O`yin kichkintoyingizning umumiy rivojlanishi, o`rganishi va sog`ligini ta'minlash uchun muhimdir. O`yin haqida gap ketganda, farzandingizning qiziqishlarini inobatga oling. Eng muhimi - u bilan o`zaro munosabat. Kichkintoylar bilan o`ynash uchun g`oyalar: "ku-ku" o`yini, shovqin solish yoki qo`shiq va bolalar she'rlarini aytish, o`qish va muloqot.
Kichkintoylar bilan o`yinlar: nima uchun bu muhim?
O`yinlar kichkintoyingizning umumiy rivojlanishi, ta'lim olishi va sog`ligi uchun muhimdir.
O`yin orqali kichkintoyingiz tadqiq qilish va hamma narsa qanday tuzilganini tushunish davomida atrof olamni o`rganadi. Masalan, u shaqildoqni silkitganida, harakatlari natijasida nimadir sodir bo`layotganini tushunadi.
Farzandingizni harakatlanishga undaydigan faol o`yinlar uning mushaklarini mustahkamlaydi hamda yirik va mayda motorikasini rivojlantiradi. Bir-biriga qarash, gaplashish, qo`shiq aytish va o`qish asosida o`ynaladigan o`yinlar esa farzandingizga hissiyot, nutq va muloqot nimaligini tushuntirish uchun ajoyib vositadir.
Kichkintoy bilan o`ynashdan maqsad ham oddiy - u siz uchun qanchalik muhimligini ko`rsatish. O`yin kichkintoyingiz bilan aloqangizni mustahkamlaydi. Mustahkam aloqalar esa bola rivojlanishida katta ahamiyatga ega, chunki ular farzandingizda yangi narsalar kashf etish va o`rganishi uchun ishonch uyg`otadi.
Bolalar o`yinlaridan nima kutish mumkin?
Bolalarga odamlar bilan o`ynash, ularning yuzlariga teginish va ovozlarini eshitish yoqadi.
Kichkintoylar qo`l va oyoqalarini qimirlatishni yaxshi ko`radi va ular hamma narsaga o`yinchoqlar, uy hayvonlari va aka-opalariga intiladi! Kichkintoy ulg`aygani sari o`yinlar ham faollashib boradi. U tortmalarni ochishi, narsa-buyumlarni erga otishi va uchragan tugmachalarni bosishni boshlashi mumkin.
Ba'zida bolangiz o`yinda boshqaruvchi bo`lishni va uning harakatlarini qaytarishingizni xohlab qoladi. Keyingi safar esa nimanidir mustaqil ravishda bajarishni istashi mumkin. Uning o`yinda boshqaruvchi bo`lishini qo`llab-quvvatlang, lekin o`yin xavfli tus olishi va bolaning jarohat olishi ehtimoli bo`lsa, nazorat qilib turishingiz kerak.
Farzandingiz xavfni tushunmaydi, shu bois xavfli narsalar ham unga zavqli tuyulishi mumkin. Harakatchan bolangiz uchun uyni xavfsizlantirish chora-tadbirlarini oldindan o`ylab qo`ying.
Kichkintoylar uchun o`yin g`oyalari va o`yinlar
Kichkintoyingiz uchun eng zo`r o`yinchoq - sizning o`zingiz, eng zo`r o`yin esa siz bilan o`ynaladigan o`yindir. Bu bolalar o`yinlarining sodda ekanligini ko`rsatadi.
Siz va kichkintoyingiz uchun bir nechta yaxshi g`oyalar:
- "Jig`iga tegish" o`yinini o`ynang, tilingizni chiqaring, qiliq qiling yoki "ku-ku" o`yinini o`ynang. Bolajonlarga odamlarning yuzlari yoqadi, shu sababli bunday o`yinlar ular uchun qiziqarliroq;
- birgalikda shovqin soling. Turli qo`shiqlarni - baland ovozli va sokinlarini, tez va sekinlarini kuylang. Idish-tovoq va tovalarni daranglatishingiz, shaqildoq yoki qo`ng`iroqlarni silkitishingiz mumkin;
- kichkintoyingiz bemalol harakatlanishi va o`ynashi uchun uyingizda xavfsiz joy yarating. Bu unga o`tirish, emaklash, cho`zilish, tayanch yordamida yurish kabi ko`nikmalar ustida ishlash imkonini beradi;
- teginib ko`rishi uchun bolaga turli buyumlarni bering silliq po`stli olma, yirik o`yin kubiklari yoki muz bo`lagi. Shuningdek, kichkintoyga yuzingizning turli qismlariga teginish va sizning ham uning yuziga tegishingiz yoqadi;
- oddiy bolalar she'rlarini ayting, masalan "Qo`g`irchog`im Natasha". Kichkintoyga ona tilingizda madaniyatingizga oid bolalar she'rlari va an'anaviy qo`shiqlarni tinglash yoqishi mumkin;
- farzandingiz bilan "gaplashing". Gapiring yoki boshqa tovushlarni talaffuz qiling va uning javobini kuting, ehtimol, uning sizga aytmoqchi bo`lgan narsalari ko`pligidan hayron qolarsiz!
- Bolajoningizga mutolaa qilib bering. Birgalikda kitob o`qish - kichkintoyingiz bilan birga o`tkazadigan o`zgacha vaqt bo`lishi mumkin, hattoki u bitta ertakni qayta va qayta o`qib berishingizni xohlasa ham. Farzandingiz bitta ertakni qayta-qayta tinglash orqali o`z ona tili to`g`risida bilib oladi.
O`yin bu - zavq olish demakdir. Kichkintoyingiz o`yinni davom ettirmoqchi yoki charchaganini va dam olmoqchi ekanini o`zi sizga bildiradi.