki, bunday libos hech bir xazinada bo`lmasin», dedi. O`g`li undan: «Ey ota, u qanday libos, nimadan tikiladi?» deb so`radi. Otasi unga: «U shunday liboski, matosi yaxshi xulq va yaxshi ishdir, ipi esa murosa va sabrdan bo`ladi», deb javob berdi.
Farzandining chiroyli odobidan umid qilgan ota-ona uni muntazam ravishda husni xulq asosi bo`lgan muomala odobining quyidagi qirralari bilan tanishtirib borsinlar:
Farzandingiz odamlar bilan muomalada shirinso`z, muloyim, bosiq, halim va kamtar bo`lishga harakat qilishiga e'tibor qarating. Bolangizni kichiklarni izzat-ikrom, kattalarni hurmat-ehtirom qilishga o`rgating.
U odamlar bilan yaxshi munosabat o`rnatsin, qo`pol va behayolarcha so`zlab, dillarni og`ritmasin. Chunki insonlarning eng yaxshisi murosaga oson keladigan, qalbi pok, ortiqcha gap-so`zlardan o`zini tiyadigan kishilardir.
Odamlar xursandchiligini baham ko`rish, g`am-anduhidan qayg`urish, mol-mulkiga xiyonat qilmaslik, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish husni xulq egalariga xos fazilatlardandir. Shuning uchun farzandingizga bolalikdan ana shu xislatlarni singdirish payida bo`ling.