Go`dak bir yoshga to`lgunga qadar kunlab emas, soatlab ham jismonan, ham ruhan o`sib boradi. Onalar asosan uning tanasi, og`irligi, ko`krak qafasi, qorni va boshqa a'zolarining o`sishiga muntazam e'tibor berishi lozim. Modomiki, o`sish jarayonida biror o`zgarish sezilsa, bolalar shifokoriga murojaat qilish kerak.
Bolaning o`rtacha jismoniy holati
Tana og`irligi. Bu ovqatlanish tartibiga bog`liq. Vaqti-soati etib tug`ilgan sog`lom o`g`il bolalar 3500-3700 gr, qiz bolalar esa 3200-3400 gr og`irlikda tug`iladi. Tana og`irligining ortib borishini kuzatish uchun bolani har oyda bir marta o`lchatib turish kerak.
O`rtacha holatda go`dakning og`irligi 4-4,5 oyda ikki barobar oshib boradi. Hayotining birinchi yarim yilligida esa vazni oyiga 800 grammdan ko`payadi. Ikkinchi yarim yillikka kelib bu ko`rsatkich ikki barobar kamayadi.
Bo`y uzunligi. Yangi tug`ilgan o`g`il bolalarning buyi 50-52 santimetrni, qizaloqlarniki esa 48- 50 santimetrni tashkil qiladi. Go`dakning bo`yini qanday o`lchash mumkin? Poliklinikalarda maxsus bo`y o`lchagich asboblar mavjud, uy sharoitida esa tikish-bichishda ishlatiladigan santimetr asqotishi mumkin.
Bosh aylanasi. Bu muhim ko`rsatkich. Boshning tishi tez o`sib ketishi yoki o`smay qolishi juda xavfli. Agar gudakning bosh aylanasi o`lchami yoshiga mos kelmasa, jiddiy qayg`urish, shifokorga murojaat qilish kerak. Boshini to`g`ri o`lchash uchun santimetrli lentani qattiq o`rab, ensasi uzra qoshi ustiga olib kelinadi. Tug`ilganida bosh aylanasi 33-37,5 santimetrni ko`rsatsa, ko`krak qafasiga nisbatan 1-2 santimetr o`sib ketmasligi lozim. Birinchi 3-5 oylikda bu ko`rsatkich o`rtacha 1,5-2 santimetrni, keyinchalik 0,5-0,7 santimetrni tashkil etadi.
Ko`krak qafasi aylanasi. To`qimalar tuzilishi, teri osti hujayralarining rivojlanishi tug`ilganda 32-34 santimetrni tashkil etadi, bu bosh aylanasidan 1,5-2 santimetr kamroq bo`lishi kerak. To`rt oygacha ko`rsatkichlar tenglashadi, keyin esa ko`krak qafasi boshga nisbatan keskin o`sa boshlaydi.