x

Yosh onalar, ayniqsa, alohida yashovchi yosh oilalar yangi chaqaloq tug`ilganida shoshib qolishadi. Dugonalaridan maslahat so`rashadi, internet titkilashadi. Har damda vrachga yugirishadi. Yoki uyga chaqirishadi. Kelin olib biz ham qayta ota-ona bo`ldik. Kelin yumush bilan yurganida yoki o`qishga ketganida go`dak bizning zimmamizda bo`lardi. Yoshligimizni esladik va yosh oilalarga maslahat berishni ma'qul ko`rdik.

Birinchi oy.  Ushbu davrni ona vujudidagi go`dakning yangi hayotga, yangi sharoitga “moslashish” davri deb atash mumkin. Bola 70 foiz vaqtini  uxlab o`tkazadi. Birinchi oyning oxiriga kelib, uzoq vaqt boshini tutib turishni, bir nuqtaga qarashni, ovozlarga quloq solishni va o`zi ovoz chiqarishni o`rganadi. 

Ikkinchi oy. Bola boshini mahkam tutadi, nafaqat yaqinlarini taniydi, balki his-tuyg`ularni ajratadi va ularga javob qiladi. Jilmayishni o`rganadi.

Uchinchi oy. Bola boshini mahkam tutadi, agar qorniga yotqizilsa, biroz muddat elkasiga tayanib turadi. Bu vaqtga kelib yorqin rangli o`yinchoqlarga ahamiyat beradi, ularga uzoq diqqat bilan tikiladi. Shuning uchun  beshikiga, aravachasiga rangli o`yinchoqlar osib qo`yish kerak. Shuningdek,  nafaqat unli, balki unsiz tovushlarni ham chiqaradi. Uyqu orasidagi vaqt 1-1,5 soatga cho`ziladi. Eng katta yutuq  o`yinchoqlarni olishga intiladi. So`rg`ichni og`zidan mustaqil chiqara oladi va qaytib og`ziga solishga urinadi.

To`rtinchi oy. Kichkintoy mustaqil ravishda elkadan qoringa aylanib oladi, bemalol qo`liga tayanadi va qorinda yotgan holda qo`lga tayanib turadi. Shu davrda bola o`tirishga harakat qiladi. O`yinchoqlarga cho`ziladi, ularni tomosha qiladi, og`ziga oladi. Yaqinlarini begonalardan farqlaydi va o`z otini taniydi. Bu paytda shirin so`z va ohanglarda muloqot qilishga harakat qiling.

Beshinchi oy. Besh oylik bo`lganida kichkintoy mustaqil o`tirishga yanada ko`proq harakat qiladi va ushlab turilgan taqdirda o`tirishi mumkin. U endi yanada faolroq, bajonidil o`ynaydi, ota-onasiga talpinadi. Ko`pchilik bolalarda tish chiqa boshlaydi.

Oltinchi oy. Bola hali o`zi mustaqil o`tirib ololmaydi, ammo endi o`tirganida ushlab turishga xojat yo`q. Qorniga yotganda oyoqchalarini bukadi va to`rt oyoqlab turishga harakat qiladi. Qornida emaklaydi, ushlab turilsa piyoladan choy icha oladi. Umuman harakatga kelganidan keyin bola vazni biroz kamayadi, ba'zilarida. Bundan xavotir olish kerak emas.

 

Yettinchi oy. Bola ancha faollashadi, serharakat bo`ladi, ag`dariladi, emaklaydi. Biron narsani ushlab o`rnidan turishni boshlaydi. Bu oyda narsalarning nomini eslab qoladi va ularni ko`rsatishga qodir bo`ladi. Cho`milganda vannani ushlab, erkin harakat qilishga intiladi.

Sakkizinchi oy. His-tuyg`ulari doirasi kengayadi. Bola «ona», «ota», «ber» va shu kabi so`zlarni ongli ravishda aytadi. Tanish erda bemalol harakatlanadi va tayanch bo`lsa, bemalol yuradi.

To`qqizinchi oy. Kichkintoy qo`rqmasdan turib yoki o`tiribgina qolmay, divan, stullarga chiqishga urinadi. Narsalarning nomini eslab qoladi, ularni ko`rsatadi. O`zi qoshiq bilan ovqat eyishga harakat qiladi. Bu oyda ong-shuuri faol rivojlanishni boshlaydi.

O`ninchi oy. Bola kattalarning xatti-harakatlarini takrorlashni boshlaydi. O`zi mustaqil o`yinchoq o`ynaydi, kitob varaqlay oladi. Kattalar yordamida bajonidil boshqa bolalar bilan o`ynaydi. Tez emaklaydi va mustaqil yurishga harakat qiladi. Qo`lida bir necha narsani ushlash imkoni paydo bo`ladi. Yon atrofdagi narsalarning, hayvonlarning nomini aytishni boshlaydi.

O`n birinchi oy. O`n bir oylik bo`lganda bola keyinchalik faqat takomillashadigan barcha ko`nikmalarga ega bo`ladi. Faol harakat qiladi, mustaqil yuradi, qoshiq bilan eydi, oyoq kiyimlarini o`zi kiyishga intiladi, ota-onasining so`z ohangini ajrata oladi.

O`n ikkinchi oy. Bir yoshga etganda bolaning xatti-harakatlarida mustaqillik sezilibgina qolmay, u yaqinlariga nisbatan «g`amxo`rlik» qila boshlaydi. Fe'l-atvori namoyon bo`ladi, ovqat tanlaydi, qattiq taomlarni chaynaydi, piyoladan ichadi. So`z lug`ati 10-15 ta so`zdan iborat bo`ladi.

Shuni ta'kidlash kerak-ki, nasl-nasab  ya'ni gen ham ko`p narsani bildiradi. Ba'zi bolalarda sanab o`tgan harakatlar biroz erta yoki kech bo`lishi mumkin. Shunda ota-onangiz siz haqingizda aytganlarni eslang. «Olmaning tagiga olma tushadi» deydi xalqimiz. Bu sinalgan haqiqat.

 

To Top ↑
To Top ↑