x

Boladagi xarxasha va injiqliklarga qarshi kurashishni o`rganishdan oldin yoqimtoy mittivoylar qachon, qay tarzda ters bo`lib qolishiga oydinlik kiritish kerak. Aslida farzand hulqi (qushchaning qushlar galasidagi yurish-turishi kabi), avvalo, kattalar muomalasi bilan chambarchas bog`liq. «Farishta»lar «shaytoncha»ga aylanib, ota-onaning boshiga chiqib olishiga sababchi vaziyatlar mavjud. Quyidagi holatlarda bolalar injiq, quloqsiz va gapga kirmaydigan bo`lib qolishadi:

Oilada pedagogik mezonlar yo`qligida. Masalan: ota-ona bola bilan o`z kayfiyatidan kelib chiqqan holda muomalada bo`ladi — bugun ota mehribon, yarim tungacha mul'fil'm tomosha qilishga ruxsat berdi, ertasiga esa fe'li aynigan, soat 21:00dayoq bolalarni uxlashga majburlaydi.

Kattalarning pedagogik mezonlari keskin farq qilganda. Masalan: bolaning 21:00dan keyin mul'tfil'm ko`rish istagiga ota qarshi, ona esa rozilik beradi. Bu o`rinda ota-ona (boshqa oila a'zolari ham)ning yakdil fikrda bo`lishi muhim.

Oiladagilar bolaning xarxasha va injiqliklariga «bo`yin egadi». Mittivoylar o`z fe'l-atvorini shartli refleks va instinkt darajasida shakllantiradi. Masalan, go`dak yig`i, baqir-chaqir, xarxasha orqali kattalardan xohlagan narsasiga erishsa, u bu usuldan to ish berguncha muntazam foydalanadi. Natija bermay qo`yganda esa ularni ishlatmaydi.

E'tibor berganmisiz, kichkintoylar televizor, mebel', o`yinchoq yoki mutlaqo begona odam qarshisida sira yig`lashmaydi, xarxasha qilishmaydi. Gschdak qanchalik kichik bo`lmasin, hamisha kim uning ashulasiga raqs tushishini, kimning asablarini dod-faryod bilan engib bo`lmasligini biladi. Agar siz sal bo`sh kelsangiz, uning injiqliklari oldida qo`l ko`tarsangiz, bu fe'l-atvor bilan bir umr yonma-yon yashashga majbur bo`lasiz.

Bu xarxashalarni qanday to`xtatish mumkin?

Gapga kirmaydigan quloqsiz bolani «farishta»ga aylantirish aslida mo`'jiza yaratish emas. Haqiqatda bu pedagogik «ustomonlik» unchalik mushkul ish ham emas, lekin ota-onadan ma'naviy kuch, sabr va iroda talab etadi. Muhimi, bu shunga arziydi! Mazkur usulni amaliyotga qancha erta tatbiq etsangiz, farzandingiz shuncha yuvosh, og`ir va vazmin bo`lib ulg`ayadi. Shunday qilib:

 

Eski tizim (aksariyat ota-onalar shunday yo`l tutishadi): o`g`ilchangiz depsinib, boshini polga urib, ho`ngrab yig`lay boshlagan zahoti — uning «nayrang»iga uchasiz va uni tinchlantirish uchun hamma narsaga tayyor turasiz.

Yangi tizim (quloqsiz farzandini qayta tarbiyalashni istovchilar shunga rioya etishi darkor): qizaloq qichqirib yig`lay boshlasa, unga jilmayib qarab qo`yib, xonadan chiqib keting. Lekin bola sizning uni eshitishda davom etayotganingizni bilishi kerak. Baqiraverib charchamaguncha uning ko`ziga ko`rinmay turgan ma'qul. Baqir-chaqir to`xtagach (bir soniyaga bo`lsa ham!), jilmayib qaytib keling, unga bo`lgan ota-onalik mehr-muhabbatingizni namoyon eting. Sizni ko`rgan zahoti bola yana yig`lay boshlasa, siz yana bamaylixotir xonani tark eting. Harxasha qilishni to`xtatgan zahoti yana quchog`ingizni ochib, kulib kirib keling.

Biroq buni bola boshini urib olib, biror joyi og`riganidan, uni ko`chadagilar xafa qilishgani yoki qo`shni itdan qo`rqib ketganidan farqlay oling. Bunday vaziyatda uning yig`i-sig`isi tabiiy hol bo`lib, bolani tushunish kerak — u sizning himoya va g`amxo`rligingizga muhtoj. Lekin xohlagan narsasiga erishish, aytganini qildirish uchun ataylab xarxasha qilayotgan bolani ko`tarib, quchoqlab, o`pib yupatish yaxshilikka olib kelmaydi — bu boshqa masala.

Mazkur holatda ota-ona matonatli bo`lishi va «nayrang»ga uchmasligi kerak.

Shu tariqa ertami yoki kech bola «tushunib etadi» (refleks darajasida): xarxasha qilganda — uni yolg`iz qoldirishadi, eshitishmaydi. Ammo janjalni to`xtatgan zahoti uning yoniga qaytib kelishlarini, uni yaxshi ko`rishlarini va tinglashga tayyor ekanliklarini anglab etadi.

«Odatda bolada «Baqirganimda — hech kimga kerak emasman, tinchlanganimda — hamma meni yaxshi ko`radi» barqaror refleks shakllanishi uchun 2-3 kun vaqt kerak bo`ladi. Agar ota-ona bu paytda sabr qilsa, mo`min-qobil bolani tarbiya qilishadi, sabri etmasa, bolaning xarxasha va injiqliklariga bir umr chidab yashashiga to`g`ri keladi!»

To Top ↑
To Top ↑