Bolalaringiz sog`lom tug`ilishi va shu bilan birga siz ham o`zingizni yaxshi his qilishingiz uchun asosiy ikki qoidaga buysunishingizga to`g`ri keladi. Birinchidan, ota-onaning yoshi katta ahamiyatga ega. Ilk tug`ruq uchun eng qulayi 19 dan 25 yoshgacha, oxirgisi esa 35 yosh. Otaning yoshi esa 40 dan oshmagani ma'qul. Sababi shundaki, inson yoshi ulg`aygani sari qandaydir yashirin surunkali kasalliklar orttirib olgan bo`lishi ehtimoli bor.
Keyingi tug`ruqlarning orasi esa birinchisi bilan yaqin bo`lmasligi kerak. Chunki ayol organizmi tug`ruqdan keyin kamida ikki yarim, uch yil davomida o`zini tiklab oladi. Bu vaqt davomida onaning o`zini tutib olishi nafaqat uning o`zi uchun, balki keyingi tug`ilajak farzandining sog`lig`ini ta'- minlash uchun ham muhimdir. Hozirgi kunda juda ko`pchilik ayollarda uchrayotgan animiya, ya'ni kamqonlikning sabablaridan biri ham aynan tug`ruqlar orasining yaqinligidir. «Yoshligimda tez-tez tug`ib olsam, birdaniga ishton yuvishdan qutulaman», deguvchilar ham topilishi mumkin. Va qarabsizki, tug`ilgan bola miyasi gemoglobin pastligi tufayli kislorod etishmasligidan qiynaladi.
Shuning uchun hurmatli onajonlar, homilador bulishdan oldin umr yo`ldoshingiz bilan maslahatlashib, tug`ishni rejalashtirib olganingiz ma'quldir... Shundagina sizda ham ruhan, ham jismonan sog`lom farzandning sog`lom onasi bo`lishga imkoniyat tug`iladi.