Ota-onani (va qilgan ishlarini) ideallashtirish, aslida bolalik davridagi himoya mexanizmidir. Chindan ham bola ota-onasini mukammal deb bilishga ehtiyoji bor. Bola ijtimoiylashishi, o`zini xavfsiz his qilishi va yo`lboshchisining yulini kuzatishi uchun ota-onaning mukammal ekanini bilishga va shunga ishonishga ehtiyoj sezadi. Shu jumladan, ularning mukammalligiga ziyon beradigan barcha omillar bilan kurashadi va ularni o`zgartiradi. Masalan, ota bolasini urayotgan bo`lsa, otaning bu qilmishi xato bo`lsa ham bola xatoni o`ziga yo`naltiradi va: «Men xato qildim, uning jahlini chiqardim», deydi. Agar ota-ona ajrashayotgan bo`lsa, ajralish sababi bola emas, o`zlarining kelisholmasligi bo`lsa ham bola bu paytda: «Meni deb ajrashishyapti, to`polon qilmaganimda, janjallashishmasdi», deb o`ylaydi. Barcha xatoni o`ziga yuklaydi. Shu tarzda ota-onasini ideallashtirishda davom etadi. Biroq bola katta bo`lgani sayin ota-onasining mukammal emasligini sezadi. Qarasaki, ular ham xatolari, nozik tomonlari mavjud oddiy inson. «Supermen» deb o`ylaydigan otasining hech qanday «super» kuchi yo`q, yulduzlarga qo`l tekkiza oladi deb o`ylaydigan onasi farzandining qalbiga ham teginolmagan ekan. Qolaversa, ong osti «Qara, shu eringda yarang bor. Qara, bu eringga ota-onang shu iztirobli tugunni tashlab ketdi», deb bolani bezovta qilishni boshlaydi. Barchasini anglay boshlashi va bezovtalanishi ichki ziddiyatni keltirib chiqaradi. Bu ichki ziddiyat bizni asabiylashtiradi, bo`g`adi, yuragimizni siqib, halovatimizni buzadi. Keyin nimadir qilishimiz kerak bo`ladi. Eng sog`lom yo`l - bolalikdagi tasavvurimiz bilan yuzlashish, ota-onamizni ideallashtirishdan xalos bo`lish va ularni qanday bo`lsa, shundayligicha ko`ra oladigan chin idrokka erishishdir. Ammo buning o`ziga yarasha badali bor. Bu badallarni to`lashdan ko`ra, bizga ota-onamizni ideallashtirishda davom etish qulayroqdir.
Insonning bolalik davridagi voqea-hodisalar ustida ishlashdan qochish sabablaridan biri «behudaga ekan» hissining o`ta og`ir ekanidir. Agar biz muolaja xonasida bolalikda yuz bergan hodisalarni, dunyoqarashimizni va fikrlash tarzimizni qanchalar noto`g`ri ekanini ko`rsak, ishongan hamma narsamizni vayron qilib, yangitdan barpo qilish jarayoniga kirishishimiz kerak bo`ladi. Bu sira oson ish emas.
Binobarin, bizda bolalikdan tanish bo`lgan ideallashtirish mexanizmimiz qaytadan faollashadi. Ota-onamizning noto`g`ri muomalasini bugun tasdiqlab: «Aslida, ular to`g`ri qilishgan», deyishni boshlaymiz. «Pedagogika va hokazo deymiz, ammo biz juda odobli bola edik, hozirgi zamon bolalari juda erka. Menimcha, o`sha paytdagi onalar ishning ko`zini bilishgan». «Natijada, kaltak jannatdan chiqqan. Ota-onamiz bizni urgan bo`lsa, bizni yaxshiligimiz uchun urgan. Qo`llari dard ko`rmasin, yaxshiyam shunday qilishgan ekan».
«Onam juda ozoda ayol edi. Uydagi narsalarga umuman qo`l tekkizdirmasdi. Uyimiz har doim top-toza va tartibli turardi. Mashaalloh, to`rtta farzand bilan uyni saranjom tutish juda qiyin. Koshki, unga o`xshasam...»
«Dadam, aslida, bizni yaxshi ko`radi, ammo bildirmaydi. Nima ham qilsin, bobomdan ham mehr ko`rmagan...»
«Oyim va dadam faqat biz uchun ishlashdi. Shunaqangi ko`p ishlashganidan, ularni deyarli ko`rmasdik. Faqat biz uchun elib-yugurishdi, Alloh rozi bulsin ulardan».
Bu gaplarning barchasi ota-onani ideallashtirish zarurati sifatida ro`paramizga chiqadi. Agar ushbu gaplarga tutinadigan bo`lsak, ular shifo yulimizdagi to`siqqa aylanadi. Zero, o`tmishdagi yaralarni davolashning birinchi sharti - yaralarning qayerdaligini ko`rish va qabul qilishdir. Shifo topish jarayoni, ota-onamiz xato qilishi mumkin bo`lgan (va xato qilgan) inson ekanini qabul qilganimizdagina boshlanadi.
"Men bolamni urmayman" kitobidan